Umidli bokschimiz Abumalik Halakov rejalar, vazn toifasidagi raqobat hamda Qayrat Eraliev bilan jang haqida...

  • 4 may, 2020, 18:48
  • 1
  • Boks

Mamlakatimizda iste’dodli bokschilar juda ko‘plab topiladi. O‘smirlar va yoshlarimiz orasida bo‘lajak yulduzlar kamol topayotganligi, ular xalqaro arenalarda ajoyib natijalari bilan barchamizni birdek xursand qilayotganigi ham bor gap. O‘smir va yoshlar toifasida salmoqli natijalarni qayd etib, endigina kattalar o‘rtasidagi musobaqalarda ishtirok etayotgan bo‘lsa-da, aslo o‘zini yo‘qotib qo‘ymay, aksincha muvaffaqiyatli yurishini davom ettirayotgan bir qator iste’dodlar mavjud. Ular orasida Abdumalik Halakovni alohida ta’kidlab o‘tish zarur. U nafaqat yurtimizda, balki horijda ham kelajagi porloq bokschilar qatorida e’tirof etilmoqda. Biz o‘smirlar o‘rtasida Osiyo va jahon chempionati g‘olibi, Olimpiada chempioni, kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni hamda mazkur turnirning eng yaxshi bokschisiga beriladigan Rufat Risqiev kubogi sohibi va bir qator xalqaro turnirlar g‘olibi bo‘lgan yosh, umidli bokschimiz Abdumalik Halakov bilan suhbat qurdik. Quyida, ushbu intervyuni e’tiboringizga havola etamiz.

- Abdumalik keling avvalo, qaerda va qachon tavallud topganingiz, shuningdek, ilk murabbiyingiz haqida ma’lumot berib o‘tsangiz?

- 2000 yil 9 aprelda Buxoro shahrida tug‘ilganman. Birinchi murabbiyim Hamid Rahmatov bo‘lgan. Keyinchalik Davron G‘ofurov qo‘l ostida 6-7 yildan buyon shug‘ullanib kelmoqdaman.

- Yanglishmasam, Respublika Olimpiya zahiralari kollejini tamomlagan edingiz-a?

- Albatta, ushbu dargohni bitirib, ayni kunda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universtiteti 2-bosqich talabasiman.

Malik2

- Siz juda tez sur’atlarda tanilib, o‘zbek boks yulduzlari qatorida e’tirof etila boshladingiz, bunday holatlar yulduzlik kasalini yuzaga keltirishi mumkin. Sizda bu uchun vaktsina bormi?

- Albatta, ko‘plab sportchilar aynan yulduzlik kasaliga chalinib, oqibatda sinib qolishadi. Shukrki, menda bunday bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham... Chunki, erishayotganlarimning barchasini Yaratganning inoyati deb bilaman.

- O‘smirlar o‘rtasida ajoyib natija qayd eta oldingiz. Sizdan avval bunday muvaffaqiyatga qaysi hamyurtimiz erishganidan xabaringiz bormi, yana ham aniqroq aytsak, kimning rekordini yangilagan edingiz?

- Ha, bilaman. Bektemir Meliqo‘ziev ham shunday natijalar qayd etgandi. 

- Ayni vaqtda - 57 kg vazn toifasida harakat qilyapsiz. Lekin aynan o‘sish yoshida ekanligingizni inobatga olsak, Vazningizni - 63 kgga ko‘tarishingiz ehtimoli bormi?

- Bu vaznda harakat qilayotganimni sababi, 60 kg ni olib tashlagani bo‘ldi. Aslida, doimiy vaznim 59-60 da yuradi. Shunday bo‘lsa-da, barchasi organizmga bog‘liq. Bu borada ishonch bilan bir nima deyish qiyin. Agar vaznim oshib ketsa, ko‘tarishim mumkin. Unga qadar ushbu vaznda faoliyatimni davom ettiraman.

- Umuman olganda gavda tuzilishingiz 63 kgga to‘g‘ri keladi deb o‘ylaysizmi?

- To‘g‘risi, bunga unchalik ahamiyat bermayman. Vaznim 64 yoki hech yo‘g‘i 62 kgga ko‘tarilsa ham 63 kg vaznda tushaveraman.

- Ba’zi turnirlarda guvohi bo‘ldikki, jang mobaynida qo‘llaringizni tushirib, raqibni imkoniyatiga past baho berib yuborasiz... Aynan sanoqli mag‘lubiyatingiz shu tufayli yuzaga kelgandek taassurot uyg‘otdi. Balki bu odatni ham yo‘qotish vaqti kelgandir?

- Qo‘llarimni tushirib ishlashimning sababi, bu bilan raqibimni his qilaman. Bu odatimni yo‘qotish qiyin va yo‘qotmayman ham. Chunki, aynan ushbu uslubim bilan raqiblarimga qiyinchilik tug‘diraman. Uchralgan ikki mag‘lubiyatimga kelsak, belimda jarohatim bor edi. U tuzalishi bilan musobaqaga borganman va bundan qattiq afsuslangan edim. Sababi, formada emasdim.

