
Xayrulla Hamidov: "Roysga hayotda ishonsa bo‘ladi, u – mard yigit, lekin maydonda ishonib bo‘lmaydi", deganda Lyusen Favr haq bo‘lgan
Taniqli sharhlovchi Xayrulla Hamidov telegramdagi sahifasida bugun tug‘ilgan kunini nishonlayotgan Marko Roys haqida fikrlarini yozib qoldirdi. Unda sharhlovchi Roysning jarohatlarga moyilligi, iste’dodi va karantindan so‘ng ham jarohat olgani borasida to‘xtaldi.
- 1989 yilning 31 mayida Dortmundda Marko Roys tug‘ildi. Dortmundning sadoqatli o‘g‘loni shu tug‘ilgan maskanidan ketishni istamaydi, endi biror bir jamoa sotib olmoqchi bo‘lsa, jarohat olib bo‘lsa ham qoladi klubida. Chindan-da yuksak iste’dod sohibi. Juda katta kelajak va’da qilgan, biroq jarohatlari tufayli faoliyatining yarmidan ko‘pini lazaretda o‘tkazib yuborgan noyob talant.
"Roysga hayotda ishonsa bo‘ladi, u – mard yigit, lekin maydonda ishonib bo‘lmaydi. Endi ishonaman deganingda jarohat olganini eshitasan!” deganda Lyusen Favr haq bo‘lgan. Vaholanki, bu gaplarni u 2011 yilgi oltin Myonxengladbax tarkibini tuzgan davrlari aytgan. Roys jarohatga o‘ta moyilligi uchun ne-ne katta turnirlarni o‘tkazib yubordi. Maydonga qaytganda o‘z darajasini ko‘rsataveradi. Ya’nikim, boshqa o‘yinchilar kabi o‘yinga moslashmaydi, o‘sha – kuchli o‘yinini ko‘rsatib boshlaydi. Sababi, menimcha, navbatdagi jarohatni olib, futbolsiz hayotga ketar ekan, qaytishni sog‘inadi va katta ishtiyoq bilan qaytadi. Shu bois, ishtiyoq evaziga darajasini ko‘rsata oladi.
Besh yoshida o‘ynashni boshlagan. Ikki yosh kattalar bilan o‘ynagan va bolalar turnirida bir mavsumda 36ta gol yo‘llagan. Birinchi murabbiyi Dortmundlik ayollar murabbiyasi Agdrea Shyurmann. Ba’zi jurnalistlar hazillashib, jarohatga moyilligini shunga bog‘lashadi.
Yana bir o‘xshashlik borki, Marko o‘z ideali deb yaqin o‘tmishda Chexiya futbolining namoyondasi bo‘lgan Tomash Rasitskiyni biladi. To‘p bilan nozik harakat qiladigan, tezkor va ajoyib zarbaga ega bo‘lgan Tomash ham faoliyatining ko‘p qismini lazaretda o‘tkazib yuborgan. Ustozdan o‘tmagan shogird shogirdmasmidi?!
Roys Borussiyadagi Vestfalenshtadiondan ikki kilometr narida yashaydi. Bu sadoqatdan emas, 17 yoshida kvartira sotib olayotgan mashina haydash yoshida bo‘lmagani uchun yaqinroqdan uy qidirgan va topgan. Roys karantindanki jarohat bilan chiqdimi, boshqa gapga hojat qolmadi. Nachora, - dedi Xayrulla Hamidov.
Fikrlar