
Ular hal qiluvchi rolda yoxud Superliganing 17-turidagi eng yaxshi futbolchilar
Superligada 17-tur nihoyasiga etdi va jamoalar biroz tanaffusga chiqdilar. Ortda qolgan turda ham kutilganidek bir qator e’tiborga molik holatlar kuzatildi. Biz esa odatimizga sodiq qolgan holda har bir uchrashuvning eng yaxshi futbolchilari haqida to‘xtalamiz.
“Metallurg” – “Dinamo” – 0:1. Eng yaxshi futbolchi: Anvar Xojimirzaev
Turni boshlab bergan “Metallurg” – “Dinamo” uchrashuvida mehmonlarning hujumkor futbolchisi Anvar Xojimirzaev yana katta sahnaga chiqdi. Tinib-tinchimas o‘yinchi hal qiluvchi golni urib jamoasiga qimmatli g‘alabani keltirdi. Holbuki, “Metallurg” chempionat boshidan buyon g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgani uchun ularga uch ochko suv va havodek zarur bo‘lib turgandi. Biroq Xojimirzaev va “Dinamo” bunga yo‘l qo‘ymadi. O‘z o‘yinini namoyish qilib, safardan qimmatli g‘alabani qo‘lga kiritib qaytdilar.
“Neftchi” – “Olimpik” – 3:0. Eng yaxshi futbolchi: Azizbek Amonov
Nihoyat, “Neftchi” muxlislarini xursand qildi. Nihoyat, ko‘p narsa kutilayotgan Azizbek Amonov ham gollari bilan ishqibozlarni quvontirdi. “Olimpik”ga qarshi bahsda Azizbek zaxirada qoldirilgandi. Ikkinchi bo‘limda maydonga tushib raqib darvozasiga ikkita gol urdi va golga chanqoqligini namoyish qilgan holda eng yaxshi futbolchi nomiga sazovor bo‘ldi.
“Lokomotiv” – “Qizilqum” – 4:2. Eng yaxshi futbolchi: Shodiyor Shodiboev
Ikkinchi davrada “Lokomotiv” safiga qo‘shilgan iqtidorli hujumchi Shodiyor Shodiboev “Qizilqum”ga qarshi uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. 4:2 hisobida yakunlangan o‘yinda uning o‘zi ham gol urishga muvaffa bo‘ldi. “Navbahor”dan taklif etilgan 18 yoshli “Lokomotiv”da o‘z so‘zini aytishni boshladi.
“Nasaf” – “Andijon” – 3:0. Eng yaxshi futbolchi: Jambuli Jigauri
“Ajdarlar” bu turda “Burgutlar”ni qabul qildi. O‘yindagi tezkor gol mezbonlarga katta ruhiy ustunlik berdi. Gruziyalik legioner Jambuli Jigaurining 3-daqiqadagi goli “Nasaf”ga qo‘shimcha ustunlik berdi. O‘zi ham bu goldan ruhlanib maydonda yanada yaxshi o‘yin ko‘rsata boshladi. Futbolchi jamoasining g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi.
“So‘g‘diyona” – “Paxtakor” – 0:1. Eng yaxshi futbolchi: Muhammadrasul Abdumajidov
Maksim Shatskix jamoasi ham safarda nihoyatda muhim g‘alabaga erishdi. Bilasizlar, “Paxtakor”da yoshlarga e’tibor yanada kuchaytirilgan. Shu bois bosh murabbiy bir qancha yoshlarga qo‘rqmasdan asosiy tarkibdan joy berib kelyapti. Ulardan biri Muhammadrasul Abdumajidov tobora tajribasini sayqallashtirib, ishonchni oqlayapti. Jizzaxdagi bellashuvda bu yigit hammadan yaxshi o‘ynadi, desak ishonasizmi? Ha, shunday bo‘ldi! Muhammadrasul mehnat qilishdan qochmasa uni yorqin kelajak kutyapti.
“Surxon” – “Navbahor” – 0:1. Eng yaxshi futbolchi: Siyavash Haqnazari
Namanganliklar Samarqandda “Surxon”ga qarshi bo‘lib o‘tgan muhim uchrashuvda uch ochkoni qo‘lga kiritdilar. Namanganliklarning eronlik legioneri Siyavash Haqnazari tomonidan kiritilgan gol “Navbahor”ga g‘alabani taqdim qildi. Uning o‘zi esa raqibga katta muammolar tug‘dirdi. Murabbiylarning ishonchini oqladi. Shu sababli eng yaxshi futbolchi bo‘ldi.
“Bunyodkor” – OKMK – 0:1. Eng yaxshi futbolchi: Arixiro Sentoku
Superliganing ushbu turida Mirjalol Qosimov jamoasi “Bunyodkor”ga qarshi bahs olib bordi va yagona gol evaziga muhim uch ochkoni qo‘lga kiritishdi. To‘g‘ri, yagona gol yaponiyalik Sentoku tomonidan kiritilmagan bo‘lsa-da, yakunda ushbu o‘yinchi bahsning eng yaxshi futbolchisiga aylandi. Chunki u butun uchrashuvni yuqori darajada o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar