
U Gujadan kuchli, yangi topilma! Futbolga "Birinchi qaldirg‘och"ni ko‘rib qiziqqanman - yoxud Hamidjon Aktamov "Qizilqum" bilan sovrin yutmoqchi
Toshkentda shug‘ullanayotgan “Qizilqum” tarkib o‘zagini saqlab qola oldi. Jamoa bosh murabbiyi Hamidjon Aktamov bilan suhbatlashish esa doim qiziqarli.
U boshqalardan farqli o‘laroq dangal gapirishni yaxshi ko‘radi. Jamoasining yangi mavsumga tayyorgarligi xususidagi savollarimizga javob qaytarar ekan, yana o‘ziga xos fikrlari bilan e’tiborimizni tortdi.
- Hozirda qorli ob-havodagi tayyorgarlik ishlari qanday ketyapti?
- Rahmatli Hojiboy Tojiboevni gapi bor-ku, ruslar aytgan ekan, nimaga o‘zbeklar yozning jaziramasida ham issiq choy ichadi deb, shunda Hojiboy Rossiyada 9 oy qish bo‘ladi, nega sizlar sovuqda ham muzqaymoq eysizlar, degan ekan. Ularda ham o‘z futboli bor. Aytmoqchimanki, qor yog‘di deb uyda o‘tirmaymiz-ku. Bizning ishimiz ko‘chada. Aksincha, qorda ishlashni ham zavqi boshqacha bo‘ladi. Futbolchilarning kayfiyati ko‘tariladi. Bu o‘yinchilarni chiniqtiradi. Faqat rejamizga biroz ta’sir qilgan joyi shunda bo‘ldiki, o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkaza olmasak kerak. Chunki maydon yo‘q-da. Qorli maydonda futbol o‘ynab bo‘lmaydi.
- Ha, “Navbahor”ga qarshi o‘yininglar ham qoldirilibdi...
- Ha, to‘g‘ri.
- Yana qaysi uchrashuvlar rejalashtirilgan?
- 27 yanvar kuni “Lokomotiv” bilan maydonga tushishimiz kerak. Lekin baribir ob-havoga qaraymiz. 28 yanvarda Turkiyaga jo‘nab ketamiz. U erda 14-15 kun bo‘lamiz.
- Mazkur xorij yig‘inidan ko‘zlangan maqsad qanday? Asosiy e’tibor nimaga qaratiladi?
- Jismoniy holatimizni yaxshilab olsak, u erda o‘yin amaliyotimizni oshirishga ko‘proq e’tibor qaratamiz. Safimizga to‘rtta yangi o‘yinchi qo‘shilgan. Jamoani bir-biriga yanada yaxshiroq jipslashtirish uchun ko‘proq o‘yin amaliyoti kerak va nazorat uchrashuvlarini o‘tkazamiz.
- Shu haqida so‘ramoqchi edim, Turkiyada “Qizilqum”ning raqiblar kimlar?
- Rossiyaning “Alaniya” jamoasi bilan o‘yinimiz aniq bo‘lgan. Qozog‘istonning “Aktobe” klubiga qarshi ham maydonga tushamiz. Shuningdek, Daniyaning Superligasidagi jamoa bilan ham o‘ynaymiz.
- Boya to‘rtta yangi o‘yinchi haqida aytdingiz. Ulardan ikkitasi Elguja Grigalashvili bilan Mate Vattsadze. Qolgan ikkitasi-chi?
- Behruz Sa’dulloev. U “Buxoro” klubida to‘p surgan. Grigalashvili va Vattsadzeni bilasiz. Yana bir yangi topilmamiz bor. U ham gruziyalik Georgi Kuxanidze. Gruziya yoshlar terma jamoasida barqaror to‘p surgan. Endi bo‘lsa, milliy termasida ishtirokini boshlayapti.
- 2018 yili Grigalashvilini olib kelganingizda o‘sha paytda u ham o‘ziga yarasha topilma sifatida e’tirof etilgandi. Kuxanidze ham shundaymi?
- U Gujadan kuchli futbolchi. O‘z pozitsiyasida ajoyib o‘yin ko‘rsatadi. Nasib qilsa, Kuxanidze yaxshi kashfiyot bo‘ladi. Hujumkor yarim himoyachi. Oxirgi jamoasi “Dinamo” Tbilisi.
- Qizig‘i, Grigalashvilini ham, Vattsadzeni ham ilk bor chempionatimizga siz olib kelgansiz. Endi esa Kuxanidze. Legionerlarni tanlashda ta’bingiz nozik. Ayniqsa, gruziyaliklarga e’tibor qaratasiz. Ular bilan aloqangiz yaxshimi?
- Gruziya futboliga qiziqaman. Ularning “Birinchi qaldirg‘och” degan kinosi bor. O‘sha kino sababli men futbolga qiziqib ketganman. Gruzinlarda individual mahorati kuchli o‘yinchilar ko‘p. Hozirgi futbolda individual jihatdan kuchli futbolchilar ko‘proq natija beryapti. Har doim mana shunday o‘yinchilarni izlashga qiziqaman va e’tibor qarataman.
- Jamoangizga yana yangi futbolchilar qo‘shiladimi yoki tarkib aniqmi?
- Bu tarkibni tuzganimizga hali olti oy bo‘lgani yo‘q. O‘tgan yilning avgust oyida shakllantirgandik. Yana bularni qo‘yib yuborib o‘rniga boshqalarni chaqirish maqsadga muvofiq emas. Biz mana shu tarkibni yaxshi tanladik deb o‘ylayman. Asosiy o‘yinchilarni saqlab qoldik. O‘tgan yili hujum chizig‘ida ko‘proq qiynaldik. Shuning uchun bu muammoni hal qilish uchun hujumkor futbolchilarni olib keldik.
- Klubni Shodiev bilan Tomiva tark etgandi. Undan tashqari yana kimlar ketdi?
- Alisher Sanoev va rossiyalik Ruslan Margiev ham ketdi.
- Tachmurod Agamurodov sizga yordam berishda davom etyaptimi?
- Ha, hozircha maslahatchi murabbiy bo‘lib ishlab turibdi.
- “Qizilqum”ning maqsadi aniqmi?
- Maqsadimiz medallar uchun kurashish.
- Bunga qanchalik ishonyapsiz?
- Hamma vaqt marrani kengroq olaman. Barchasi yaxshi bo‘lishiga ishonaman.
Fikrlar