- Aynan Kolumbiyadagi turnirdagi mag‘lubiyatingiz tushunarsiz bo‘ldi. Hakamga jahl qilib, jang qilgingiz kelmay qolganmidi?

- Bilasizmi, bu turnirdagi mag‘lubiyatim sababini yuqorida ta’kidlab o‘tdim. Qolaversa, jangning ikkinchi raundida qo‘limdan ham jarohat oldim. Ishlashga harakat qilayotganimda hakam jangni to‘xtataverdi. Shu tufayli mag‘lub bo‘ldim. Albatta, o‘zimni oqlamoqchi emasman. Barchasiga o‘zim aybdorman. Murabbiylarga holatimni aytishim kerak edi. Buning o‘ziga yarasha ijobiy tomoni ham bor. Ya’ni bu menga katta saboq va tajriba bo‘ldi.

- O‘zbekiston chempionati finalida Sardor Muzaffarov bilan duch keldingiz. Jang mobaynida g‘alaba qozonishingizni his qilganmidingiz?

- Sardor aka juda tajribali va tezkor bokschi. Munosabatlarimiz ham juda yaxshi. Avval ham birgalikda sparring ishlagan edik. Shuning uchun, u bilan qanday ishlashni bilar edim. Umuman olganda teng jang bo‘ldi. Kuchli bosim qildi. Lekin men o‘zimni ishimni qilib, g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldim. Albatta, g‘alaba qozondim deb o‘ylab turgandim. Yakunda, shunday ham bo‘ldi.

Sardor

- Professional boksga qiziqishingiz qanday, kuzatib borasizmi, kimlarning jang olib borish uslublari yoqadi?

- To‘g‘risi, qiziqishim u qadar yuqori emas. Muntazam tomosha ham qilmayman. Lomachenko va o‘zbekistonlik bokschilarga muxlislik qilaman va ular ishtirokidagi janglarni ba’zan kuzataman. O‘zim bu yo‘nalishga qanday kirib boraman, bu borada ham bir nima deya olmayman. O‘ylaymanki, professional boksda ham yurishim ajoyib bo‘ladi.

- Sizni xorijda ham umidli va kuchli bokschi sifatida e’tirof etishmoqda. Ya’ni sizni yaxshi bilishadi. Balki hozirdan sizga promouterlik kompaniyalari qiziqish bildirayotgandir?

- Juda ko‘p promouterlar yozdi. Ularga barchasini murabbiyim Davron G‘ofurov hal qilishini aytdim. Chunki, mening eng katta maqsadim kattalar o‘rtasida Olimpiada chempioni bo‘lishdir!

- Xelsinkidagi turnirda qozog‘istonlik jahon chempioni Qayrat Eralievga imkoniyat qoldirmadingiz. U o‘sha turnirdagi raqiblaringiz orasida eng kuchlisi ekanmi?

- Albatta, juda nufuzli turnir edi. Finalda qozog‘istonlik Eraliev bilan kuch sinashdim. To‘g‘risi, ushbu turnirda ruhiy hamda jismonan ham umuman qiynalmadim. Hamma Qayrat Eraliev haqida gapirishgan edi. Lekin menda zarracha qo‘rquv bo‘lgani yo‘q. Doim shundayman. Har qanday raqibga qarshi o‘z ishimni qilib, o‘zimning jang stsenariyimni o‘tkazib, yutib ketishga harakat qilaman.

Abdumalik1
- Sizning vazn toifangizda mamlakatimizdagi birinchi raqamli bokschi Mirazizbek Mirzahalilov hisoblanadi.Siz bu fikrga qo‘shilasizmi va yana kimlarni siz va Mirazizga raqobat qila olishga qodir deb o‘ylaysiz?

- To‘g‘ri, Miraziz aka juda chidamli va kuchli bokschi. Lekin O‘zbekistonda har doim zo‘rdan zo‘r chiqaveradi. Miraziz akani ham o‘zimni ham bu vazn toifasining har doimgi etakchisimiz deb ayta olmayman. Chunki, raqobat juda kuchli bo‘ladi. O‘zbekistondagi turnirlar xuddi jahon chempionati kabi o‘tadi. Shuningdek, O‘zbekistonda har bir vazn toifasida 5-6 ta teng kuchli raqobat ko‘rsata oladiganlar bo‘ladi. Alohida bir-ikkitasini ta’kidlab o‘ta olmaysiz.

- Mazmunli suhbat uchun tashakkur va kelgusi faoliyatingizda omadlar yor bo‘lishini tilab qolamiz!

- Katta rahmat!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Baxil Alihuja
06/05/2020 10:20
Бу вазнда Абдулхай Шорахматов кучли эди. Профессионалга утди. Миразиз 63 кг га утса керак, шунда Абдумалик бу вазнда энг кучли булиб колади.