To‘rt baravar ko‘p! O‘rozovning xorij klubidagi maoshi ma’lum bo‘ldi
Rossiya Premier-ligasida ishtirok etayotgan «Rubin» klubi mudofaa chizig‘ini O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Jahongir O‘rozov yordamida kuchaytiradigan bo‘ldi.
Manbalar ma’lumotiga ko‘ra, Samarqandning «Dinamo» jamoasi va O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida to‘p surib kelayotgan 22 yoshli himoyachi Qozonning «Rubin» klubi bilan shartnoma imzolash arafasida tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Tomonlar o‘rtasidagi bitimning barcha shartlari kelishib olingani ta’kidlanmoqda.
O‘rozovning «Rubin» safiga o‘tishi yaqin vaqt ichida rasmiy e’lon qilinishi kutilmoqda. Futbolchi allaqachon ispaniyalik bosh murabbiy Frank Artiga boshqaruvidagi jamoa bilan birga mashg‘ulotlarga kirishgan.
Avvalroq ommaviy axborot vositalarida «Rubin» 22 yoshli futbolchini 100 ming yevro evaziga ijaraga olishi, shartnomada esa uni 700 ming yevroga to‘liq sotib olish imkoniyati ko‘zda tutilgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi.
Bu ma’lumotlarni Samarqandning «Dinamo» klubi, xususan, jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov ham, «Rubin» ustozi Frank Artiga ham tasdiqlagan.
Jahongir O‘rozov uchun bu transfer moliyaviy jihatdan ham jiddiy qadam hisoblanadi. Rossiya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, hozircha uning yillik maoshi taxminan 96 ming dollar atrofida. «Rubin»da esa O‘rozov bir mavsum uchun 450 ming yevro ish haqi olishi kutilmoqda.
Natijada, himoyachining daromadi avvalgi maoshiga nisbatan to‘rt baravardan ko‘proq oshadi.
Jahongir O‘rozov aslida futbol sirlarini Toshkentning «Bunyodkor» klubi tizimida o‘zlashtirgan. Asosiy jamoa safida debutini 2022 yilda o‘tkazgan. 2023 yilda u Turkiyaning «Eyupspor» klubiga yo‘l oldi, shundan so‘ng Samarqandning «Dinamo» klubi tomonidan ijaraga olindi. 2025 yil fevral oyida «Dinamo» uning to‘liq transferiga ega chiqdi.
Yoshlar darajasida O‘rozov 2023 yilda U-20 Osiyo kubogi g‘olibi bo‘lgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi tarkibida maydonga tushgan. O‘sha yili u yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham ishtirok etib, turnirda to‘rtta o‘yin o‘tkazgan.
2026 yil bahorida himoyachi kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston terma jamoasida debut qildi. Ilk uchrashuvidayoq, ya’ni Gabonga qarshi bellashuvda gol urib, jamoaga 3:1 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritishda yordam berdi.
Yozda O‘rozov O‘zbekiston tarixidagi ilk jahon chempionati uchun terma jamoaning yakuniy ro‘yxatiga kiritildi. U guruh bosqichidagi ikki uchrashuvda maydonga tushib, jami 93 daqiqa o‘ynadi: Kolumbiyaga qarshi bahsda zahiradan maydonga tushdi, Kongo bilan o‘yinda esa asosiy tarkibda harakat qildi.

Fikrlar