
Xususiy futbol. Osiyoda bu - utopiya! Yohud Yevropada 8 g‘alaba va 7 ochko ortidan topilgan 3 yillik byudjet haqida
Professional futbolni rivojlantirishda ikki asosiy yo‘nalish bor: birinchisi, mamlakatning boy bo‘lishi va futbolga cheksiz homiylik kafolatini olishi bo‘lsa, ikkinchisi - xususiy sektorning futbolga sarmoya kiritishi. Qaysi biri samaraliroq, degan savolga esa turli nuqtayi nazar va tajribalar bilan javob berish mumkin. Masalan, O‘zbekiston misolida qaraydigan bo‘lsak, davlat futbolga o‘z g‘aznasidan (soliq to‘lovchilar tushumidan) pul berar ekan, bu pullarning sarfini har doim ham nazorat qila olmaydi. Chuqurroq qaralsa, davlat katta daromadli kompaniyalarga futbol jamoalarini qo‘llab-quvvatlash evaziga soliq va yana turli imtiyozlar taqdim etadi. Ya’ni, futbolga pul berayotganlarning maqsadi futbolni rivojlantirish emas, va’da qilingan imtiyozlarga, umuman futbolga aloqasi bo‘lmagan vositalarga ega bo‘lish.
Hukumat professional futbolni moliyalashtirishdan oladigan yagona yutuq bu - xalqaro maydonda mamlakat imidjining oshishi yoki aholi uchun ko‘ngilochar tadbirlar sonini bittaga oshirish bo‘lishi mumkin. Evropa davlatlari orasida faqatgina Rossiya shu yo‘ldan yurishda davom etyapti xolos. Qolganlar allaqachon ikkinchi yo‘nalishga o‘tib bo‘lishdi yoki o‘tish yo‘lida harakat qilishmoqda. Xo‘sh, ikkinchi yo‘nalishdagi prioritetlar birinchisidan nimasi bilan farq qiladi va nega biz ham bu yo‘ldan yurishimiz kerak? Bugungi maqola orqali aynan xususiy futbol va unga ikki xil qit’ada bo‘layotgan ikki xil munosabat haqida fikr yuritamiz.
Ë zamon yo makon. . .
Futbolimiz mutasaddilari anchadan buyon hozirgi sharoitda (menimcha, har doim bir xil sharoit nazarda tutiladi) futbolni to‘liq xususiylashtirib bo‘lmasligini aytib kelishadi. Bu o‘zbek futbolini 5-6, hatto 10 yillab orqaga ketishiga sabab bo‘lishidan havotirlanishadi. Ammo, oxirida yorug‘lik ko‘rinayotgan tunneldan emas, borgan sari zulmatlashib borayotgan tunnelda ekanliklarini tushunishmaydi, yoki tushunishni istashmaydi. Men esa bu havotirlar va ularning xususiy futbol tomon qilayotgan harakatsizliklarini yaxshi tushunaman. Agar hukumat ertadan professional futbolga pul berishni to‘xtatib qo‘ysa, Superliga va Pro Liga birlashganda ham bitta ligada 10 ta jamoa qolmasligini, shundoq ham odamkirmas stadionlar tashlandiq maskanga aylanib ketishini yaxshi tushunaman. Ammo, yaxshi o‘zgarishlar bo‘lishiga ham umid bor. Masalan, byudjet tarmog‘idan uzilganidan bir kun o‘tib, "Paxtakor" Kuxarchik qatori bir nechta legionerlariga javob berib yuborishi, "Surxon" esa palon-pul to‘lab Toshkentda yashashdan tiyilib, kamtarlik bilan Termizga qaytib, maydon sifatini yaxshilash - "bevatan" yashashdan arzonroq va samaraliroq ekanligini anglashi, bitta gol yo g‘alaba uchun mashina va ayfonlar berayotgan hokimning endi umuman "Bobur Arena"ga kelmay qo‘yishi - yaxshilikka emasmi?!
