
Tokio-2020. O‘zbekistonlik sportchilar uchun bugungi kun qanday o‘tdi?
O‘zbekiston delegatsiyasi uchun Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining uchinchi kunida 7 nafar hamyurtimiz ishtirokidagi bahslar guvohiga aylandik.
1.Zaynab Dayibekova (qilichbozlik, ayollar)
2.Shahobiddin Zoirov (boks, erkaklar 48-52 kg)
3.Nigora Tursunkulova (taekvondo, ayollar -67 kg)
4.Hikmatulloh To‘raev (dzyudo, erkaklar -73 kg)
5.Nikita Rafalovich (taekvondo, erkaklar -80 kg)
6.Fanat Qahramonov (boks, erkaklar 69-75 kg)
7.Muattar Nabieva (og‘ir atletika, ayollar 55 kg)
Qilichbozlik. Vakillarimiz orasida qilichbozimiz Zaynab Dayibekova birinchi bo‘lib startga chiqdi. Sablya yo‘nalishida kechgan jangda u mezbonlarning asosiy vakilalaridan biri Aoki Chikaga qarshi bahs olib bordi. Murosasiz o‘tgan bellashuv Dayibekovaning 15:9 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Yurtdoshimiz keyingi bosqichda xitoylik Yatsi Shaoni 15:10 hisobida mag‘lub etdi. Keyingi bosqichda hamyurtimiz Janubiy Koreya vakili Kor Yun Jisuga qarshi bahs yuritdi. Zaynab Dayibekova raqibini 15:12 hisobida mag‘lub etdi.
Hamyurtimiz navbatdagi bosqichda vengriyalik Anna Martonga 11:15 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shu tariqa, u ham yurishini to‘xtatdi va o‘zining ilk Olimpiadasida kuchli sakkizlikdan o‘rin oldi.
Boks. -52 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Shahobiddin Zoirov turkiyalik Batuhanga qarshi ringga ko‘tarildi. Bokschimiz ushbu jangda 5:0 hisobida zafar quchib, keyingi bosqichga chiqdi. Vakilimiz keyingi davrada Kabo-Verde vakili David De Pina bilan bellashadi.
-75 kg vazn toifasidagi Fanat Qahramonov gruziyalik Georgiy Xarabadzega qarshi ringga ko‘tarildi. Birinchi raundni vakilimiz to‘liq o‘z foydasiga hal etgandi. Lekin gruziyalik bokschi jarohat sabab jangni davom ettira olmadi. Bahs mudatidan avval yakunlandi. Fanat Qahramonov keyingi bosqichda qozog‘istonlik Abilxan Amankulga qarshi ringga chiqadi.
Taekvando. Nigora Tursunqulova xitoylik Jang Meng Yu bilan kurashdi. Bellashuvda Tursunqulova 11:9 hisobida mag‘lubiyatga uchradi va birinchi urinishdayoq o‘z yurishini to‘xtatdi.
Nikita Rafalovich ilk bosqichda dominikanlik Moises Ernandes bilan kuch sinashdi. Qizg‘in kechgan bahsda Nikita 17:7 hisobida raqibidan ustun keldi. U chorak finalda ozarbayjonlik Milad Begiga qarshi dayanga chiqdi. Rafalovich ikki karra jahon chempioni bilan bellashuvda 12:1 hisobida zafar quchdi.
Nikita Rafalovich Olimpiada finaliga chiqish uchun iordaniyalik Salex Elsharabatiga qarshi bahs yuritdi. Yarim finalning asosiy vaqtida hisob 11:11 natijasida yakunlangandi. Qo‘shimcha vaqtda ("Golden Point") esa u zarba o‘tkazib yubordi va imkoniyatni boy berdi - 11:13. Rafalovich bronza medali uchun kurashda xorvatiyalik Toni Kanaetga qarshi dayanga chiqdi. Unda yurtdoshimiz raqibiga 18:24 hisobida mag‘lub bo‘ldi va medaldan quruq qoldi.
Dzyudo. -73 kg vaznda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Hikmatulloh To‘raev ilk davrada germaniyalik Igor Vantdekeni mag‘lubiyatga uchratdi. To‘raev keyingi bosqichda "Golden Score"da janubiy koreyalik An Changrimga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Og‘ir atletika. Muattar Nabieva dast ko‘tarishning ilk urinishida 95 kgni bo‘y sundirdi. Ikkinchi urinish uchun 98 kg toshga buyurtma berdi. Hamyurtimiz 98 kg toshni ko‘tara olmadi. Ammo u uchinchi o‘rinishda 98 kg toshni ko‘tardi va Olimpiada rekordini o‘rnatdi. Avvalgi rekord 97 kgni tashkil qilgandi. Muattar siltab ko‘tarish mashqlarini 114 kg. natija bilan yakunladi. Shu tariqa, Nabieva 212 kg. natija bilan Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini 4-o‘rinda yakunladi. U ham bronza medaliga yaqin kelgandi.
Fikrlar