Uni qarigan demang! “Siti” uni olsa, mavsumning eng zo‘r transferi bo‘ladi
Yaqin o‘tishning mashhur futbolchilaridan bo‘lgan Din Sonders Angliya Premier-ligasida chempionlik uchun kurashayotgan “Manchester Siti”ga fransiyalik yarim himoyachi N’Golo Kante bilan shartnoma imzolashni maslahat berdi.
- Aynan mana shu xarid mavsumning eng yaxshi transferi bo‘lishi mumkin. U tayanch zonada himoyachi kabi fikrlaydi va butun maydonni yopib beradi. Kante 34 yoshda-ku, dersiz? U hali ham yuqori darajada o‘ynay oladi, - dedi Sonders talkSPORT nashriga.
Din Sondersning fikricha, fransiyalik yarim himoyachiga bir yillik shartnoma taklif qilish kerak.
Kante avval Angliya Premier-ligasida “Lester” va “Chelsi” safida muvaffaqiyatli to‘p surgan. Ayni damda u Saudiya Arabistonining “Al-Ittiho” klubi sharafini himoya qilmoqda.
Joriy mavsumda futbolchi 17 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol urgan.
Fikrlar