
"Transfermarkt"dagi eng qimmat o‘zbek futbolchilari (Top 10)
Transfer olami yangiliklariga qiziqmaydigan futbol muxlisi bo‘lmasa kerak. Bugun biz sizlarga o‘zbek futbolchilarining ("Transfermarkt.de" sayti ma’lumotlari asosida) o‘z karerasi davomida eng yuqori formaga chiqqan vaqtidagi narxlarini e’lon qilamiz. Xabaringiz bor, ushbu portal futbolchilarning imkoniyatlariga qarab narxlarni o‘zgartirib boradi. Biz ushbu o‘nlikda balans bo‘lishi uchun futbolchilarning eng baland narxlarini olishga qaror qildik. Xo‘sh, "Transfermarkt.de" portali tomonidan eng baland narx qo‘yilgan o‘zbek futbolchisi kim? Bugun ushbu savolga qisqacha javob berishga urinib ko‘ramiz.
Oston O‘runov - 1.5 million evro, 2020 yil «Spartak»
Ayni damda, klubdagi ishlari biroz yurishmayotganiga qaramay, Oston bugungi ro‘yxatimizni ochib beradi. Qahramonimiz «Ufa»da o‘zini ko‘rsatgach, RPLning eng sovrindor klubi bilan shartnoma imzoladi va Moskvaga ko‘chib bordi. Hamyurtimiz Tedesko qo‘l ostida o‘yin amaliyotga kamroq ega bo‘layotgan bo‘lsa-da, bitta gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Qahramonimiz asosiy tarkibga kirishi yoki boshqa jamoaga ketishi mumkin. Uning oldida hozir kattagina tanlov turibdi. Xo‘sh, u qay yo‘ldan boradi? Ayni damda, taniqli "Transfermarkt.de" portali yarim himoyachini 1,5 million evroga baholamoqda. Umid qilamizki, Oston uchun bu shunchaki boshlanishi, xolos.
Jaloliddin Masharipov - 1.8 million evro, 2020 yil «Paxtakor»
O‘zbekiston chempionatining «marvaridi» sanalgan Jaloliddin Masharipovni o‘zbek muxlislari juda yaxshi ko‘radi. Maydonda o‘zini erkin his qiluvchi, kreativlik bobida benazir vinger sekin-asta futbolchi sifatida shakllanib bormoqda. U bilan so‘nggi yillarda Turkiya, Avstriya, Rossiya , Saudiya Arabistoni, Qatar klublari qiziqqan bo‘lsa-da, «Paxtakor» uni tarkibda ushlab turibdi. Ayni damda, milliy chempionatimizdagi eng saviyasi baland bo‘lgan futbolchi ro‘yxatimizning 9-o‘rinidan joy olmoqda. Afsuski, Masharipovning transfer summasi eng yuqori cho‘qqiga chiqib bo‘ldi. Agar tezroq xorij klublaridan biri bilan shartnoma imzolamasa, uning transfer summasi keskin kamayib ketishi mumkin. Uning xalqaro maydondagi natijalari transfer summasining keskin o‘sib ketishini ta’minlaydi. Shunday ekan, Masharipovni tezroq o‘zi istaganidek Evropa klublaridan biriga o‘tib ketishiga umid qilamiz.
Igor Sergeev - 2 million evro, 2016 yil «Beyjing Guan»
Toshkentning «Paxtakor» jamoasi hujumchisi Igor Sergeev 2016 yilda Xitoy klubi bilan shartnoma imzolagani ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilib ketgan bo‘lsa, ajab emas. Hujumchi bir muddat Chin yurtida faoliyat olib bordi, biroq bu davrlarni uning uchun omadli o‘tdi, deb bo‘lmaydi. Qahramonimiz, sermahsullikni yo‘qotib qo‘ygach, ortga qaytishga majbur bo‘ldi. E’tiborlisi shundaki, hujumchini o‘sha davrlarda "Transfermarkt.de" portali 2 million evroga baholangan. Bunday summa belgilanishi bejiz emas. Igor o‘sha davrlarda terma jamoamizning asosiy hujumchisi va milliy birinchiligimizdagi to‘purar futbolchi edi. Bugun esa, bu summa 1,5 millionni tashkil etmoqda.
