UEFA Husanov jamoasiga jiddiy jazo qo‘llashi kutilyapti
Angliyaning mashhur «Manchester Siti» klubi UEFA tomonidan jiddiy jazoga duch kelishi mumkin, deb xabar bermoqda Yevropa ommaviy axborot vositalari.
Ma'lumotlarga ko‘ra, klubning moliyaviy qoidalarni ko‘plab buzish holatlari bo‘yicha bergan shikoyati rad etilsa, «Manchester Siti» yetti yildan o‘n yilgacha Yevropa musobaqalaridan chetlatilishi kutilmoqda.
Jurnalist Sesar Augusto London'yo ma'lumotiga ko‘ra, UEFA o‘z qarorini Angliya Premer-ligasi rasmiy ayblovlarni tasdiqlagandan so‘ng e'lon qiladi. Klubga moliyaviy feyr-pley qoidalarining 115 bandidan 114 tasini buzgan, degan ayblov qo‘yilgan.
Agar diskvalifikatsiya haqida qaror chiqarilsa, «Manchester Siti» kamida 2034 yilgacha Yevropa kuboklarida ishtirok eta olmaydi. Shu bilan birga, klubni oldin qo‘lga kiritgan chempionlik va boshqa unvonlaridan mahrum etish masalasi ko‘rib chiqilmayotgani qayd etilmoqda.
«Manchester Siti» safida O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Xusanov ham to‘p surmoqda. U joriy mavsumda klub tarkibida yetti o‘yinda maydonga tushdi, biroq hozircha gol yoki golli uzatma bilan ajralib turgani yo‘q.
Ta'kidlash joizki, manchesterliklarga qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan jazo choralari klubdagi yetakchi o‘yinchilar faoliyati va kelajagiga bevosita ta'sir o‘tkazadi. Ayni paytda Yevropaning bir qator klublari «Manchester Siti» tarkibida o‘ynayotgan futbolchilar bilan hozirdan kelishib olishga harakat qilmoqda.
Xususan, yaqinda xorij manbalarida Abduqodir Xusanovga Angliyaning «Chelsi», «Aston Villa», «Everton» va «Bornmut» kabi klublaridan jiddiy qiziqish bo‘layotgani haqida ma'lumotlar tarqatilgan edi.
Ekspertlarning ta'kidlashicha, agar klub quyi ligaga tushirib yuborilsa, jamoaning asosiy futbolchilari boshqa jamoalarga o‘tib ketishiga to‘g‘ri keladi. Endi UEFA ham «Manchester Siti»ga xalqaro maydonda o‘ynash huquqini cheklasa, bu o‘yinchilarning Manchesterdan ketishiga eng katta turtki bo‘ladi.

Fikrlar