
Vadim Abramov: "Bu sizlar qatori meni ham xursand qiladi"
«Surxon» - «Dinamo» (0:2) uchrashuvidan keyin samarqandliklar bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida ishtirok etib, Termizdagi g‘alaba va O‘zbekiston milliy va yoshlar jamoasiga chaqirilgan shogirdlari haqida fikrini bildirdi. Bu haqida klub matbuot xizmati ma’lum qildi.
«Bugungi bahs qiyin o‘tishini oldindan taxmin qilish qiyin emasdi, «Surxon» yaxshi va o‘ynaydigan jamoa. Bugun ham yuqori chiziqda o‘ynashga tayyor edik. Birinchi bo‘limda ikkita gol urgach, yana qator vaziyatlarga ega edik, ammo yana gol kirita olmagan bo‘lsak-da, bahsni nazorat qildik. Ikkinchi bo‘limda esa ko‘proq hisob uchun o‘ynay boshladik. Muhimi g‘alabaga erishdik. Endi tiklanib, tanaffusdan keyin yana mashg‘ulotlarga qaytamiz.
- Kubok yarim finalidan keyin jamoangiz alamli mag‘lubiyatga munosib javob qaytarishi kerakligi haqida gapirgan edingiz, shunday bo‘ldi ham...
- Xafa bo‘lmaymiz demagandim, chunki finalga chiqa olmagan har qanday jamoa xafa bo‘ladi. O‘sha mag‘lubiyatga jamoa qanday reaktsiya qilishini ko‘rmoqchiman degandim. Ikki o‘yinda ikki g‘alabaga erishdik, olg‘a borishda davom etamiz. Chunki hali kurashda ekanimizni ko‘rsatdik.
- So‘nggi yillarda ilk bor «Dinamo»dan ikki nafar futbolchi O‘zbekiston milliy jamoasiga, ikki nafari yoshlar jamoasiga chaqirildi va yana ikki nafari Olimpiya jamoasi a’zosi...
- Bu sizlar qatori meni ham juda xursand qiladi, bu o‘yinchilarga yanada shijoat bag‘ishlaydi. Qolaversa, bu «Dinamo» jamoasi uchun ham faxr va katta sharaf, - deydi Vadim Karlenovich.
Fikrlar