UEFA yangi qoidani majburiy tarzda qo‘llamaydi
UEFA o‘z musobaqalarida futbolchilar mojaro paytida og‘zini yopib gapirgani uchun avtomatik tarzda qizil kartochka ko‘rsatilmasligini ma’lum qildi.
⠀
The Athletic xabariga ko‘ra, Yevropa futboli rahbariyati bu haqida payshanba kuni a’zo assotsiatsiyalarga rasmiy axborot yuborgan.
⠀
Shu tariqa, IFAB tomonidan joriy yil aprel oyida qabul qilingan yangi qoida Chempionlar ligasi, Yevropa ligasi, Konferensiyalar ligasi, shuningdek, Yevropa chempionati va Millatlar ligasi bahslarida majburiy tarzda amal qilmaydi.
⠀
UEFA bahsli vaziyatlarda hakamlarga o‘z xohishiga ko‘ra qaror qabul qilishni tavsiya etmoqda. Biroq agar futbolchi og‘zini yopib gapirishi sportga xos bo‘lmagan xatti-harakat sifatida baholansa, unga sariq kartochka ko‘rsatilishi lozim.
⠀
Bundan tashqari, UEFA VAR vakolatlarini ham kengaytirishga qaror qildi. Endi videoassistentlar noto‘g‘ri tayinlangan burchak to‘plarini ham tekshirishi mumkin. Agar hakam xato qilgani tasdiqlansa, burchak to‘pi o‘rniga darvozadan zarba belgilanadi.

Fikrlar