Xose Mariya Mendes – O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi
Ispaniyalik taniqli futzal mutaxassisi Xose Mariya Mendes Oʻzbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Oʻzbekiston futzal federatsiyasi hamda murabbiy oʻrtasida ikki yillik shartnoma imzolandi.
Mendes mamlakatimiz futzal ishqibozlariga yaxshi tanish. U muqaddam ikki bor Oʻzbekiston milliy terma jamoasini boshqargan: dastlab 2011–2012 yillarda, soʻng 2014–2017 yillarda. Uning rahbarligi ostida terma jamoamiz Osiyo chempionatida 2014 yilda bronza, 2016 yilda esa kumush medalni qoʻlga kiritgan.
52 yoshli Xose Mariya Pazos Mendes — Pulpis 1974 yil 28 mart kuni Ispaniyaning Lugo shahrida tavallud topgan. Futzalchilik faoliyatini oʻzining qadrdon shahar jamoalari — “Lugo” hamda “Autos Lobelle” klublarida darvozabon sifatida boshlagan.
1996 yilda klub rahbariyati bosh murabbiyni isteʼfoga chiqargach, ushbu lavozim Mendesga taklif etiladi. Shu tariqa u 22 yoshida oʻyinchilik faoliyatini yakunlab, murabbiylik faoliyatini boshlaydi.
Ikki yillik faoliyatdan soʻng u boshqa klublardan takliflar oladi va “Melilya”, “Kafe Kandelas Lugo”, “Valensiya”, Xorvatiyaning “Orkan”, shuningdek, “Barsel” jamoalarida ishlaydi.
2008–2009 yillarda Tailand, 2010 yilda esa Vetnam milliy terma jamoasini boshqargan. Shundan soʻng uning Oʻzbekiston bilan bogʻliq faoliyati boshlandi. Milliy terma jamoamizdan tashqari, 2016–2017 yillarda mamlakat chempioni “Ardus” klubida ham faoliyat yuritgan. Shuningdek, Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasiga asos solib, qator iqtidorlu futzalchilarni kashf etgan.
2019–2026 yillar davomida u yana Tailandda faoliyat olib bordi. Murabbiy sifatida ikki karra Osiyo kubogi vitse-chempioni, bronza medali sovrindori, shuningdek, klublar oʻrtasidagi Osiyo chempionati hamda Osiyo kubok egalari kubogi gʻolibi boʻlgan.
Oʻzbekiston futzal federatsiyasi Xose Mariya Mendesga milliy terma jamoamiz bilan futzal tariximizda yangi sahifalarni ochishiga ishonch bildirdi.

Fikrlar