
Umar Eshmurodov: Har doim ishonchga loyiq bo‘lishga harakat qilaman
Qarshining “Nasaf” klubi mavsumni muvaffaqiyatli boshlagan holda uchta o‘yinda uchta g‘alabaga erishdi. Ammo o‘tgan haftada Termizda “Surxon”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuv ikkala jamoa uchun ham juda qiyin kechdi. Biroq Ro‘ziqul Berdiev boshchiligidagi “nasaf”chilar mardonavor o‘yin ko‘rsatishdi. Vaholanki, yana doimgidek mavsum avvalida bu jamoaning kuchiga shubha bilan qaraganlar ham bor edi. Lekin chempionatga yaqin tarkib yana nisbatan kuchaytirildi. Bu borada jamoa etakchisi Umar Eshmurodovning “Paxtakor”dan qaytganini aytishimiz mumkin. U o‘tgan mavsum tugaganidan keyin chempion jamoa safiga ketgandi. Biroq yangi mavsum boshlanishi arafasida u baribir Qarshiga qaytishga qaror qildi. Natijada Eshmurodov yana “Nasaf”ning etakchisi sifatida o‘yinlarda ishtirok etmoqda. “Surxon”ga qarshi bahsdan keyin u bilan suhbatda bo‘ldik. Lekin futbolchi “Paxtakor” haqidagi savollarga hozircha javob berish niyatida emasligini aytib bizdan uzr so‘radi.
- Avvalo “Nasaf” jamoasini Termizdagi qiyin va muhim uch ochko bilan tabriklayman. Sizningcha, g‘alaba nimaning evaziga qo‘lga kiritildi?
- Tabrik uchun tashakkur. Menimcha, “Surxon” ustidan qozonilgan g‘alabamiz murabbiyimiz tomonidan tanlangan to‘g‘ri taktikaning mahsuli bo‘ldi deb o‘ylayman. Bundan tashqari, hozirgi vaqtda jamoamizning jismoniy holati ham raqibimiznikiga qaraganda yaxshiroq ekanligi ham g‘alaba qozonishimizga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi.
- O‘yin turli voqeliklarga boy bo‘ldi. Masalan, “Surxon” etakchisi Shavkat Salomovning maydondan chetlatilishi ham “Nasaf”ning g‘alabasiga qanchalik ta’sir qildi deb o‘ylaysiz?
- “Surxon” futbolchilari ikkinchi bo‘limni yaxshi boshlashdi. Albatta, tan olish lozimki, chetlatish maydon egalariga yanada qiyinchiliklar tug‘dirdi. Lekin ular o‘z maydonida muxlislari qarshisida o‘ynashayotgandi. Balki shuning uchun bo‘lsa kerak, raqib maydonda 10 kishi bo‘lib qolganidan keyin ham bizga bosim qilishda davom etdi. Ammo ularning bunday bosimlar o‘tkazishiga o‘zimiz ham sababchi bo‘lib qoldik deb hisoblayman. Bahs oxirlarida esa biz penaltidan foydalanib o‘yin taqdirini uzil-kesil hal qilib qo‘yishimiz ham mumkin edi. Ammo ko‘rganingizdek, biz hattoki penaltidan ham foydalana olmadik. Shunday bo‘lsa ham yakunda o‘zimizni qoniqtiradigan hisobni o‘yin oxirigacha saqlab qoldik.
- Shuningdek, Termizdagi bellashuvda qo‘polliklar, asabbuzarliklar ko‘p kuzatildi. Siz esa jamoadoshlaringizni xotirjamlikka chorlab turdingiz. Sizningcha, nima uchun o‘yinda asabbuzarliklar ko‘p bo‘ldi.
- G‘alaba qozonishni chin dildan xohlaydigan ikkita jamoa o‘rtasidagi o‘yin shu tarzda kechishi tabiiy hol, aslida. Umuman olganda, biz maydonga futbol o‘ynash uchun tushdikmi, demak faqat futbol o‘ynashimiz kerak. O‘zim ham uchrashuv davomida har xil vaqt cho‘zilishlariga mutlaqo qarshiman.
- Ammo sardor sifatida o‘yin chog‘ida jamoadoshlaringizni xotirjamlikka chaqirib, ularni nazoratda ushlab turish sizga qiyinchiliklar tug‘dirmadimi?
- Yo‘q, albatta. Ularga qo‘limdan kelganicha xotirjam o‘ynashlari uchun harakat qilaman.
- “Nasaf” bu yil ham asosan mahalliy tarbiyalanuvchilariga tayanmoqda. Shunga qaramay, jamoa mavsumni g‘alabalar bilan boshladi. Buning asosiy sababi nima bilan bog‘liq?
- Ha, ko‘z tegmasin, biz mavsumni g‘alabalar bilan boshladik. Lekin shuni unutmaslik joizki, hali hech nima yutilgani yo‘q. Biz yana ishlashda davom etishimiz kerak. Jamoadagi yoshlarimiz esa o‘yindan-o‘yinga o‘sib borishlarini istardim.
- Klub rahbari “Nasaf”ning bu yil kuchli uchlikka kirishi uchun kurashishini aytgandi. Bu ketishda klub syurprizlar ko‘rsatadiganga o‘xshaydi. Bu borada nima degan bo‘lardingiz?
- Biz har bir uchrashuvda faqat g‘alaba uchun o‘ynaymiz. Ko‘ramiz, mavsum oxirida qaysi o‘rinda bo‘larkinmiz? Lekin har qanday vaziyatda ham oldinga qarab intilaverish kerak. Ammo hozirdanoq biror nima deb taxmin yoki bashorat qilish yaxshi emas.
- Klubdagi iqtidorli o‘yinchilardan tashqari tarkibga xorijlik legionerlar ham qo‘shilishgan. Ular haqida fikringiz qanday? Legionerlar jamoaga qanchalik moslasha olyaptilar?
- Marko ham, Xaris ham yaxshi saviyadagi legionerlar ekanligi ko‘rinib turibdi. Albatta, ushbu futbolchilar jamoamizga moslashib ketishdi. Umid qilamanki, ularning jamoamizga hali ko‘p foydasi tegadi. Qolaversa, legionerlarning o‘zlari ham “Nasaf”ga kelib ancha-muncha o‘sishga erishishadi.
- “Paxtakor”dan qaytganingizdan keyin sizga yana sardorlik bog‘ichini ham topshirishyapti. Bu orqali sizga ishonch hali ham yuqori ekanligini ko‘rsatishdi. Bunday e’tiborni kutganmidingiz?
- Tan olishim kerakki, bunday bo‘lishini kutmagandim. Futbolchi uchun doimo murabbiy va rahbariyatning ishonchi juda muhim. Hamma vaqt ana shu ishonchga loyiq bo‘lishga harakat qilaman.
- Umuman aytganda, joriy mavsum oldingidan nimasi bilan farq qiladi deb o‘ylaysiz?
- Bu yilgi chempionatdan sovrinli o‘rinlar uchun ko‘proq jamoalar jiddiy kurashishini kutyapman.
Fikrlar