Xususiylashgan klublar kelgusida qanday qilib o‘zlarini tiklab olishi faqat vaqt va iqtisod masalasi emas. (Ikkinchi yo‘nalish) Futbolga sarmoya kiritayotgan tomon, albatta, moliyaviy manfaat haqida o‘ylaydi va kamida xarajatlarining ma’lum qismi qoplanishini bilsagina investorga aylanishi mumkin. Buning uchun reklama bozori, futbol auditoriyasining (iqtisodiy) xarid qobiliyati yuqori darajada shakllangan bo‘lishi kerakligi haqida juda ko‘p aytilgan. Lekin, bunday zamonni kutib, noto‘g‘ri yo‘lda turg‘un turishdan (yurishdan, yugurishdan) mantiq yo‘q. Biz zamonga ta’sir eta olmasak, makonni o‘zgartira olamiz (menimcha tushundingiz). Evropada o‘zbek jamoalari va futbolchilari hukumat yordamisiz ham "non topa olishlariga" shaxsan men ishonaman.
Evropada: 8 g‘alaba va 7 ochko keltirgan 3 yillik byudjet.
Tarkibi "Paxtakor"nikidan atiga 1 mln evroga qimmatroq bo‘lgan Moldova jamoasi qanday qilib 8 g‘alaba orqali 3 yillik byudjetini ishlab topgan edi? 2021/22 yilgi UEFA Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga Tiraspolning "Sherif" jamoasi ham yo‘l oladi. Ilk saralash bahslarida moldovaliklar Albaniyaning "Teuta", Armanistonning "Alashkert", shuningdek hal qiluvchi o‘yinlarda "Tsrvena Zvezda" va Zagrebning "Dinamo"sini mag‘lub etib, o‘z tarixida ikkinchi marotaba EChL guruh bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritishadi. Tiraspolliklar saralash bahslaridagi umumiy 8 o‘yinning 6 tasida g‘alaba qozonishadi. Keyin esa jamoa qur’a natijalariga ko‘ra, "o‘lim guruhi"dan o‘rin olishadi: "Real Madrid", "Inter" (Milan) va "Shaxtyor" (Donetsk).
"Sherif" guruh bahslarida 2 g‘alaba va 1 durang orqali 7 ochko jamg‘aradi va 3-o‘rinni egallab, Evropa Ligasiga yo‘l oladi. Ikki g‘alabaning biri Madridda "Santiago Bernabeu" stadionida "Real" ustidan qo‘lga kiritiladi va o‘sha bahsda hamyurtimiz Jasur Yaxshiboevning ham gol urgani barchamiz uchun uchrashuv va g‘alaba ahamiyatini oshirib yuborgan edi.
Tarkibining asosi legionerlardan tashkil topgan "Sherif" jamoasi o‘sha mavsumda Chempionlar Ligasida o‘tkazgan o‘yinlari orqali 22,9 mln evro ishlab topadi (guruh bosqichiga chiqqanligi uchun 15,6 mln evro, guruhdagi har bir g‘alaba uchun 2,8 mln, durangga esa 0,9 mln evro). Shuningdek, guruhda 3-o‘rinni egallab, UEFA ning 2-darajali musobaqasi sanalmish - Evropa Ligasiga yo‘l olish orqali qo‘shimcha 0,93 mln evroga ega chiqadi. Shu tariqa Tiraspol shahri jamoasi 2021/22 yilgi mavsumda evrokuboklar orqali UEFA dan 23, 8 mln evro olishga erishadi. Bu daromadlar sirasiga teletranslyatsiya, marketing va chiptalar sotuvidagi tushumlar kiritilmagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018-2021 yillarda "Sherif" transferlar va oylik maoshlar uchun 18 mln evro sarflagan. Bundan ko‘rinadiki, evrokuboklarning 2021/22 mavsumidagi natijalar ortidan moldovaliklar 3 yillik byudjetini ishlab topishgan edi.
Qayd etish kerakki, "Sherif" kabi jamoalar EChL guruh bosqichiga chiqa olishmagan taqdirda ham, saralash o‘yinlaridagi 2-3 g‘alaba orqali kamida yarim yillik xarajatlariga etadigan pulni ishlab olishyapti. Evropa Ligasi va Konferentsiyalar Ligasida beriladigan mukofot pullari ham MDH jamoalari uchun yaxshi daromad bo‘la oladi.