Sardor Rashidov - 2 million evro, 2017 yil "Al-Jaish"
2015 yilda Avstraliya yashil maydonlarida o‘tgan qit’a birinchiligining kashfiyotiga aylangan Rashidov ham kuchli o‘nlikdan o‘rin egallamoqda. Hujumchi aynan o‘sha yili "Transfermarkt.de" nashrining e’tibor markaziga tushadi. Qisqa muddat ichida 2 million evroga qadar narxi ko‘tarilgan futbolchi 2017 yilgacha o‘z transfer summasini ushlab turishga muvaffaq bo‘ladi. Keyin esa, uning turli jamoalarda ko‘rinish berishiga guvoh bo‘ldik. Bir muddat Toshkentning «Lokomotiv» klubida ham faoliyat olib borgan qahramonimiz ayni damda klubsiz qolib ketgan. Shunday bo‘lsada, o‘zbek muxlislari uni nima uchun terma jamoadan chaqiruv olmayotgani bilan qiziqmoqda?!
Otabek Shukurov - 2 million evro, 2019 yil «Sharja»
Otabek Shukurov Evropa klublarida to‘p surishni reja qilgan edi, biroq BAA klubiga o‘tgach, undagi progress biroz sekinlashdi. Orttirilgan jarohatlar esa, uning sport formasini tiklashida muammo qildi. BAAda legionerlarga bo‘lgan talab kuchli, ammo ular boshqa davlatdan kelgan futbolchilardan juda ko‘p narsa talab qilishadi. Bugunga qadar Otabek barcha talablarni ortig‘i bilan bajarib kelmoqda. Uning tayanch zonasidagi ishonchli o‘yinlari esa terma jamoamizning yaqinlashib kelayotgan JCh saralash bahslarida qo‘l kelishidan umidvormiz. 2019 yilda bo‘lib o‘tgan qit’a birinchiligidan so‘ng, "Transfermarkt.de" portali hamyurtimizni 2 million evroga baholagan edi. Bu summa hozirga qadar eng yaxshi ko‘rsatkich bo‘lib turibdi.
Maksim Shatskix - 4 million evro, 2007 yil «Dinamo Kiev»
O‘zbek futbolchilari ichida birinchilardan bo‘lib EChLda ishtirok etgan va gol kiritgan hujumchimiz bilan faxrlanishimiz mumkin. Madridning «Real» jamoasi darvozasini ishg‘ol qilgan hujumchini o‘z vaqtida "Transfermarkt.de" 4 million evroga baholagan. Bu biroz kichik summadek ko‘rinishi mumkin, biroq bundan 13 yil ilgari «Dinamo» futbolchi uchun 4 million shunchaki fantastik ko‘rsatkich edi. «Maks» nafaqat terma jamoada, balki «Dinamo Kiev»da ham sermahsullik namoyish eta olgan. Uni hali-hamon ukrainalik muxlislar yodga olishadi.
Server Jeparov - 4 million evro, 2009 yil «Bunyodkor»
Futbol tariximizda ilk bor «Osiyoning eng yaxshi futbolchisi» nominatsiyasida g‘olib chiqqan Server Jeparovni unutmagan bo‘lsangiz kerak. Yarim himoyachi ikki bor ushbu sovringa ega chiqibgina qolmay, faoliyati davomida Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya va Eron chempionatlarida muvaffaqiyatli to‘p surdi. «Bunyodkor» bilan Osiyo chempionlar ligasining yarim finaliga qadar etib keldi. Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida juda ishonchli o‘yin namoyish etdi. Umuman olganda, uning faoliyatiga havas bilan qarash mumkin. Jeparovni nemis sayti 2009 yilda 4 million evroga baholadi. Bu ko‘rsatkich uning karerasida eng baland cho‘qqi sifatida tarixda qoldi. Ayni damda, Server o‘zini murabbiylik sohasida sinab ko‘rmoqda. Unga bu borada ulkan zafarlar tilab qolamiz.
