
Yiliga 20 milliondan ko‘proq maosh olayotgan David nega zaxirada o‘tiribdi? Unga nima bo‘ldi?!
2017 yilning dekabr oyida butun dunyo David De Xeaning mahoratiga qoyil qoldi. «Arsenal»ga qarshi bahsda qahramonimiz APLdagi rekordni takrorladi. U 90 daqiqa ichida 14 ta seyv amalga oshirdi. Jamoasi esa, 3:1 natijasida g‘alaba qozondi. Hatto, Joze Mourino ham uchrashuvdan so‘ng, Davidning super o‘yinini alohida e’tirof etdi.
O‘sha mavsum so‘ngiga qadar ispan 18 o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Butun mavsum davomida atigi 25 to‘p o‘tkazib yubordi xolos. 13,7 ta 100 foizlik golni bartaraf etdi. O‘z-o‘zidan yil yakunida uni jamoadoshlari yil futbolchisi, deb e’tirof etdi. Bu Davidning faoliyatidagi eng zo‘r mavsum sifatida tarixda qolishi aniq!
Ser Aleks tomonidan tanlab olingan eng so‘nggi futbolchilardan biri qisqa fursatda o‘spirindan muxlislar qahramoniga aylandi. 2011 yilda shotlandiyalik mutaxassis Davidni kelajakda Edvin Van Der Sarning o‘rnini egallashini taxmin qilgan edi. «Yunayted»dagi ilk mavsum startida yosh posbon juda asabiylashdi. Hatto, asosiy tarkib uchun kurashda daniyalik Andres Lindegorga mag‘lub bo‘ldi. Keyin esa, sekin-asta o‘z kuchiga ishonch paydo bo‘ldi. Oqibatda, Andres chekinishga majbur bo‘ldi. 2015 yilda uni «Real Madrid» o‘z tarkibida ko‘rishni juda ham istadi. Davidning o‘zi ham vataniga qaytish orzusida edi, biroq «Manchester Yunayted» uni qo‘yib yuborgani yo‘q.
Bugungi kunga kelib, Davidni klub afsonasiga aylangan boshqa kiperlar bilan solishtirish mumkin. Vaholanki, qahramonimiz ular singari bir necha sovrinlarni boshi uzra baland ko‘targani yo‘q. U o‘zining xotirjam o‘yini va sokin xarakteri bilan «qizil iblislar» muxlislari e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Ortda qolgan yillar davomida u pand bergani yo‘q. Pol Pogba, Antoni Marsyal, Kris Smolling, Ander Errera, Deyli Blind, Xuan Mata, Matteo Darmian, Fil Jons, Erik Bayi, Markus Reshford turli sabablar bilan o‘zini ko‘rsata olmagan bir paytda, De Xea fantastik seyvlarni amalga oshirdi. Yuqoridagi nomlar tushirgan «qovunlar» fonida bu omil ko‘zga tashlanmagani aniq.
Futbolchining darajasi haqida so‘z borsa, ispan ayni damda 10 ta kuchli darvozabondan biri ekanligini tan olish lozim. Shunga qaramay, uning g‘alati holatlarda o‘tkazib yuborgan gollari APLda amalga oshirgan 91 ta seyvidan ko‘ra muxlislarga qiziqroq. Qahramonimiz, mana bir necha mavsumlardan beri o‘z darvozasiga gol olib kelish borasida master klass namoyish etmoqda. Achinarlisi, David Tibo Kurtua debyut mavsumida tushib qolgan vaziyatni boshidan o‘tkazmoqda. Tibo o‘zini tiklab oldi va La Ligada hammadan kam gol o‘tkazgancha sovringa ega chiqdi. Xo‘sh, De Xea ham Kurtua singari vaziyat qahramoniga aylanadimi?
Agar internetni titkilasangiz, Buffonning ham 10 ga yaqin qo‘pol xatolariga ko‘zingiz tushadi, lekin Davidda bu ko‘rsatkich allaqachon 40 ga yaqinlashib qoldi. To‘g‘ri, bu sport turida hech kim xatodan sug‘urtalanmagan, biroq Ispaniya va “Manchester Yunayted” sharafini himoya qilayotgan top darajadagi ijrochilarda bu ko‘rsatkich ancha past bo‘lishi lozim. Afsuski, ispaniyalik posbon jamoasini uyaltirib qo‘ydi. Oqibatda, Roy Kin boshchiligidagi muxlislar armiyasi kiperga bosimni kuchaytirib yubordi. Xo‘sh, aslida, Davidga nima bo‘ldi?
