
Ulug‘bek Baqoev: "Men tufayli Jizzax futboli va uning muxlislariga tegmang!
Joriy mavsumni ishonchli tarzda o‘tkazib, hech kimga yutqazmay kelayotgan “So‘g‘diyona” klubi 12-turda Qarshida “Nasaf” bilan uchrashuvda ilk mag‘lubiyatini qabul qildi. Ammo ushbu o‘yinda aslida natija boshqacha bo‘lishi mumkin edi.
Ya’ni, “So‘g‘diyona” jamoasi mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirishga yaqin edi. Ko‘rgan bo‘lsangiz, bosh hakam jizzaxliklar tomonidan kiritilgan golni hisobga olmadi. Oqibatda “Nasaf” 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Tabiiyki, bu holat jizzaxliklar ustozi Ulug‘bek Baqoevni ham qattiq ranjitdi. Shu bilan birga qizg‘in bahs va munozaralarga sabab bo‘lyapti. Holbuki, bu murabbiy “So‘g‘diyona”ni kuchli va raqobatbardosh jamoaga aylantirayotgani uchun ko‘pchilik tomonidan Baqoevning mehnatlari yuqori baholanyapti. Sports.uz muxbiri esa “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi bilan Qarshidagi o‘yin va undagi hakamlik haqida gaplashdi.
- Mana, o‘zingiz qarang, “Nasaf”ga qarshi o‘yinga qadar bizda mag‘lubiyatsiz seriya davom etib kelayotgandi, - deya gap boshladi Baqoev. - Ammo vaziyat shunday yuzaga keldiki, hakamlarning xatosi deymizmi yoki boshqasimi, buni muhokama qilish mening vazifamga kirmasa ham, alamli tarzda mag‘lubiyatga uchradik. Shuning evaziga mag‘lubiyatsiz seriyamiz barham topdi. Men, butun jamoa va futbolchilar buni mag‘lubiyat, deb hisoblamayapmiz. Bu bellashuvda hakam g‘olib chiqdi. Binobarin, bu chindan ham hakamning g‘alabasi. U shunday qaror qabul qilishni ma’qul topdi. Buni bosh hakamning xatosi, deb ataymizmi, buni bilmayman. Biroq har qanday holatda ham o‘yinni boy berdik, deb hisoblamayapman. Yana takrorlayman: uchrashuvni hakam yutdi. Mag‘lubiyatsiz seriyamiz uzulib qolishini u atayin qildimi yoki bilmagan holdami, buning sababini o‘zidan so‘rash kerak. Aftidan, undan shuni so‘rasangiz, aniq javob olasiz. U haqqoniy golni bekor qildi. Gol kiritish oldidan esa, uni bekor qilishga asos bo‘ladigan biror-bir qoida buzilmagandi! U shunday qaror qabul qilishni lozim topdi, vassalom. Mening qarashlarim, bizning umumiy xulosamiz hakam uchun ob’ektiv bo‘lmasligi tayin. O‘sha qabul qilingan qaror tufayli mag‘lubiyatga uchradik. Lekin, baribir o‘zimizni mag‘lublardek his qilmayapmiz.
- Uchrashuvdan keyin hakamlar brigadasi ustidan assotsiatsiyaga ariza bilan murojaat qilmadinglarmi?
- Birinchidan, biz har doim ham hakamlarning ishini muhokama qilavermaymiz. Biroq goh-gohida mana shunday holatlar ham yuz berib turarkan. Aytishim kerakki, hakamlarning tepasida turgan rahbarlar bor. Albatta, ular o‘sha uchrashuvni boshqargan hakamlarning ishini ko‘rib chiqishadi, muhokama qilishadi. Shunday ekan, bizdan faqat kutish qolyapti xolos. Albatta, qarorni ular qabul qiladi. Ular hakamning o‘yin natijasiga ta’sir ko‘rsatgan qarorini o‘rganib chiqishlari tayin. O‘yin chog‘ida qarorni bosh hakam qabul qiladi. Uning bu qarorga qanday kelganini biz faqat tomoshabin sifatida kuzatdik xolos. O‘sha vaziyatni stadiondagi muxlislar, biz va ekran qarshisidagi millionlab ishqibozlar ko‘rdi. Buni hamma ko‘rgani bois vaziyatni muhokama qilish juda qiyin.
- Jizzaxda “Turon”ga qarshi o‘yinda hakamning raqib darvozasiga noto‘g‘ri penalti belgilashi evaziga jamoangiz yutgandi. Bu safar esa hakamlardan jabr ko‘rdinglar. Shu bois, ko‘pchilik “So‘g‘diyona”ning “Turon” hamda “Nasaf”ga qarshi o‘yindagi hakamlik masalasi qizg‘in muhokama qilinyapti. Balki chempionatimizda VAR bilan ishlash bo‘yicha mutaxassislar etishmayotgandir. Qolaversa, hakamlik saviyasi ham asosiy o‘ringa chiqyapti...
