Ubaydullaevning Nesterov darvozasiga chalqancha gol urgani haqida - Menimcha u bunday zarbaga tayyor emasdi

  • 15 iyun, 2020, 22:25
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Turning chiroyli, shiddatli va kutilmagan natijalaridan biri Toshkentdagi “Lokomotiv” – “Metallurg” bahsida kuzatildi.

Agar bellashuvdan avval kimdir bekobodliklarning javobsiz uchta gol urishi haqida aytsa, bunga ko‘pchilik ishonmagan bo‘lardi. Lekin futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkinligini “Metallurg” futbolchilari amalda yana bir bor ko‘rsatib qo‘yishdi.

Bundan tashqari, tajribali darvozabon Ignatiy Nesterov o‘z darvozasidan juda alamli gollarni o‘tkazib yubordi. Ayniqsa, zaxiradan maydonga tushgan hujumchi Shahzod Ubaydullaevning chalqancha usulda Nesterov darvozasiga urgan goli juda chiroyli chiqdi. O‘yin tugaganidan so‘ng ushbu futbolchi Sports.uz muxbirining savollariga javob qaytardi va dastlab uchrashuv haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

-  Karantindan keyin hammaga ham qiyin bo‘ldi, - deya gap boshladi, Ubaydullaev. - Menimcha, jamoadoshlarim bugun xarakter ko‘rsatishdi va shuning evaziga yutib ketdik deb o‘ylayman.

-  Kiritgan golingiz nafaqat turning, balki mavsumning eng chiroyli gollariga da’vogarlik qiladi. O‘sha vaziyatda zarbani tavakkal yo‘llaganmidingiz yoki...

-  Hammasi oldindan o‘ylagandek bo‘ldi. Nimagaki, har doim mashg‘ulotlarda ham chalqancha zarba berish ustida ishlayman. Ayniqsa, yoshligimdan mana shunday gollar urishga qiziqaman.

-  “Lokomotiv” darvozasini Ignatiy Nesterov qo‘riqlayotgandi va u O‘zbekistonning eng kuchli posbonlaridan biri. Shu bois Nesterovga bunday gol urish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Balki o‘yindan avval ushbu darvozabonning ojiz tomonlarini o‘rganganmidingiz?

-  Yurtimizdagi hamma darvozabonlar o‘ziga yarasha kuchli. Shunchaki, ularga zarba berish kerak. Kirsa kirdi, kirmasa yo‘q! Haqiqatan Nesterov kuchli darvozabon. Menimcha, uning kuchsiz jihatlari qaerda ekanligini ham bilmasam kerak. Nazarimda,  u bunday zarbaga tayyor emasdi. Mening bunday holatda tepishimni kutmagan bo‘lsa kerak.

-  Ammo hech kim o‘yindan oldin “Metallurg”ning safarda 0:3 hisobida g‘alaba qozonishini kutmagandi. Siz ham bunday hisobni o‘ylamaganmidingiz?

-  Uchrashuvdan avval jamoadoshim Abror Toshqo‘ziev bilan gaplashib, zaxiradan maydonga tushib, bitta-bitta gol urib, jamoamizni g‘alaba sari etaklaymiz, deb gaplashgandik. G‘alaba qozonishimiz uchun ko‘nglimiz to‘q edi. Zaxiradan maydonga tushib gollar urishni niyat qilgandik va bunga erishdik ham.

-  “Metallurg” ustozi Andrey Shipilov uchrashuvdan avval sizlarga qanday ko‘rsatmalar bergandi?

-  To‘g‘risi, murabbiyimiz meni uch-to‘rt kundan beri zaxiradan maydonga tushirishga tayyorlab borayotgandi. Baribir karantindan so‘ng futbol o‘ynashga hamma qiynaladi-ku. Shu bois murabbiyimiz ular charchashgan paytda sen tayyor bo‘lib maydonga tushasan va jamoaga yordam berasan deb menga ishonch bildirayotgandi. Demoqchimanki, mening zaxiradan o‘yinga qo‘shilishim oldindan o‘ylangan reja edi.

-  “Metallurg” bu yil nechanchi o‘rin uchun kurashadi?

-  Kuchli beshtalikka harakat qilamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!