Turki Al ash-Sheyx jiddiy kasal, promouterlar urush boshladi, De La Xoya cho‘kayotgan kemani birinchilardan bo‘lib tark etdi
Turki Al ash-Sheyhning boksdagi ta'siri susaymoqda. Husiylar mamlakat aeroportlari va neft infratuzilmasini vayron qilyapti, Hormuz bo‘g‘ozida esa kema qatnovi qattiq cheklangan (bilasiz, Saudiyaning deyarli barcha nefti shu bo‘g‘oz orqali o‘tadi). Tabiiyki, bunday vaziyatda hech kim bokschilarga yuz millionlab dollar tikmaydi.
Hozirning o‘zidayoq saudiyaliklar faqat Tayson Fyuri va Entoni Joshuа kabi potensial foydali janglarga sarmoya kiritayotganini ko‘rishingiz mumkin. Ularning ta'siri faqat "Zuffa Boxing" dagi ommaviy investitsiya fondlari (masalan, Sela) orqali qolmoqda.
Eng e'tiborlisi, Turki Al ash-Sheyh jiddiy kasal!
U 10 yildan ortiq vaqtdan beri onkologiya bilan kurashadi. Ash-Sheyh jiddiy asoratlar bilan 7 soatlik operatsiyani boshdan kechirdi va hozir uning miyasida katta o‘sma bor, bu esa allaqachon uning xotirasiga ta'sir qilmoqda. Yaqinda Turki Fyuri va Joshuа o‘rtasidagi matbuot anjumanida buni ochiqchasiga tan oldi:
"So‘nggi 4 oydan beri sog‘lig‘im yaxshi emas. Bir necha yildan keyin ushbu lahzani eslay olamanmi, yo‘qmi, bilmayman. Men bu yerga faqat bokschilar uchun keldim... Menda ushbu sportga doir istaklar ro‘yxati bor va uni imkon qadar bajarishga harakat qilaman."
Yana bir intervyusida Turki Al ash-Sheyh 2028-2029 yillarga kelib xotirasini yo‘qotishi mumkinligini aytgandi. Uning bor-yo‘g‘i sport funksioneri ekani tushunarli, ammo ko‘plab janglar uning shaxsiy ishtiyoqiga bog‘liq edi. Turkining ahvolini ko‘rib, promouterlar oshkora urush boshladi. Eddi Hirn Dana Uayt bilan janjallashib, uni jangchilarni tanimaslikda va Saudiya pullarini boshqarishni bilmaslikda aybladi.
Oskar De La Xoya esa yanada chuqurlashib, saudiyaliklar tufayli boks butunlay izdan chiqqanini aytdi. Turki o‘zini yaxshi his qilib, bir talay pul tashlaganida, De La Xoya mamnun qiyofada uning yonida o‘tirardi. Biroq hozir... Aytganchа, aynan Oskar o‘z bokschilarini saudiyaliklar bilan shartnoma imzolash uchun birinchilardan bo‘lib yugurdi. Endi u cho‘kayotgan kemadan birinchilardan bo‘lib qochmoqda.

Fikrlar