Yana 5 nafar bokschimiz finalga yo‘l oldi, 4 nafari esa bronza medalini qo‘lga kiritdi!
Xabaringiz bor, ayni kunlarda Bolgariyaning Sofiya shahrida "Strandja" turniri bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun musobaqaning yarim final bahslari nihoyasiga yetdi.
-50 kg vaznda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan, Asilbek Jalilov hamda qozoqistonlik Daniyal Sabit ishtirokidagi bahs, Asilbekning elkasidan olgan jarohati sababli o‘tkazilmaydigan bo‘ldi. Shu tariqa bokschimiz musobaqani bronza medali bilan yakunladi.
-70 kg vaznda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan yana bir bahs, Shavkatjon Boltaev va qozoqistonlik Farux Toxtassunov o‘rtasidagi bahs ham o‘tkazilmaydigan bo‘ldi. Shavkatjon bundan oldingi janglarda jarohat orttirib olgan va uning bugun yarim finalda ringga ko‘tarilishiga shifokorlarimiz ruxsat berishmadi.
-75 kg da Fazliddin Erkinboev bu vaznda ushbu turnirning eng kuchli bokschisi ekanligini namoyish etishda davom etmoqda. Unga yarim finalda Italiya vakili Gabriele Guidi raqiblik qildi. Kutilganidek Erkinboev jangda katta ustunlik qildi va 5:0 hisobida zafar quchdi.
-80 kg da Javohir Ummataliyevga ham yarim finalda ukrainalik Jamal Kuliyev raqiblik qildi. Qaysidir ma’noda avvalgi bosqichda finaldan oldingi finalni o‘z foydasiga hal qilgan Ummataliyev ukrain bokschisiga ham imkoniyat qoldirmadi va 3:2 hisobida zafar quchdi.
-85 kg da Akmaljon Isroilov va Danilo Jasan (Ukraina) to‘qnashuvida hamyurtimiz hakamlar qaroriga ko‘ra zafar quchib, final yo‘llanmasiga ega chiqdi!
-90 kg da To‘rabek Xabibullaev Jozep Avinongya(AQSh)ga hech qanday imkon qoldirmadi - 5:0.
+90 kgda Ozodbek Alievga bu bosqichda mezbonlar vakili Yordan Morejon raqiblik qildi. Yosh bokschimiz ham o‘ziga bildirilgan ishonchni ortig‘i bilan oqlagan holda, yarim finalda ham 3:2 hisobida g‘alabaga erishdi va finalga chiqdi.
-85 kg da Norbek Abdullayev to‘liq 3 raund davom etgan bahsda ochkolar evaziga Matvi Rajba(Ukraina)dan mag‘lubiyatga uchradi va turnirni bronza medali bilan nihoyasiga yetkadi.
Va, nihoyat, -90 kgda Samir Sobirov ham o‘z jangini o‘tkazdi. Unga Ukraina vakili Bogdan Tolmachov raqiblik qildi. Ha, chorak finada juda jiddiy qarshilikni yengib, o‘ta olgan Sobirovga bu safar biroz tajriba va omad yetishmadi. U 2:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi va bronza bilan cheklandi.
Shu tariqa barcha finalchilarimiz soni 11 nafarga yetdi (5 tasi yig‘itlar, 6 tasi qizlar). Yana 6 nafar bokschimiz esa musobaqani bronza medali bilan yakunladi.

Fikrlar