Turklar “Roma” hujumchisini sotib olib, Angliyaga jo‘natib yubordi

  • 27.01.2026 07:06
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Turkiya Superligasida ishtirok etayotgan “Beshiktosh” klubi mutasaddilari puxta o‘ylangan  transfer siyosatidan daromad ishlab oldi.

Turk klubi “Roma”dan ijaraga olingan angliyalik hujumchi Temmi Abrahamning to‘liq transfer qilish huquqidan foydalangan holda bu savdo to‘liq yakunlandi.

Bu rejani amalga oshirish uchun “Beshiktosh” mutasaddilari Rim klubiga 11,2 million funt to‘lab berdi. Shundan so‘ng, ular Abrahamni “Aston Villa”ga transfer qilish ishlarini yakunlash imkoniga ega bo‘ldi.

“Chelsi” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Temmi Abraham 2018-2019 yilgi mavsumda “aristokratlar” asosiy tarkibidan joy tegmagan pallada aynan “Aston Villa”da ijarada o‘ynagan edi.

BBC ma’lumotiga ko‘ra, “Aston Villa” sobiq hujumchisini to‘liq transfer qilish uchun “Beshiktosh”ga 18 million funt to‘lab beradi. Transfer ijobiy yakunlanish arafasida, 28 yoshli angliyalik hujumchi Angliyaga kelib, yangi jamoasi uchun ham tibbiy ko‘rikdan o‘tib bo‘lgan.

Ilgari “Roma”da o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov bilan birga o‘ynagan Temmi Abraham “Beshiktosh”da jami 24 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 12 marta ishg‘ol qildi.

Eldor Shomurodov ham o‘tgan yoz “Roma”ni tark etib, joriy mavsumdan e’tiboran “Istanbul Boshakshehir” sharafini himoya qilmoqda. 30 yoshli hujumchimiz Turkiya chempionatida 19 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 13 marotaba ishg‘ol qilib, to‘purarlar bahsida yakkapeshqadam bo‘lib turibdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!