JChdagi omadsizlik?!
2018 yilda qahramonimiz mundialga Serxio Ramos singari etakchilardan biri sifatida tashrif buyurdi. JCh saralash o‘yinlarida Lopetegi qo‘l ostida fantastik o‘yin ko‘rsatgan yigit uchun barchasi omadsiz boshlandi. Avvaliga, unga ishonch bildirgan Lopetegi ishdan olindi. Qahramonimiz ilk uchrashuvdayoq Ronalduga xet-trik sovg‘a qildi. 4 o‘yinda 6 gol o‘tkazib yubordi. Penaltilar seriyasida Igor Akinfeevdan engildi. Turnir yakunlangach, seyvlar bobida eng yomon ko‘rsatkichni qayd etdi. 1966 yildan beri hech qaysi kiper David singari JChda omadsiz ishtirok etmagani ma’lum bo‘lgach, ispan nashrlari tanqidlar bilan uni «ko‘mib tashladi». Avvaliga Marrsa Davidni Ispaniyadagi eng kuchsiz darvozabon, deb e’lon qilgan bo‘lsa, AS De Xeaga «arvoh» laqabini berdi.
Mundialdan ortga qaytgach, uning o‘yinida pasayish kuzatila boshlandi. Ayniqsa, 2020 yilning iyul oyida «Chelsi»ga qarshi o‘yin hammasini oydinlashtirib qo‘ydi. 2 golda yosh bolalardek qo‘pol xato qilgan kiper jamoasining 1:3 natijasida mag‘lub bo‘lishida bosh rolni ijro etdi. Bu o‘yindan so‘ng, norvegiyalik mutaxassis Davidni himoya qilmay qo‘ydi. U ingliz jurnalistlari berayotgan savollardan qochar, De Xea tez orada avvalgi darajasiga ko‘tarilishini aytib kelayotgan edi. Bu orada klub «Sheffild»da super mavsum o‘tkazgan Din Xendersonni ortga qaytardi. Avvaliga Sulsher Davidni birinchi planga olib chiqdi, ammo sekin-asta Din asosiy tarkibga suqilib kirdi. David qizining dunyoga kelishi munosabati bilan Ispaniyaga yo‘l oldi. Qaytib kelgach, uni majburiy karantinga olishdi. Bu orada, Din Xenderson o‘zining debyut o‘yinlarini o‘tkazdi. ispan 5 o‘yinda jamoasiga yordam bera olmadi. Xenderson uchun o‘z imkoniyatlarini ko‘rsatish uchun shuning o‘zi kifoya bo‘ldi.
Ole Gunnar Sulsher Davidni asosiy tarkibdan tushib qolganini turli balandparvoz gaplar bilan oqlab keldi. Shunga qaramay, uni tushunish mumkin. O‘tmishdagi mehnati uchun Davidni hozir asosiy tarkibda maydonga tushirishdan nima naf? Boz ustiga, turli statistik ma’lumotlar Din Henderson raqobatchisidan ancha foydali harakat qilayotgani haqida so‘zlamoqda.
Juda katta pul berilmoqda?!
Darvozabonning katta maosh olishiga futbol olami hali o‘rganganicha yo‘q. Sababi, hali-hamon klublarda hujumchilarga darvozabonlarga nisbatan ikki barobar ko‘proq maosh to‘lanmoqda. Shunga qaramay, u 2019 yilning sentyabr oyida “qizil iblislar” bilan yangi shartnoma imzoladi. Unga ko‘ra, ispanning maoshi 19,5 million evro qilib belgilandi. 4+1 ko‘rinishida imzolangan shartnomadan so‘ng David o‘zini biroz “qo‘yib yubordi”, shekilli. To‘g‘ri, katta pullar top darajadagi futbolchilarni o‘zgartirmasligi mumkin, biroq ayni damdagi holat buning aksidan dalolat bermoqda.
Ustozini ranjitdi
David dunyoning eng katta maosh oluvchi kiperiga aylangach, 4 kundan so‘ng uning personal murabbiyi iste’foga chiqdi. Vaholanki, Emilio Alvares David bilan “Atletiko” davridan beri shug‘ullanib kelayotgandi. Emilio o‘z qarorini quyidagicha izohladi: “Men deyarli 3 yil davomida uning maoshi ko‘tarilishi uchun klub bilan muzokara olib borgan bo‘lsam-da, David bu ishni mensiz amalga oshirishni afzal ko‘rdi. Uning tutgan yo‘li sadoqatli insonga xos emas. Muzokaralar chog‘ida David o‘zi tomonidan yollangan inson bilan ham janjallashib qoldi. Men klub rahbarlariga “Manchester Yunayted”ni tark etmoqchi emasligimni, shunchaki David bilan boshqa ishlamasligimni aytdim”.
