Tokio-2020. Yana bir medal qo‘lga kiritildi yoxud o‘zbekistonlik sportchilar bugun qayd etgan natijalar
Medallarimiz soni bittaga ko‘paydi
O‘zbekiston sport delegatsiyasi uchun Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining beshinchi kunida 4 nafar hamyurtimiz ishtirokidagi bahslar guvohiga aylandik.
Quyida Olimpiadaning 5-kunida ishtirok etgan sportchilarimiz bilan tanishing:
- Gulnoza Matniyazova (dzyudo, ayollar -70 kg)
- Davlat Bobonov (dzyudo, erkaklar -90 kg)
- Mirazizbek Mirzaxalilov (boks, erkaklar 52-57 kg)
- Dilshod Ro‘zmetov (boks, erkaklar 75-81 kg)
Dzyudo. Ayollar o‘rtasida -70 kg vazn toifasida hamyurtimiz Gulnoza Matniyozova ruminiyalik Demos Memnelumni mag‘lubiyatga uchratdi va keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Gulnoza 1/8 finalda niderlandiyalik Sanne van Deykega qarshi tatamiga chiqdi. Afsuski, Matniyozova ippon evaziga imkoniyatni boy berdi va musobaqa bilan xayrlashdi.

Erkaklar o‘rtasida -90 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini Davlat Bobonov himoya qildi. Hamyurtimiz 1/16 final bosqichida italiyalik Nikolas Mungayga qarshi bahs olib bordi va vazari hisobiga g‘alaba qozondi.
Davlat Bobonov 1/8 finalda ukrainalik Kedjo Nabalini ippon bahosi evaziga taslim etdi. Bobonov 1/4 finalda gruziyalik ikki karra jahon chempioni Lasha Bekauri bilan bellashdi va yutqazib qo‘ydi.
Ammo Bobonov bronza medali uchun o‘tish bahsida ishtirok etdi. Vakilimiz ispaniyalik Nikoloz Sherazadishviliga qarshi kurash olib bordi. Aytish kerakki, Bobonovning bu galgi raqibi ham ikki karra jahon chempioni hisoblanardi. Hamyurtimiz “Golden Score”ning oltinchi daqiqasida g‘alabaga erishdi. Bu uning bronza uchun kurashishini ta’minladi. Bitta g‘alaba va delegatsiyamiz hisobiga yana bir medal taqdim etilishi kerak edi. Bu yo‘lda unga turkiyalik Mixael Jgank raqiblik qildi. Davlat Bobonov turkiyalik raqibini ippon bahosi bilan mag‘lubiyatga uchratdi va bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Boks. Erkaklar. 52-57 kg vazn toifasida hamyurtimiz Mirazizbek Mirzahalilov irlandiyalik Kurt Uokerga qarshi jang qildi. Bir qarashda yaxshi raundlarni o‘tkazgan hamyurtimiz hakamlar qaroriga qo‘ra imkoniyatni boy berdi va Olimpiadani tark etdi.

Erkaklar o‘rtasida -81 kg vazn toifasida Dilshod Ro‘zmetov va ozarbayjonlik Loren Alfonso Dominges o‘rtasidagi jang bo‘lib o‘tdi. Afsuski, ushbu vazn toifasida ringga ko‘tarilgan hamyurtimiz Ro‘zmetov Ozarbayjon vakiliga mag‘lub bo‘ldi.

Shu tariqa, bugungi musobaqalarda qatnashgan 4 nafar hamyurtlarimizdan faqatgina Davlat Bobonov bronza medalini qo‘lga kiritdi. Qolganlar esa o‘z yurishini yakunladi.


Izohlar (0)