Tokio-2020. Bahodir Jalolovdan ishonchli g‘alaba va boshqa natijalar
Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining to‘qqizinchi kunida 5 nafar hamyurtimiz ishtirokidagi bahslar guvohiga aylandik.
Quyida ushbu sportchilarimiz bilan tanishib olishingiz mumkin:
1.Darya Reznichenko (engil atletika, ayollar, uzunlikka sakrash, saralash "B" guruhi)
2.Bahodir Jalolov (boks, erkaklar, +91 kg)
3.Mo‘minjon Abdullaev (yunon rum kurashi, erkaklar, -130 kg)
4.Elmurat Tasmurodov (yunon rum kurashi, erkaklar, -60 kg)
5.Kumushxon Fayzullaeva (og‘ir atletika, ayollar, -76 kg)
Engil atletika: Ayolar o‘rtasida uzunlikka sakrash bo‘yicha "B" guruh saralash bahslarida hamyurtimiz Darya Reznichenko birinchi urinishda 5.92 natija qayd etdi. Ikkinchi urinishda vakilamiz 5.94 natijaga erishdi. Reznichenko so‘nggi urinishda 6.19 natija ko‘rsatdi. Shu tariqa, Darya saralash bosqichida 15 ishtirokchi ichida 13-o‘rinni egallab, o‘z yurishini to‘xtatdi. Guruhda birinchi o‘rinni egallagan serbiyalik sportchi 7 metr natija qayd etdi.

Yunon rum kurashi. -60 kg vaznda vakilimiz Elmurat Tasmuradov gilamga chiqdi. Elmuratga ukrainalik sportchi Lenur Temirov qarshilik ko‘rsatdi. Bellashuvda hamyurtimiz raqibiga 0:5 hisobida imkoniyatni boy berdi. Endi Temirov finalga etib borgan taqdirda Tasmuradov bronza medali uchun kurashish imkoniyatini saqlab qolgandi. Biroq uning raqibi finalga chiqa olmagach, bronza uchun kurashmaydigan bo‘ldi.

-130 kg vazndagi Mo‘minjon Abdullaev estoniyalik Artur Vititinga qarshi bahs olib bordi. Abdullaev bellashuvda raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmay 8:0 hisobida g‘alaba qozonib, chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Mo‘minjon Abdullaev yarim final yo‘llanmasi uchun chililik Yasmani Fernandes bilan kurashdi. Ammo Mo‘minjon 0:2 hisobida raqibidan engildi. Ammo unda ham bronza medali uchun imkoniyat saqlanib qolgandi. Agarda uning raqibi finalga qadar etib borganda. Biroq Mo‘minjon bilan bellashgan sportchi buni uddalay olmadi.

Boks: Bahodir Jalolov chorak finalda hindistonlik Satish Kumarga qarshi ringga ko‘tarildi. Birinchi raundni Jalolov o‘z foydasiga hal etdi. Ikkinchi raundni ham barcha hakamlar Jalolovning ustunligini qayd qilishdi. Bokschimiz hindistonlik raqibini 5:0 hisobida taslim etib, keyingi bosqichga chiqdi. Boksdagi ilk medal naqd. Chunki boks bellashuvlarida yarim finalda imkoniyatni boy bergan sportchi bronza medali bilan taqdirlanadi. Bahodirdan oltin medal kutib qolamiz. Endi Jalolov 4 avgust kuni final yo‘llanmasi uchun buyuk britaniyalik Freyzer Klarkka qarshi ringga ko‘tariladi.

Og‘ir atletika: -76 kg vazn toifasida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Kumushxon Fayzullaeva dast ko‘tarishning ilk urinishida 97 kg toshni bo‘ysundirdi. Ikkinchi urinishda vakilamiz 101 kg toshni ko‘tara olmadi. So‘nggi urinishida Kumushxon 101 kg toshni bo‘ysindirdi.
Kumushxon Fayzullaeva siltab ko‘tarishning dastlabki urinishida 122 kg toshni bo‘ysundirdi. Ikinchi urinishda 126 kg toshni ko‘tardi. Kumushxon Fayzullaeva siltab ko‘tarishning oxirgi urinishida 130 kg toshni ko‘tara olmadi. Shu tariqa, Kumushxon "A" guruhida 7-o‘rinni egalladi.

Fikrlar