UYaT! Noadekvat matbuot kotiblariga bag‘ishlanadi

  • 10 yanvar, 2022, 18:04
  • Javokhir Azimov
  • 2
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Ishonch bu - katta narsa. Uni oqlash har kimga ham nasib qilavermaydi. Ayniqsa, noxolis insonga. Bu tipdagi kishilarga mas’ul lavozim berilsa bormi, ana ko‘ravering tomoshani. Balki, ayni o‘rinda "sharmanda" so‘zini ishlatish ham o‘rinli bo‘lardi, ammo hissiyotga berilmaymiz. Bu aksariyat hollarda salbiy natijaga sabab bo‘ladi. Gapni qisqa qilib, bugun so‘z yuritmoqchi bo‘lganimiz muammo haqida fikr yuritamiz: Noadekvat matbuot kotiblari!

Oddiy muxlisga tushunarli bo‘lishi uchun so‘z avvalida izoh berib ketay: Bugun o‘zbek futbol jamoalari va sport federatsiyalari matbuot kotiblarining katta qismi xolislik bilan ishlamaydi. Balki, ular zamonaviy ish uslubiga egadir, ma’lumotlarni muxlislariga tezkor tarzda etkazib berar. Ammo ich-ichidan baribir "o‘ziniki"ga yon bosadi. Masalan, qaysidir klub matbuot kotibi (u mas’ul lavozimda ishlashi esdan chiqarilmasin!) biror yangilik borasida siz so‘ragan narsani aytmasligi mumkin. Boisi, siz uning ikkinchi (uning nazdida birinchi bo‘lishi ham mumkin) ishxonasida ishlamaysiz! Muhtaram muxlis, bu narsadan xabaringiz bormidi? Menimcha, yo‘q! Buni aksariyat jurnalistlargina biladi, xolos. Chunki men, biz bu muammoga duch kelganmiz, kelyapmiz.

Yuqoridagi gaplar orqali butun o‘zbek sportida mas’ul lavozimda faoliyat olib boradigan jurnalistlarni shunday demoqchi emasman. Shunchaki, guruch ichidagi kurmaklar daragini sizga ham berib qo‘yishni maq’ul ko‘rdim. Balki endi o‘zingiz kuzatib boradigan sport federatsiyalari va futbol klublariga tegishli "Telegram" kanallarda faqat bir manbaga ko‘zingiz tushishi sababini anglagandirsiz. Unday emasmi, biroz sabr qiling! Bugun-erta albatta, uchratasiz. Chunki noadekvat matbuot kotiblari hamon "javlon urmoqda!" Achinarlisi shunda-ki, ular bu ishni to‘g‘ri deb hisoblaydi. Yana bir jihat bu illatning chuqur ildiz otishiga sabab bo‘lgan, nazarimda. Ularni nazorat qilishi kerak bo‘lgan insonlar e’tiborsiz. Balki, unaqa emasdir. Birovga tuhmat qilishdan yiroqman.

Men ko‘rganini yozadigan jurnalistman, heyter yoki provokator emas! Shu bois, yuqoridagi xatboshining ilk gapiga qo‘shimcha qilsam, adolatdan bo‘lardi. Men shunday matbuot kotiblarini bilaman, ular hamon qaysidir OAVda qo‘shimcha tarzda ishlasa ham, mas’ul lavozimini suiiste’mol qilmaydi. Kim, nima so‘rashidan qat’i nazar, xolislik bilan javob qaytaradi. Aslida hamma shunday ishlasa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Kotiblarning noadekvatligi - muammo. Bunga bir necha holatni sabab qilib ko‘rsatish mumkin: kadrlar etishmovchiligi, maosh kamligi (vijdon masalasini keltirishni ma’qul ko‘rmadim). Echim ham oddiy: shu kemtiklarning o‘rni qoplanishi. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmaydi. Mana gap nimada. Bugun OAVda ishlayotgan yosh ijodkorlar ertaga matbuot kotibi ham bo‘lar. Ana o‘shanda ular bugungidek yo‘l tutmaydi. Yoki bugun matbuot kotibi ko‘proq maosh olsa, balki 2-3 ta ish joyida ishlamas. Bu ham bir variant.

Darvoqe, bugun matbuot xizmatiga ishlaydigan jurnalistlarda bir salbiy holat kuzatilmoqda: Klub "Telegram" kanalini shaxsiy blogga aylantirib olish. Kulgili a?! Umuman olganda, bu fojia! Hazil, "troll" o‘z yo‘liga. Rasmiy minbardan turib o‘ta sub’ektiv fikr bildirishga jurnalistning haqqi yo‘q!

Bu maqola kimnidir xalqqa yomon ko‘rsatish yoki uni kamsitish maqsadida yozilmadi. Shunchaki, futbolimizda oddiy muxlis ilg‘ashi biroz qiyin bo‘lgan muammoni yoritishga harakat qildim. Vaqt topib tafakkur qilib ko‘ring, hurmatli matbuot kotiblari!

Javohir Azimov

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Baxil Alihuja
12/01/2022 17:47
матбуот котиби 1та, ёки 2та булса етади. Бухоро жамоасида 4та матбуот котиби бор эди.
&
Мехриддин Абдурахмонов
10/01/2022 22:25
Тугри фикр. Бази сайтларда клублар матбуот котиблари ишлашади, барибир ен босишади.