- “Turon”ga qarshi o‘ynagan paytimizda hakam xatoga yo‘l qo‘ygan. Chunki o‘shanda unda qabul qilgan qarorini ko‘rish uchun VAR bo‘lmagan. Vaqt ham etmagan. U vaziyatni ko‘rganidan so‘ng, holatni penalti belgilashga mos keladi, deya noto‘g‘ri baholagan. Kechagi o‘yinda esa hakamda qarorini obdon o‘ylash uchun vaqt etarli edi. VARga ham murojaat qildi. Bundan tashqari, gol kiritilishidan oldingi holatlar videosini ko‘rishga ham ulgurdi. U buning uchun xotirjam tarzda 5-6 daqiqani sarfladi. Onlayn translyatsiyani va videotakrorni kuzatdi. Oxir-oqibat u “So‘g‘diyona”ning emas, balki “Nasaf”ning foydasiga ishlaydigan qarorni qabul qildi. Bu uning qarashi. Vaziyatni qanday qabul qilgani uning xohish-istagi bo‘ldi. Mening bu boradagi qarashim shundan iborat: u haq emasdi. O‘yinni boshqargan hakamning ism-sharifini aytishni istamayman-u, chempionat oldidan o‘tkazilgan majlisda o‘sha hakam ishtirok etmagan ko‘rinadi. Vaholanki, majlisda murabbiylar, hakamlar qatnashgandi. Bosh hakam haqqoniy golimizni inobatga olmay, “Nasaf”ning foydasiga qaror qabul qildi. U vaziyatga o‘z qarashlari tufayli baho berishni ma’qul topdi. Hakam vaziyatni o‘rganib, tahlil qilib chiqishni ham istamadi. Agar shunday yo‘l tutganida hammasi boshqacha bo‘lardi. Mayli, bu uning vijdoniga havola. Bundan keyin u qabul qilgan qarori noto‘g‘ri ekanligini o‘ylab iztirob cheksin, shu iztirob bilan uyg‘onsin. U o‘z qarorini to‘g‘ri deb bildi. Ammo mening fikrim shunday: hakam haq emasdi! Uchrashuvni boshqargan o‘sha hakam bu ishi bilan “So‘g‘diyona” futbolchilarini ruhan “o‘ldirdi”. Nima uchun va nima sababdan u mana shunday yo‘l tutdi?! Aftidan, hakam “So‘g‘diyona” futbolchilari haqqoniy gol kiritganlarini qabul qilishni istamadimikin? Nazarimda, “So‘g‘diyona”ning musobaqa jadvalida 2-o‘rinda borayotganini ko‘rish negadir unga yoqmayotgandek tuyuldi. Xullas, kishini o‘ylantiradigan savollar bor. Har qanday holatda ham uning qarorini muhokama qilmaslikni ma’qul ko‘raman. Baribir ich-ichimdan o‘sha vaziyatda hakam yuz foiz, million foiz nohaq edi, degan xitob otilaveradi. Yuqorida eslab o‘tganimiz, “Turon”ga qarshi o‘tgan uchrashuvda hakam juda tez qaror qabul qilgandi. “Nasaf” bilan bo‘lgan bahsda esa bosh hakam shoshilmasdan hammasini ko‘rdi.
- Nima deb o‘ylaysiz, hakam atayin “Nasaf”ga yon bosdimikin?..Sizda bu borada shubha-gumon yuzaga kelmadimi?
- Buni stadiondagi va teleekran qarshisidagi barcha muxlislar ko‘rishdi. O‘sha holatni muhokama qilmoqchi emasman. Holatni hakamning o‘zi ham, mutaxassislar ham, futbolchilar ham ko‘rishdi. Xullas, buni barcha ko‘rdi. Men uchun u umuman noto‘g‘ri qarorni qabul qildi.
- Sizningcha, Qarshidagi o‘yinda yuz bergan holat jamoangizga, shogirdlaringizning ruhiyatiga va ishtiyoqiga salbiy ta’sir o‘tkazmasmikin?
