Vasiliy Lomachenko va Teofimo Lopec jangi g‘olibi 4 ta kamarni qo‘lga kiritsa-da, mutloq chempion bo‘lmaydi. Nima uchun?

  • 26.09.2020 09:03
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks

Engil vazn toifasining eng kuchli vakillari Vasiliy Lomachenko va Teofimo Lopes jangida 4 ta nufuzli WBC “Franschise”, WBA, WBO Super va IBF chempionlik kamari tikilgan bo‘lsa-da, ushbu to‘qnashuv mutlaq jahon chempionligi unvonini bermaydi. Biz buning sababi va mazkur vazndagi holatni tushuntirib berishga harakat qilamiz.

Ma’lumki, so‘nggi vaqtlarda profescional boksda turli mavqega ega bo‘lgan chempionlik kamarlari ta’sis etilmoqda. Shu bilan birgalikda ushbu kamarlar ko‘plab tushunmovchiliklarni ham keltirib chiqarayotganligi sir emas. Shulardan biri aynan Lomachenkoga tegishli WBC  “Franschise” kamari hisoblanadi. Deyarli 1 yil avval ukrainalik Lomachenko (14-1, 10 KO) Londonning “O2” arenasida Lyuk  Kempbellni (20-3, 16 KO) ochkolar hisobida mag‘lubiyatga uchratib, vakant bo‘lgan WBC jahon chempionligi kamarini qo‘lga kiritgandi. Keyinchalik esa, WBC tashkiloti Lomachenkoga “Franschise” ya’ni daxlsiz champion maqomini beradi va unga hech qachon majburiy himoyani amalga oshirmaslik imtiyozini taqdim etadi.

Bu kamar ushbu yo‘nalishda eng nufuzli bo‘lsa-da, shunchaki imtiyozli kamarga aylandi hamda haqiqiy jahon chempionligi kamari vakant qo‘yildi. Vakant kamar esa, o‘z o‘zidan o‘sha vaqtda muvaqqat chempion hisoblangan Devin Xeyniga o‘tadi va hozirda WBC jahon chempionligi kamari aynan Xeyniga tegishli bo‘lib turibdi. Demak, ma’lum bo‘ladiki, Lomachenko va Teofimo Lopes jangi g‘olibi amalda 4 ta eng nufuzli kamar egasiga aylansa-da, qoida bo‘yicha haqiqiy 3 ta jahon chempionligi kamari va bitta imtiyozli WBC “Franschise” kamar sohibiga aylanadi. Bu esa, mutlaq jahon chempioni bo‘lish uchun etarli bo‘lmaydi. Mutlaq jahon chempioni bo‘lishi uchun esa, ushbu jang g‘olibi WBC yo‘nalishidagi jahon chempioni Devin Xeynidagi kamarni ham birlashtirishi zarur.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!