Yana 2 ta oltin va 2 kumush medalini qo‘lga kiritdik!

  • 21.06.2026 18:51
  • Javohir Malikov
  • 0
  • Boks
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Xitoyning Guiyang shahrida o‘tkazilgan "World Boxing" tashkiloti kubogining final janglari yakunlandi. Kunning 2-dastur bahslarida 4 nafar vakilimiz oltin medal uchun ringga ko‘tarildi.

-50 kg vazn toifasida Asilbek Jalilov qozog‘istonlik Sanjar Toshkenbayga qarshi bahs yuritdi. Juda qiziqarli kechgan jangda Jalilov 2:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi va kumush medal bilan cheklandi.

-57 kg vazn toifasidagi vakilamiz Nigina O‘ktamova Jahon kubogi finalida hindistonlik Prachiga qarshi ringga ko‘tarildi. Har uch raundni ko‘tarinki ruhda o‘tkazgan O‘ktamova raqibasiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Yakunda 5:0 hisobida g‘alaba qozongan Nigina Jahon kubogi oltin medalini qo‘lga kiritdi! Ma’lumot uchun, O‘ktamova yoshlar o‘rtasida ham jahon chempionatida zafar quchgan edi.

-80 kg vazn toifasida Jahon kubogida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan, Javohir Ummataliyev final jangini yakunladi. U hal qiluvchi bahsda braziliyalik Vanderley Pereira bilan kurash olib bordi. Juda shiddatli va murosasiz kechgan to‘qnashuvda Ummataliyev xarakter ko‘rsata oldi va 3:2 hisobida g‘alabaga erishdi. Bizda navbatdagi oltin!

- 80 kg vazn toifasida Oltinoy Sotimboeva final jangida mezbonlar vakilasi, xitoylik Yilian Jan bilan chempionlik uchun bahs yuritdi. Aslida, bu jangda Oltinoy faolroq va aniqroq edi. Negadir hakamlar Janni g‘alabasini e’tirof etishdi. Balki ular haqdirdir! Biroq Oltinoy oltin olishga haqli edi. Nazarimda biroz mezbonlik faktori rol o‘ynagandek… Yakuniy hisob 2:3 ko‘rinish oldi va Sotimboeva vitse-chempionlikni qo‘lga kiritdi. Navbatdagi kumush!

Shu tariqa Jahon kubogidagi barcha finalchilarimiz ishtirokidagi jang yakunlandi. Bu haqida O‘zbekiston boks federatsiyasi xabar bermoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!