- Ehtimol, “So‘g‘diyona” kimgadir yoqmasdan musobaqa jadvalining yuqori pog‘onalaridan birida borayotgan bo‘lishi mumkin... Aftidan, jamoaning medallar uchun kurash olib borayotgani kimlargadir erish tuyulib, biz kimlargadir xalaqit berayotgandirmiz. Bilmayman...Men shunchaki vaziyatni, faktlarni ko‘rdim. “Nasaf” bizga qarshi bellashuvga qadar safarda “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘ynagandi. Ikkala o‘yin taqdirini kichik epizodlar hal qildi. Birinchisida ish penalti belgilanishigacha etib bordi. Vaziyat maydonning boshqa qismida yuz berib, ikkinchi qismida penalti belgilanishi bilan yakun topdi?! Ikkinchi, bizning o‘yinimiz bilan bog‘liq holatda nima uchun hakam halol tarzda kiritilgan golni bekor qildi? Agar musobaqa jadvalida 2-o‘rinda borayotganimiz kimlargadir erish tuyulayotgan bo‘lsa, u holda “So‘g‘diyona” medallar uchun kurashishga nohaq, deb e’lon qilib qo‘yishsin! Shunda biz dastlabki uchlikdan emas, 4- yo 5-o‘rin uchun kurashamiz. Nima uchun futbolchilarni, “So‘g‘diyona”ni xo‘rlashyapti? O‘rtoq hakam, nima uchun?! Vaholanki, hammamiz O‘zbekiston atalmish diyorda yashab, shu mamlakatning fuqarolari hisoblanamiz. Chempionatga chetdan kelib qo‘shilmaganmiz-ku! Hakamlar tomonidan “So‘g‘diyona”ga qarshi bunday hurmatsizlikni qanday tushunish mumkin? U holda jamoalarning o‘rinlarini belgilab qo‘yishsin. Shunda biz yuqori pog‘onalardan joy olish uchun kurashishni bas qilamiz. Holbuki, biz kerak bo‘lsa, kunni tunga ulab o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘ramiz. Ittifoqo, hakam keladida, o‘z qarashlaridan kelib chiqib, qaror qabul qilgan holda jamoani “o‘ldiradi”. Biz bir xil sharoitdamiz. Qarshining “Nasaf” jamoasiga bizda hech qanday e’tirozlar yo‘q. Shu fikrni klub rahbariyatiga nisbatan ham aytishim mumkin. Suhbatimizning avvalida aytib o‘tganimdek, o‘zimizni mag‘lub sifatida ko‘rmayapmiz. O‘rtoq hakam yutqazishimizni xohlab shunday qarorni qabul qildi. Agar biror-bir jamoa yuqoriga intilar ekan, uni chalib yiqitish to‘g‘ri bo‘ladimi?! VARdagilarning maydonda ishlayotgan hakamlar bilan bog‘lab turadigan mikrofonni hech kim eshitmaydi. Kelinglar, maxsus komissiya tuzib o‘sha holat chog‘ida ularning mikrofon orqali nimalarni gaplashganini, muhokama qilganini bilib olaylik! Shunday ish bilan shug‘ullanadigan maxsus direktsiyani tashkil etsak, ular hakamlar va VARdagilarning o‘zaro aloqa chog‘ida nimalarni gaplashayotganidan voqif bo‘lib tursalar yaxshi bo‘lardi. Qanday qaror, qanday tasavvur orqali qabul qilinayotganini hech kim bilmaydi. Agar maxsus komissiya tuzib, mojaroli holatlar o‘rganib chiqilib, hammasiga haqqoniy baho beriladigan bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi, chamamda. Ularning tor doiradagi gap-so‘zlarini hech kim eshitmaydi. Kengash tuzilib, mana shunday holatlar chog‘idagi suhbatlar tinglanib hammasiga odilona baho berish yaxshi bo‘lardi. Nega bunday qilishmaydi? Ishlashning mohiyati nimada? Agar Ulug‘bek Baqoev, siz ishlashimizga xalaqit beryapsiz, deya bu gapni menga yoki boshqa murabbiylarga aytishni istovchilar bo‘lsa, muddaolarini yashirmasdan ochiq-oydin tushuntirishsin. Agar “So‘g‘diyona” bu mavsumda medallardan biri uchun kurashayotgan ekan, nega uni bundan mahrum qilmoqchi bo‘lishyapti?! Nima uchun? Bunday adolatsizlikka shunchaki tomoshabin bo‘lib qarab turish oson emas. Hozirgacha golni nima sababdan bekor qilinganini sira hazm qila olmayapman. Buni menga hech kim tushuntirib ham bermayapti. Nega, nega?! Bosh hakam ham, o‘yin nazoratchisi ham buni menga izohlab bermadi. Men ular bilan shu haqda gaplashmoqchi bo‘ldim, ammo befoyda. Agar medallar uchun kurashar ekanmiz, u holda hakamlar bilan hisoblashishimiz kerakmi?! Mabodo, medallar kerak ekan, tarqatishsin. Biz 4-o‘rin uchun ham kurashaveramiz. Nafaqat “So‘g‘diyona”, balki boshqa jamoalar ham buning uchun kurashyapti. Jamoalarda bunday hurmatsizlik kimga kerak? Doimgidek savollar ko‘p-u, lekin javoblar yo‘q. Hakamdan nima uchun golni inobatga olmadingiz, “So‘g‘diyona” futbolchilari va muxlislarining ayblari nimada, deb so‘ramoqchi edim. Bu savollarimga hech qanday javob ololmadim. Hakam bu ishi bilan futbolchilarni haqorat qilgandek bo‘ldi. Agar u o‘zini haq deb hisoblayotgan bo‘lsa, u holda intervyu bersin va barchasini izohlab, hammaga tushuntirsin.
