Toshkent shahrida Butunjahon taekvondo federatsiyasining Bosh Assambleyasi o‘tkazildi

Toshkent shahrida Butunjahon taekvondo federatsiyasining (Wоrld Taekwondo) Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilish qismida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov ishtirok etib, taekvondo mamlakatimizda ustuvor sport turlaridan biri sifatida jadal rivojlanayotganini ta’kidladi.

Bosh Assambleyasida sportni boshqarish, qoidalarni takomillashtirish va xalqaro musobaqalarni rivojlantirishga qaratilgan qator muhim qarorlar qabul qilindi. Yig‘ilish davomida tashkilotning nizomi, musobaqa qoidalari va ularning talqini, halollik (etika) kodeksi, intizomiy choralar va apellyatsiya tartiblariga oid hujjatlarga o‘zgartishlar kiritilib, tasdiqlandi. Mazkur yangilanishlar taekvondoning nafaqat sport jihatidan, balki huquqiy va institutsional asoslarini ham mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Ushbu qarorlar tashkilot faoliyatida shaffoflik va hisobdorlikni kuchaytirish, nizolarni hal etish mexanizmlarini takomillashtirish hamda intizomiy nazorat tizimini yanada samarali qilishga xizmat qiladi. Xususan, amaldagi intizomiy kodeksga muvofiq, tashkilot qoidalar buzilishini tekshirish, tergovchilar tayinlash va zarur ma’lumotlarni talab qilish vakolatiga ega bo‘lib, yangi o‘zgarishlar ushbu jarayonlarni yanada aniq va tizimli shaklga keltiradi.

Toshkentdagi yig‘ilishlar doirasida 2025–2026 yillar uchun operatsion va moliyaviy hisobotlar ham tasdiqlandi. Shu bilan birga, xalqaro musobaqalar taqvimiga oid qarorlar qabul qilinib, 2027 yildagi “Grand Prix Challenge” musobaqalarining bosqichlari Pune (Hindiston) va Samarqand shaharlarida o‘tkazilishi belgilandi. 2028 yildagi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati esa Lima (Peru) shahrida tashkil etiladi.

Mazkur tadbirlarda Butunjahon taekvondo federatsiyasi rahbari Chungvon Choy  poytaxtimizda o‘tadigan jahon chempionatining ahamiyatiga alohida to‘xtalib, musobaqani taekvondo rivojida burilish nuqtasi sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, chempionatning zamonaviy infratuzilmada, xalqaro standartlarga mos ravishda o‘tkazilishi alohida e’tiborga loyiq.

Eslatib o‘tamiz, XV Jahon chempionati ertaga 12 aprel kuni start oladi va 17 aprelega qadar “Olimpiya shaharchasi” Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan majmuada davom etadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!