Tuxel Parijdagi mag‘lubiyatlar uchun “Old Trafford”da qasos ola biladimi? (prevyu)

  • 2 dekabr, 2020, 22:54
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ushbu ikki klubni bir-biriga mutlaqo teskari tipda, deb ayta olamiz. Biri hatto futbolning o‘zi bilan ham qariyb tengdosh bo‘lgan, doim o‘z an’analari va dunyo miqyosidagi muxlislari bilan maqtanib kelgan buyuk tarix bo‘lsa, ikkinchisi so‘nggi dekada mobaynida to‘g‘ri yo‘nalish tanlagan holda, “ko‘hna qit’a” grandlari orasiga kira olgan “boyvachcha”! Ularning bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan yo‘llari o‘zaro bellashuvlarda ham aks etib kelmoqda. Parijda kechgan so‘nggi ikki bahsda maydon egalari alamli mag‘lubiyatlarni qabul qilib olishdi. Bugun ular mana shu muvaffaqiyatsizliklar uchun o‘ch olish hamda guruhni “mankuniyanlar” 1-pog‘onada yakunlashiga o‘zaro bahsda yo‘l qo‘ymaslik maqsadida “orzular teatri”da saf tortadilar. Ushbu maydonda kechgan oxirgi o‘yinda parijliklar mezbonlarni qiyinchiliksiz taslim etgan. Tarix takrorlanadimi?

Tecno

1500x500 (1)

“Manchester Yunayted”

“Qizil iblislar” matbuot xizmati vakili Metyu Xovartning ta’kidlashicha, Ole-Gunnar Sulsher PSJga qarshi uchrashuvda raqibga taktik syurprizlar tayyorlab qo‘ygan. Albatta, ushbu bellashuvda har qanday holatda ham mehmonlar hujumkor futbol namoyish etadi. Bunday holda manchesterliklarda qarshi hujumdagi ulkan imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Metyu o‘z fikrini davom ettirar ekan, mana shu qarshi hujumlarda Brunu Fernandeshning kesuvchi paslari va Reshfordning tezligi o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin bo‘lgan omil bo‘lishini aytib o‘tgan. Darhaqiqat, himoyadagi muammolari doim bo‘y ko‘rsatib kelgan PSJ bu kabi qarshi hujumlardan bugungi bahsda ko‘p bora aziyat chekishi aniq. Quvonarlisi, bugungi o‘yinga “qizil iblislar” deyarli yo‘qotishlarsiz tashrif buyurmoqda. Ole-Gunnar Sulsher jamoasidan faqatgina Lyuk Shou maydonda ko‘rinish bermaydi. Ammo norvegiyalik mutaxassis mana shunday holatlarning oldini olish maqsadida, transferlar oynasi mobaynida Aleks Tellesni xarid qilib qo‘ygandi. APLning yakuniga etgan turida ushbu futbolchi MYu safida asosiy tarkibda maydonga tashlandi va o‘zini ancha yaxshi tarafdan ko‘rsata oldi. Maydonga tushishi so‘roq ostida bo‘lib turgan De Xea o‘rniga esa Din Xenderson darvozani egallay oladi. “Sheffild”dagi ajoyib o‘yinlarini ko‘rgach, bosh murabbiy uni ijaradan qaytarib olgandi. APLning yakuniga etgan turida ushbu futbolchi MYu safida asosiy tarkibda maydonga tashlandi va o‘zini ancha yaxshi tarafdan ko‘rsata oldi. 

Bugun shuningdek, evromaydonda milliy birinchilikdan yaxshiroq o‘yin namoyish etadigan Donni van de Bekning harakatlarini kuzatish ham ancha qiziq bo‘ladi. Aaron Uan-Bisakka Evropa top-5 chempionatidagi eng yaxshi qanot himoyachilaridan biri. U raqibdan to‘pni olib qo‘yish ko‘rsatkichi bo‘yicha eng zo‘r ko‘rsatkichlarga ega. Uning ushbu iqtidori “fintlar mashinasi” Neymarga qarshi ish berarmikan?! 

Bugun yana Skott MakTominey tayanch zonasiga javob beradi. PSJga qarshi o‘yinlarda u doim asosiy rollardan birini o‘ynagan. 

“Manchester Yunayted” ketma-ket 4 ta o‘yinda g‘alaba qozonib kelmoqda. Bu Parij klubini o‘ylantirishi lozim bo‘lgan jihat.

Taxminiy tarkib: De Xea, Uan-Bisakka, Lindelyof, Maguayr, Telles, Van de Bek, Fred, Reshford, Fernandesh, Marsyal, Kavani.

So‘roq ostida: De Xea, MakTominey, Bayi, Pogba, Lingard.

