"To‘g‘risi, O‘zbekistondan takliflar yo‘q edi". Yana bir futbolchimiz Indoneziyada

  • 21 sentabr, 2023, 14:43
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Oxirgi paytlarda Indoneziya chempionatida o‘zbekistonlik futbolchilar soni asta-sekin ortib borayotgani ko‘zga tashlanyapti. Yaqinda u erda yana bir legionerimiz paydo bo‘ldi. Bu iqtidorli himoyachi Murod To‘ychiboev bo‘lib, Indoneziya Liga 2 chempionatida “PSKS Chimaxi” jamoasi a’zosiga aylandi.

Ta’kidlash joizki, To‘ychiboev bunga qadar faoliyatini Qirg‘iziston chempionatida davom ettirib kelayotgandi. U Indoneziyaga ko‘chib o‘tish sabablari haqida gapirdi.  

“Ha, Qirg‘iziston klubida bir yarim yil to‘p surdim. Bu borada Qirg‘iz klubiga rahmat aytaman. Bu yil yozgi transfer oynasida klubni o‘zgartirish niyatim bor edi. Ammo qaysi davlat va qaysi klubdan ekanligi aniq emasdi. Oxir-oqibat Indoneziya jamoasidan taklif tushdi va taqdirimga ushbu klubda to‘p surishlik yozilgan ekan. Yangi jamoa bilan 6 oylik shartnomaga imzo chekdim”, - deya ushbu masalada to‘xtalib o‘tdi, To‘ychiboev.

tuychiboev

Murod To‘ychiboev o‘z iqtidori bilan yanada saviyaliroq chempionatlarda to‘p surishga qodir, balki Indoneziya bunga mos tushar. Ya’ni, u Qirg‘izistonda o‘ynash orqali qanchalik o‘sishga erisha oldi? To‘ychiboev uchun bu ortga tashlangan qadam emasmidi? Legionerimiz ushbu masala borasida shunday dedi:

“Ha, boya aytganimdek, men bundan avval Qirg‘izistonning “Alay” jamoasida o‘ynadim. Men uchun “Alay” klubida yaxshi paytlar va yaxshi mavsumlar o‘tkazdim. Hamma narsa futbolchining o‘ziga bog‘liq, deb o‘ylayman. O‘z ustida yaxshi ishlasa bu futboldagi kelajagiga ta’sir qilmaydi va men uchun Qirg‘iziston chempionati orqaga tashlangan qadam bo‘lmagan”.

Murodga yurtimizdan takliflar bormidi yoki faqat Indoneziyadan chorlov uning uchun yagonamidi? Bu savolga hamyurtimizning javobi quyidagicha bo‘ldi:

“To‘g‘risini aytganda, O‘zbkistondan taklif yo‘q edi. Faqatgina 1-2 takliflar bor edi va bularning barchasi xorijdan edi. Indoneziyada to‘p tepish oldindan rejamda bo‘lgan va oxir-oqibat bu amalga oshdi”.

murod

Indoneziya To‘ychiboev uchun yangi mamlakat, yangi muhit va albatta yangi chaqiruvdir. Xo‘sh, u erda futbolchimiz uchun yaratilgan sharoitlar qanday?

“Indoneziyada o‘zimni yaxshi va xotirjam his qilyapman. Hammasi joyida. Klub meni yaxshi uy-joy va mashg‘ulotlarga borib kelishim uchun mashina bilan ta’minladi. Barcha sharoitlari joyida”, - deydi Murod.

Uning yangi klubi biz uchun notanish. Shu boisdan To‘ychiboevdan bu borada ma’lumot berishini ham so‘radik. Aytaylik, maqsadi qanaqa? Qanday legionerlari bor...

“Klubning maqsadi o‘z chempionatida yuqori o‘rinlarni egallash. Jamoada ikki nafar xorijlik futbolchilar - men va Finlyandiyadan kelgan hujumchi bor. Biz ikkalamiz yaxshi til topishib ketdik. Jamoadagi hamma bilan tezda chiqishib ketdim. Asosan bu erda yosh o‘yinchilar. Murabbiy esa mahalliy. Ular bilan munosabatlarimiz a’lo darajada, ko‘z tegmasin. Men klubda 97-raqamni tanladim. Bu raqam shunchaki menga yoqadi”, - deya fikr bildirdi, Murod To‘ychiboev.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!