Osiyoda 1 yillik byudjetni ishlab topish uchun nimalar qilish kerak?
Yuqoridagi raqamlardan keyin o‘zbek jamoalari Osiyo maydonlarida qanday natija ko‘rsatsa, "o‘z kunini ko‘rishlari" mumkin, degan qiziq savolga javob izlashga harakat qildim. O‘rtacha bitta O‘zbekiston klubi moliyaviy mustaqillikka erishish uchun Osiyo Chempionlar Ligasida kamida finalga qadar etib borishi kerak ekan. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan e’lon qilingan 2022-yilda eng ko‘p zarar ko‘rgan TOP-20 davlat korxonalari reytingida "Bunyodkor" va "Paxtakor" jamoalari mos ravishda 27,5 va 25,2 mlrd so‘m kamomad bilan o‘rin olganligidan kelib chiqsak, bu bugungi kurs bo‘yicha poytaxt jamoalari bir mavsum uchun kamida $2 032 250 sarflashini anglatadi. OChL finalchisi $2 mln, chempion esa $4 mln oladi. Demak, "Paxtakor" bu mavsum qit’amizning klublar o‘rtasidagi eng nufuzli musobaqasida finalga qadar etib borsa, yilni kamomadsiz yakunlashi mumkin ekan.
OFK dek tashkilot OChL da belgilagan bunday mukofot pullarini ko‘rish - juda achinarli. Qit’amiz futboliga mas’ul kishilarni xususiy futbol mutlaqo qiziqtirmaydi. Osiyodagi eng katta jamoalar odatda mamlakat fondiga yoki davlat ulushi bo‘lgan yirik kompaniyalarga tegishli bo‘ladi. Quyida OChL da chempion bo‘lgan so‘nggi 10 jamoaning kimga tegishli ekanligini ko‘rishingiz mumkin. Faqatgina Avstraliyaning "Uestern Sidney" jamoasi xususiy sektorga tegishli jamoa sifatida OChL bosh sovrinini yutgan.
Qisqa qilib aytganda, Osiyoda xususiy futbol haqida o‘ylashdan ma’no yo‘q. Jamoalar faqatgina transferlar evaziga mustaqil pul topishlari mumkin, ammo har yili yulduzlar qaynab chiqayotgan Yaponiya va Janubiy Koreyada hali ham transfer tushumlari futbol xarajatlarini to‘liq qoplay olmayapti. Balki, ular ham "ko‘hna qit’a"da bo‘lganida, hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi. . .
Azaliy orzu. . .
Afsuski, Jahon chempionatiga chiqish deyarli har bir o‘zbekistonlik futbol muxlisining azaliy orzusiga aylanib qolgan. Har bir namanganlik "Navbahor"ni OChLda ko‘rishni salkam 30 yil kutgani kabi mundial orzusi ham bizga hech nima bermaydi. E’tibor bering, Chempionlar Ligasiga chiqqunga qadar namanganliklar stadionni to‘ldirib, "OChL" yozuvli perfomanslar qilishdi, ammo, "Navbahor"ning OChL doirasida Namanganda o‘tgan ikki o‘yinida stadion nega huvillab qoldi? Chunki, hammani birlashtirib turgan orzu, umid endi yo‘q. . . Aniqrog‘i unga erishib bo‘lindi, birlashtiruvchi keyingi orzu nimaligi mavhum.
Mundial ham shunday orzu bo‘lib qolishidan qo‘rqaman. Biz futbolimiz rivojini istaymizmi yoki bir turnida ishtirok etish uchungina bu jamoaga muxlislik qilyapmizmi?
Agar mundialga chiqish osonligi uchungina Osiyoda qolish fikrida bo‘lsangiz, 2026 yildan keyin bu maqolani qayta o‘qishingiz mumkin.
Ushbu maqoladagi barcha fikrlar muallifning shaxsiy qarashlarini ifodalaydi.
Husan Sobitov
Fikrlar