Bundan ko‘rinib turibdiki, David ancha katta muammoga duch keldi. Jamoa murabbiylar shtabidagi Emilioni olib qolish uchun Sulsher o‘rtaga ham tushmaganidan ko‘rinib turibdiki, “qizil iblislar”ning ichki muhiti ancha og‘ir ahvolda. Davidni top darajaga olib chiqqan Emilioning ketishi ispanning o‘yiniga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi.
Ko‘ngil boshqa klubda?!
“Liverpul” jamoasida chinakam porlashga muvaffaq bo‘lgan Alisson klub uchun har uchrashuvda jang qilmoqda. Xo‘sh, Davidning “Manchester Yunayted”ga munosabati ham shundaymi? Agar “yirtilgan faks” voqeasi bo‘lmaganida, David allaqachon “Real Madrid” futbolchisiga aylangan bo‘lardi. Balki, EChLda ham zafar quchgan bo‘larmidi?! Afsuski, David bu omilni miyasidan chiqarib yuborishga qodir emas. U har safar “Real”ning sovrinlarni qo‘lga kiritayotganini ko‘rganida, ichidan xo‘rsinib qo‘yishi aniq. Sababi, “Real” uzoq muddat David bilan shartnoma imzolamoqchi bo‘ldi, biroq qahramonimiz Manchesterda qoldi. Keyin omadsiz mavsumlar boshlandi. Bu orada uning transfer qiymati ham keskin tushib ketdi. “Real” esa u bilan boshqa qiziqmadi va Tibo Kurtuani jamoaga taklif qildi. Bo‘lib o‘tgan voqealardan so‘ng De Xeaning ruhiy holatiga havas qilish mushkul. Faoliyatidagi eng zo‘r imkoniyatni qo‘ldan boy berganini anglagach, uning “Manchester Yunayted” uchun ishtiyoq bilan to‘p tepishi juda mushkul vazifaga aylanmoqda.
Kutilmaganda paydo bo‘lgan raqobat
Qahramonimiz ayni damda o‘zi istagan barcha narsani qo‘lga kiritgani yo‘q. Unga EChLdagi chempionlik va APL g‘olibligi etishmayapti. Boz ustiga, qancha harakat qilmasin Ispaniya terma jamoasidagi asosiy darvozabon o‘rni hali-hamon unga tegishli emas. De Xea raqobat borasida biroz sustkashlikka yo‘l qo‘ydi. Endilikda “Chelsi” kiperi Kepa Arrisabalaga ham undan terma jamoadagi o‘rnini tortib olishi mumkin. Din Xenderson o‘z postini hech kimga bermoqchi emas.
Agar David bu safar ham raqobatda mag‘lub bo‘lib, zaxiraga mixlanib qolsa, bu De Xeaning chinakamiga “sinishi” bilan yakunlanishi aniq. Dunyoning eng katta moash oluvchi kiperi Din Hendersonning o‘yinini chetdan tomosha qilayotganini tasavvur qilib ko‘ring! Bu vaziyatni chetdan ko‘rib turgan amerikalik Vudvord o‘ziga-o‘zi quyidagi savolni berishi turgan gap: “Nima uchun maydonga tushmayotgan darvozabon uchun 20 millionlab maosh to‘layapmiz?!”
Nahotki?
Ingliz nashrlarining ma’lum qilishicha, «Manchester Yunayted» allaqachon o‘z mijozi xizmatlarini grand klublarga taklif qilishni boshlagan. Unga ko‘ra, jamoa De Xeani 50 million evro evaziga qo‘yib yuborishga tayyor. David o‘z faoliyatini Angliyada davom ettirmoqchi bo‘lsa, kamchiliklari ustida ishlashi shart. Shuningdek, o‘yin uslubini ham biroz zamonaviylashtirish darkor. Ruhan tayyorgarlik ham muhim. O‘ziga bo‘layotgan bosimlarni engib o‘tish shart. Aks xolda, "kecha" «Sheffild Yunayted»da to‘p surayotgan yigitcha uning o‘rnini butkul tortib olishi aniq!
Fikrlar