Ishtirok eta olmaydi: Shou, Tuanzebe.

EoLCq3VXcAEEzOA

PSJ

Bugun Parijdagi sport gazetalarining asosiy mavzusi: “Manchester Yunayted”ni qanday engish mumkin? “L’Equipe” o‘ziga xos taktik ishlanmalarni ham taqdim etmoqda. Nashr berayotgan g‘oyalarga ko‘ra, raqib o‘yinini buzib qo‘yish uchun Brunu Fernandeshni nazorat qilish lozim bo‘ladi. Raqib markaziy himoyasi nisbatan zaifroq ekanini inobatga olgan holda. Markazdan uyushtiriladigan hujumlar ko‘proq samara keltirishi mumkinligi taxmin qilinyapti. “Le Parisien” nashri esa ushbu vazifani yaqindagina Parij klubi safidagi 100-golini kiritgan Kilian Mbappe bemalol bajara olishini aytib o‘tmoqda. 

PSJ so‘nggi turda milliy chempionatdagi uchrashuvda ochko yo‘qotdi. “Bordo”ga qarshi bahs yakunda boy berilishi ham mumkin edi. Unda avvalroq esa Tomas Tuxel shogirdlari “Monako”ga imkoniyatni boy bergandi. Frantsuz OAVda nemis mutaxassisining iste’fosi haqidagi gap-so‘zlar ham ko‘payib qoldi. 

Evromaydonda joriy mavsumdagi natijalar hech kimni qoniqtirmasligi aniq. Jamoa o‘ziga nisbatan ishonchni aynan mana shunday o‘yinlarda qo‘lga olishi mumkin. Mag‘lubiyat ularning keyingi bosqichga chiqish masalasini ham og‘irlashtirib yuboradi. 

Taxminiy tarkib: Navas, Florentsi, Markinos, Kimpembe, Bakker, Errera, Danilo, Veratti, Di Mariya, Mbappe, Neymar. 

Ishtirok eta olmaydi: Bernat, Draksler, Ikardi, Sarabia. 

Murabbiylar

Ole-Gunnar Sulsher: “Tezroq pley-offga chiqib olganingiz yaxshi holat. Biz guruhni g‘olib sifatida yakunlamoqchimiz. Biz ushbu o‘yinga o‘z uslubimizda tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Hujumdagi intensivlik va himoyadagi tartib orqaligina bu kabi yuqori darajadagi raqiblarni engishimiz mumkin. Xayolimizni faqat g‘alaba band etgan. 

Kavani tayyor, PSJga qarshi bahsda maydonga tusha oladi. Bugungi o‘yin u uchun katta ahamiyatga ega. PSJ tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblangan Edinson sobiq jamoasiga qarshi harakat qilishi u uchun ruhiy tomondan og‘ir ekanligini tushunaman. Ammo aynan shu jihat unga qo‘shimcha energiya beradi”.

EoLCw-fXUAAq0oK

Tomas Tuxel: “Old Trafford”dagi ushbu o‘yin finalga teng. Bahona izlashga haqqimiz yo‘qligini to‘liq anglab turibman. G‘alaba qozonish uchun qo‘limizdan kelganini qilish va unga erishish o‘zimizgagina bog‘liq. Ha, bu qiyin topshiriq, ammo uddalash mumkin. 

Bir soat oldin Mbappening bir yildan beri EChLda gol ura olmayotgani haqidagi statistikani eshitib qoldim. Balki, bugungi o‘yin mana shu noxush an’anaga barham berishning ayni paytidir. Balki, aynan mana shu jihat bizning atigi 6 ochkoga ega ekanligimizning sababidir. Men uning kam gol urayotgani haqida gapira olmayman. Sababi, unda hujumchiga kerakli barcha hislatlar mavjud”. 

EoK9RocW8AMIieg

Xulosa o‘rnida

Bugun printsipiallik va ishtiyoq jihatidan eng yuqori darajadagi o‘yinlardan birini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Odatda, hayot-mamot o‘yinlari bu tipdagi grandlar uchun pley-offdan boshlanardi. Ammo bugungi futbolda hamma kuchli va EChLda oddiy raqiblar qolmagan. Shuning uchun ham endi top-5 chempionatlar vakillari ham qolgan jamoalarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga majbur. 

O‘yinda jangovar durang yoki gollarga boy bahsdagi qaysidir jamoaning g‘alabasini taxmin qilishimiz mumkin. Bu o‘yin oldidan bildirilayotgan odatdagi fikrlar. Barchasini ijro etadigan va o‘zgartiradiganlar futbolchilardir. Birgalikda tomosha qilamiz!

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!