UFC ni mashhur brendga aylantirgan to‘rtta jangchi kim?
UFC bosh direktori Dana Uayt promoushenning jahon miqyosida mashhur brendga aylanishida hal qiluvchi rol o‘ynagan to‘rt nafar jangchini sanab o‘tdi.
"Bu ro‘yxatga Konor Makgregor, Xabib Nurmagomedov, Chak Liddell va Ronda Rouzini kiritish mumkin.
To‘g‘ri, hozir ko‘pchilik Ronda haqida yomon gapiradi, lekin Rouzi yonimga kelgunga qadar men UFC da ayollar jangini umuman ko‘rishni istamasdim. Biroq u bir tadbirda yonimga kelib: “Salom, men Ronda Rouziman. Menga 15 daqiqa vaqt ajrata olasanmi?” dedi. Biz arenadagi xonamga kirdik, bir necha daqiqalik suhbatdan so‘ng o‘zimga: “Jin ursin, bu ishni chindan ham qilishim kerak shekilli”, deb o‘yladim.
U boshidanoq o‘ziga ishonch va jasorat bilan kirib keldi. Agar kimnidir “o‘zini isbotlash uchun maydonga chiqqan inson” deb atash mumkin bo‘lsa, bu, albatta, Ronda edi. Hozir juda ko‘p odamlar uni yoqtirmaydi. Ammo u baribir o‘ziga xos, betakror shaxs", — deya ta’kidladi Dana Uayt "The Diary Of A CEO" podkastida.

Fikrlar