Eldor Shomurodov - 6,5 million evro, 2020 yil «Jenoa»
Yaqindagina A Seriyaga ko‘chib o‘tgan hamyurtimiz kuchli uchlikni ochib beradi. «Mash’al» klubi tarbiyalanuvchisi «Rostov»dagi o‘yinlari orqali o‘z transfer summasini keskin oshirib oldi. Ayniqsa, o‘tgan mavsumdagi gollar sababli u bilan bir nechta klublar qiziqib qoldi. Yangi mavsumda esa, uzoq kutilgan transfer amalga oshdi. "Transfermarkt.de" portali hamyurtimizni 6,5 millionga baholagan bo‘lsada, Italiya klubi uni qo‘lga kiritish uchun 7,5 milliondan voz kechdi. Biz o‘z kriteriyalarimizga sodiq qolgan holda, portal ma’lumotlari asosida uni uchinchi o‘ringa joylashtirdik. Eldor sekin-asta o‘z klubining bir bo‘lagiga aylanib bormoqda. U avvaliga kubok uchrashuvida bitta assistni amalga oshirgan bo‘lsa, keyin A Seriyada bitta golga mualliflik qildi. Umuman olganda, o‘sish mavjud. Bu quvonarli holat. Umid qilamizki, tez orada uning transfer summasi yanada ko‘tariladi.
Vitaliy Denisov - 7 million evro, 2016 yil «Lokomotiv»
Denisov «Dnepr» sharafini himoya qilayotgan paytlarda uni Evropaning kuchli chempionatlarida ko‘rishni orzu qilar edik. U bilan «Napoli» aloqaga chiqqanida, ko‘pchilik uning «kuchli beshlik» a’zosi bo‘lishini juda istagan edi. Kutilmaganda, qahramonimiz Rossiyaning «Lokomotiv» klubi bilan shartnoma imzoladi va RPLga ko‘chib o‘tdi. E’tiborlisi shundaki, uning bu qarori o‘zini to‘liq oqladi. Vitaliy «temiryo‘lchilar» safida Rossiya chempionligi va mamlakat kubogida zafar quchdi. Ayniqsa, 2014-2016 yillar oralig‘ida uning sport formasi pik nuqtaga ko‘tarildi. Uning qanotdagi shiddatli o‘yinlari sababli muxlislar «Tor» laqabini berishdi. Denisov Moskva klubining asosiy tarkib futbolchisiga aylandi va har bir uchrashuvda to‘liq to‘p surdi. "Transfermarkt.de" portali esa, 2016 yilda uning narxini 7 million evroga qadar ko‘tarib qo‘ydi. Qanot himoyachisi uchun bu shunchaki super natija!
Odil Ahmedov - 9 million evro, 2016 yil «Krasnodar»
Faoliyatini «Paxtakor» jamoasida boshlagan termamiz sardori birinchi o‘rinni qo‘lga kiritmoqda. 2011 yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatidan so‘ng, hamyurtimizga bo‘lgan talab keskin oshib ketdi. Uni qo‘lga kiritish uchun bo‘lgan kurashda Suleyman Kerimovning "Anji«si g‘olib chiqdi va Odil RPLga o‘tdi. "Anji“ proekti kutilmaganda tanazzulga uchragach, qahramonimiz »Krasnodar« bilan shartnoma imzoladi va o‘zining eng yaxshi mavsumlarini shu erda o‘tkazdi. 2016 yilda uning transfer qiymati 9 million evroga qadar ko‘tarildi. Keyinroq, rus klubi Xitoyning »Shanxay SIPG” jamoasiga uni 7 million evroga sotib yubordi. Ayni damda qahramonimiz ijara asosida «Tyantszin Teda» jamoasi sharafini himoya qilmoqda. Odil professional tarzda bosib o‘tgan yo‘lga qoyil qolmaslik mumkin emas. Doimo kuchli futbolchilar qurshovida to‘p surgan bo‘lsa-da, u hech qachon asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotib qo‘ymadi. Har qanday kuchli murabbiylar bilan ishlamasin, uning ishonchini oqladi va jamoaning asosiy figurasiga aylana oldi. Endilikda, Namanganlik muxlislar uni «Navbahor»da kutishmoqda. Balki, u ortga qaytar. Balki bu qaytish «lochinlar» uchun yangi parvoz eshiklarini ochar! Yana kim biladi deysiz?! Shunisi aniqki, Odil Ahmedov o‘zbek futboli tarixidagi eng qimmat futbolchi sanaladi. Umid qilamizki, yaqin kelajakda futbolchilarimiz Odil Ahmedovdan bu unvoni «tortib» oladi.
Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev tayyorladi
Fikrlar