UFC jangchisining mag‘lubiyatsiz rekordi qayta tiklandi
UFC yarim oʻrta vazn toifasining toʻrtinchi raqamli jangchisi Maykl Morales yana 19–0 rekordga ega boʻldi.
Ekvadorlik taniqli jangchi yaqin kunlarda katta muhokamalar markazida qolgan edi. Bunga sabab, MMA boʻyicha statistika yurituvchi "Tapology" nashri 2017 yilga oid videoyazuvga tayangan holda Moralesning rekordiga oʻzgartirish kiritib, unga bitta gʻalaba va bitta muddatidan avvalgi magʻlubiyatni qoʻshgani boʻldi.
Ushbu qaror muxlislar orasida keskin bahslarga sabab boʻldi. Masalaga doir "Sherdog" — MMA statistikasi borasida eng ishonchli manbalardan biri — rasmiy bayonot berganidan soʻng, "Tapology" oʻz pozitsiyasini qayta koʻrib chiqdi. Natijada nashr avvalgi qarorini bekor qildi va Moralesning rekordini 19-0 holatiga qaytardi, shu bilan birga jangchidan va butun MMA jamoatchiligidan uzr soʻradi.
"Tapology"ning ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotida quyidagicha boʻldi:
"Biz avvalgi qarorimizni bekor qilamiz va mazkur janglarni koʻrgazmali, deb hisoblaymiz. Bizning asosiy maqsadimiz – adolat.
2023 yillar atrofida shakllangan mezonlarni 2017 yilda oʻtgan musobaqaga qoʻllash nohaqlik va mantiqsizlik.
Shu bois, bu janglarni professional toifaga kiritib, xatoga yoʻl qoʻyganimizni tan olamiz. Yuzaga kelgan shov-shuv uchun uzr soʻraymiz va bildirilgan fikrlar uchun minnatdorchilik izhor etamiz."
Fikrlar