Yanvar oyida jang qiladigan o‘zbekistonlik professional bokschilar bilan tanishing (Anons)
2019 yil o‘zbekistonlik professional bokschilar uchun omadli keldi desak yanglishmagan bo‘lamiz.Sababi, charmqo‘lqop ustalarimiz tomonidan interkontinental, internatsional, WBA Asia, WBC Asia kabi kamarlar qo‘lga kiritildi. Bir qator reyting janglarida muvaffaqiyat qozonishdi. Qolaversa, yangi yil avvalidan haqiqiy chempionlik kamarini qo‘lga kiritish yo‘lida ajoyib zamin tayyorlay olishdi. Jumladan, Murodjon Ahmadaliev hamda Qudratullo Abduqahhorovda shunday imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Ayniqsa, Murodjon ushbu titullar uchun 2020 yilning dastlabki oyidayoq ringga ko‘tariladi.
Quyida shu va boshqa o‘zbekistonlik bokschilarning yanvar oyida o‘tkazadigan janglarini e’tiboringizga anons tarzida havola etamiz.
17 yanvar (AQSh)
Shohjahon Ergashev (O‘zbekiston)- Adrian Estrella ( Meksika)
Ushbu jang reyting maqomida bo‘lib o‘tadi.

19 yanvar (Janubiy Koreya)
Abdurasul Ismoilov (O‘zbekiston) - Nuo Min (Xitoy)
63.5 kg vazn toifasida bo‘lib o‘tadigan ushbu qarama-qarshilik ham reyting jangi hisoblanadi.Ushbu to‘qnashuv Seul shahrida bo‘lib o‘tadi.

24 yanvar (Rossiya)
Muhammadsalim Sotvoldiev (O‘zbekiston) -Geren Fonku (Kamerun)
66.7 kg vazn toifasida bo‘lib o‘tadigan mazkur jang ham reyting maqomida bo‘lib o‘tadi.

24 yanvar (Rossiya)
Ravshanbek Umurzaqov (O‘zbekiston) - Esneyk Korrea ( Venesuela)
Yurtdoshimiz bu safar WBA Asia kamarini himoya qiladi.

30 yanvar (AQSh)
Murodjon Ahmadaliev (O‘zbekiston) -Daniel Roman (AQSh)
Mazkur jang WBA hamda IBF yo‘nalishidagi chempionlik kamari uchun bo‘ladi. AQShlik bokschi ushbu kamarlarning amaldagi sohibi sanaladi. Agar, yurtdoshimiz uni mag‘lub eta olsa, o‘zbek professional boksida yangi sahifa ochiladi.

Bu borada barcha bokschilarimizga omad yor bo‘lsin. Biz ularga ishonamiz!
Fikrlar