Uch nafar professional bokschimiz Rossiyada jang o‘tkazadi

  • 23 iyun, 2021, 14:15
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Shu yil 26 iyun kuni Rossiyaning Ekaterinburg shahrida o‘tkaziladigan professional boks kechasida mamlakatimizning 3 nafar sportchisi ishtirok etadi, deb xabar berdi O‘zbekiston professional boks federatsiyasi matbuot xizmati.

Tecno

“RCC Promotions” kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan mazkur professional boks kechasining markaziy jangi ikkinchi yarim engil vazn toifasida (-59 kg) rossiyalik Mark Urvanov va venesuelalik Enjel Rodriges o‘rtasida kechadi. Bu bokschilar WBA yo‘nalishi bo‘yicha chempionlikka da’vogarlar qatoridagi o‘rnini mustahkamlash harakat qiladi.

Mamlakatimiz bokschilaridan Shukrullo Vohidov -61,2 kg vazn toifasida ukrainalik iqtidorli bokschi Zoravor Petrosyanga qarshi yoshlar o‘rtasida WBO Pacific Asia mintaqaviy kamari uchun ringga ko‘tariladi. Aytish lozimki, qator promuoterlar tomonidan “kelajagi bor”lar safida e’tirof etilgan ukrainalik bokschi faoliyati mobaynida 11 ta jang o‘tkazgan bo‘lsa, barchasida g‘alabaga erishgan. U bir marta o‘zbekistonlik bokschi bilan, ya’ni 2020 yilning iyul oyida hamyurtimiz Ravshan Umurzoqov bilan teng kurashlar ostida o‘tgan jangda hakamlarning qarori asosida g‘alabaga erishgan. Demak, Sh.Vohidovning oldida 8 raundga mo‘ljallangan jangda nafaqat g‘alaba qozonish, balki Umurzoqov uchun “qasos olish” majburiyati ham turibdi.

Yana bir bokschimiz farg‘onalik Abbosxon Mirzaabdullaev rossiyalik Aleksandr Dorofeev bilan 4 raundlik jang o‘tkazadi. Qo‘qon boks maktabi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Mirzaabdullaev boksdagi faoliyati mobaynida yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni va og‘ir vaznda Osiyo chempionati g‘olibi bo‘lgan. Uning raqibi Dorofeev Rossiya chempionatining bronza medali sohibidir. Professional boksda ikkita jang o‘tkazib, ikkalasida ham g‘alaba qozongan.

Ekaterinburg ringida o‘z omadini sinab ko‘radigan yana bir bokschimiz namanganlik Otabek Miraahmedov og‘ir vaznda Georgiy Yunovidov bilan kuch sinashadi. 6 raundga mo‘ljallangan mazkur jangda O‘zbekiston chempionatlari sovrindori bo‘lgan hamyurtimizning imkoniyatlari qay darajada ekanligini vaqt ko‘rsatadi. Uning raqibi xususida shuni aytish lozimki, Yunovidov o‘z vaqtida og‘ir vaznda Rossiya chempionligiga erishgan, qator xalqaro turnirlar g‘olibi, professional boksda bitta jang o‘tkazib, unda xamyurti German Skobenkoni ochkolar hisobida mag‘lub etgan.

Eslatib o‘tamiz, Ekaterinburgdagi professional boks kechasi Moskva vaqti bilan soat 17:00 da boshlanadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!