Toshkent shahri klublarisiz final yoxud poytaxtliklarning juda uzoq muddatli seriyasiga nuqta qo‘yildi
Kecha O‘zbekiston kubogi chorak final doirasidagi barcha uchrashuvlar yakuniga etdi. Yarim final yo‘llanmasiga “Navbahor”, “Nasaf”, AGMK va “So‘g‘diyona” ega chiqdi.
E’tiborli tomoni shundaki, bu mavsum O‘zbekiston kubogi yarim finaliga birorta ham Toshkent shahri jamoalari chiqa olmadi. Oxirgi 22 yildan beri poytaxtning 3 klubi “Paxtakor”, “Lokomotiv” va “Bunyodkor” navbatma-navbat kubok finalida o‘ynab kelayotgan edi. Biroq bu mavsum Toshkentning barcha jamoasi chorak final bosqichining o‘zida to‘xtatildi. Bunday natija oxirgi marta 1999 yilda yuz bergan va o‘shanda Toshkent viloyatining “Do‘stlik” va “Dinamo” Samarqand jamoalari kubok uchun kurash olib borgan. 2000 yildan boshlab esa har mavsum poytaxtning qaysidir klubi finalda o‘ynagan. Bu yil esa mazkur seriyaga nuqta qo‘yildi.
Ma’lumot o‘rnida, chorak finalda “Paxtakor” “Navbahor” tomonidan musobaqadan chiqarib yuborilgan bo‘lsa, “Lokomotiv” “Nasaf” qarshiligini sindira olmadi. Toshkent shahrining qolgan ikki klubi – “Bunyodkor” va “Olimpik” esa nimchorak finalda yurishini to‘xtatgan edi.
Fikrlar