Xorijlik murabbiy: Bu futbolchilarning birortasi Husanov darajasiga chiqolmaydi!
Belaruslik mashhur futbol mutaxassisi Anatoliy Yurevich ko‘p yillik sukutni buzib, sport5.by nashriga bergan intervyusila belaruslik futbolchilarning nega yuqori xalqaro darajaga chiqa olmayotganining sababini aytib berdi.
Bu suhbat o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanovning muvaffaqiyatlari muhokamasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Husanovning shakllanishida Anatoliy Yurevichning ham katta hissasi bor.
Bugungi kunda O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Angliyaning “Manchester Siti” klubi himoyachisi Abduqodir Husanovning shakllanishidagi eng muhim bosqich aynan Belarusda o‘tdi.
Uch yil davomida Abduqodir Anatoliy Yurevich rahbarligida Minskning «Energetik-BGU» (hozirgi “SKA-1938”) klubi tizimida rivojlandi va uning jahon futboli sari tezkor yuksalishi aynan shu yerdan boshlandi.
- Oddiy muxlis sifatida mening e’tiborimni Husanovning ajoyib tezlanish qobiliyati va atletizmi tortadi. Shu bilan birga, u ushbu ikki sifatni shunchalik muvozanatlashtirganki, bugun u dunyoning eng yaxshi himoyachilari qatoriga kiradi. Siz o‘zbekistonlik futbolchini 16 yoshidan bilasiz. Keng jamoatchilik bilmaydigan kuchli jihatlarini ochib bersangiz.
- Men doim futbolchilar yaratilishini tushuntiraman. Ular qaysi chempionatda o‘ynashi muhim emas. Muhimi – ularning mavjud sifatlari. Abduqodirda ikki sifat eng yuqori darajada rivojlangan: birinchisi – ichki o‘zak, ya’ni xarakter, aynan shu narsa bizning yigitlarga yetishmaydi. Ikkinchisi esa, uning o‘rganish qobiliyatining fantastik darajada ekanidir. Men nima demoqchi ekanimni chuqur tushunish kerak.
- Demak, sizni to‘g‘ri tushunsam, Belarusda ham shunday iqtidolar yetarlicha, ammo ularga mehnatsevarlik yetishmaydimi? Ular juda erkami?
- Ha, ko‘p hollarda, xuddi shunday. Mashg‘ulot qilishni bilmaslik, motivatsiyaning yetishmasligi va ishga munosabat ko‘proq havaskorlarga xos. Pirovard maqsad va yakuniy natijaga erishishga ishtiyot va harakat yo‘q.
- Nima uchun Husanov “Manchester Siti” darajasigacha o‘sdi, belaruslik futbolchilar esa bunga erisha olmayotganining yaqqol misolini keltira olasizmi?
- Har bir futbolchining o‘z chegarasi bo‘ladi. Murabbiyning vazifasi esa undan maksimal natijani chiqarib olishdir. Uni gul g‘unchasidek ochish kerak.
Amo yana bir bor ta’kidlayman: murabbiy o‘z ijodida to‘liq ijrochilarga bog‘liq bo‘ladi. Murabbiyning vazifasi – aniq ishni taklif qilish, futbolchining vazifasi esa uni aniq va ongli ravishda to‘liq bajarishdir.
Mana shu ikki narsa uyg‘unlashganda haqiqiy futbolchi paydo bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov Toshkentning “Bunyodkor” klubi akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi, ammo asosiy jamoa safida birorta ham rasmiy o‘yin o‘tkazmagan.
U 2022 yilda, 16 yoshida Minskning “Energetik-BGU” klubiga ko‘chib o‘tdi va u yerda Anatoliy Yurevich qo‘l ostida ish boshladi.
2023 yil yozida istiqbolli himoyachini Fransiyaning “Lans” klubi 450 ming yevro evaziga sotib oldi. 2025 yil yanvar oyida esa “Manchester Siti” uni 40 million yevro evaziga o‘z safiga qo‘shib oldi. Bu O‘zbekiston futboli tarixidagi rekord transfer summasiga aylandi.
Hozirgi vaqtda Husanovning transfer qiymati o‘zbek futboli uchun rekord ko‘rsatkich – 50 million yevroga baholanmoqda.

Fikrlar