- “So‘g‘diyona” har qanday muxlisga yoqadigan hujumkor futbol namoyish etyapti. Qolaversa, jamoaning oxirgi yillardagi o‘sishi barchada iliq taassurot qoldirmoqda. Nimaning evaziga “So‘g‘diyona” bu darajada kuchayishga erishyapti?
- Buning hech qanday sabablari yo‘q. Hamma gap futbolchilarning o‘zlarida. Ular kuchlariga ishonch hosil qilgan holda chempionat medallaridan birini qo‘lga kiritishi mumkinligiga amin bo‘lyapti. Ular ruhan va jismonan kuchayib, o‘zlariga qattiq ishona boshladilar. Butun jamoa intizom, kuchli ishtiyoq va o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni his etmoqda. Buning uchun futbolchilarni olqishlamoq kerak. Ammo hurmatli hakam birgina qarori bilan ularning mehnatlarini chippakka chiqarishga urindi. Men o‘sha hakamning ism-sharifini aytishni ham istamayman! Men uni shunchaki o‘rtoq hakam, deyish bilan cheklanaman. Baxtga qarshi o‘sha hakam mag‘lubiyatsiz seriyamizni buzib qo‘ydi. Bundan keyin u futbolchilarimizga ko‘zi tushib qolsa, yuzlariga qanday qararkin? U ertaga va indinga qanday xotirjam uxlashi-yu, uyqudan uyg‘onishi mumkin...Agar vijdoni imkon bersa, balki xotirjam uxlar. Futbolchilarimiz o‘sha gol inobatga olinmaganidan so‘ng, xuddi yosh bolalardek yig‘lay boshladi. Ularni qo‘ldan kelgancha yupatishga harakat qildim. Futbolchilarning mehnatini zoe qilish yaxshi emas. O‘rtoq hakam, futbolchilar bo‘lmaganida siz ham maydonda ishlamasdingiz. O‘tgan yili “Neftchi” va “Turon” o‘rtasidagi o‘yinni ham o‘sha, men ism-sharifini aytishni lozim topmayotgan hakam boshqargandi. U qabul qilgan qaror tufayli maydonda mushtlashuv boshlanib ketgandi. U o‘zini aybsizdek ko‘rsatib, barchaning jaxlini chiqarmoqda. Biroq hakam boshqalarga o‘zini oppoq ko‘rsatish payida bo‘lyapti. Negadir u boshqargan o‘yinlarda shunga o‘xshash noxush voqealar yuz berayotgani kishini o‘ylantirib qo‘yadi. U “Nasaf”ga qarshi o‘yindagi to‘xtalishlar o‘rnini qoplash uchun 6 daqiqa qo‘shib bergandi. Lekin gol bekor qilinganidan keyin maydonda janjal yuzaga keldi. Bilasizmi, men o‘z vaqtida turli klublarda va milliy terma jamoamizda uzoq yillar to‘p surib, uning sharafini munosib himoya qilganman. Har doim O‘zbekiston termasida sevib o‘ynaganman va hamisha jon-jahdim bilan kurashganman. Shuning uchun futbolchilik davrimda hamma vaqt maydonga faqat g‘alaba qozonish maqsadida tushganman. O‘z navbatida endi shogirdlarimni ham shunga o‘rgatyapman. Shuni aytmoqchimanki, munosib tarzda yutqazsam buni to‘g‘ri qabul qilaman va shogirdlarimga ham shuni singdirishga harakat qilyapman. Lekin nomunosib tarzda mag‘lub bo‘lsak, buni xazm qila olmayman. “So‘g‘diyona” klubini va uning muxlislarini meni deb jabr chekishini istamayman. Bu jamoaning medallar uchun kurashishini va sovrinlarni qo‘lga kiritishini xohlayman. Men tufayli “So‘g‘diyona” noqulay ahvolga tushib qolmasligi kerak. Agar kimgadir xalaqit qilayotgan bo‘lsam, u holda kerak bo‘lsa, bugunoq jamoadan ketishga tayyorman, faqat Jizzax futboli va uning muxlislariga tegmang!
Fikrlar
риш умуман ортикча футболда виждон булмайди