Yorqin Nazarov: "Hujumchi bir o‘yinda 20 ta, yarim himoyachi 50 ta xato qiladi, shuni bilasizmi? Darvozabonning 1 ta xatosi hammaning ko‘ziga ko‘rinadi"

  • 05.05.2021 21:22
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

“Andijon” – “Qo‘qon-1912” (1:2) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Yorqin Nazarov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi:

- Fikrimcha, bugun yaxshi o‘yin bo‘ldi. Muxlislar zerikib qolishgani yo‘q. Futbolchilar qo‘lidan kelganicha harakat qilishdi. Debyutimizni hech bo‘lmaganda durang bilan boshlamoqchi edik. Omad kelmadi. Penalti – bu 50x50 lotereya. O‘yinga to‘rt kun vaqtimiz bor edi. Futbolchilar nimani istayotganimizni tushunganini ko‘rib turibman. G‘alabali o‘yinlarimiz hali oldinda.

- Kechirasiz, himoyachi va darvozabonning bolalarcha yo‘l qo‘ygan qo‘pol xatolarini qanday qilib yaxshi o‘yin, deyish mumkin?

- Ikkala gol ham darvozabonimizning xatolari bilan sodir bo‘ldi. Men bu xatolarni aytmayapman. O‘yinning umumiy kartinasi haqida gapiryapman. Bular tirik odamlar, xato hammada bo‘ladi. Buning uchun ularni zaxiraga olib qo‘ya olmayman. Hujumchi bitta uchrashuvda 20 marta xato qiladi, shuni bilasizmi? Yarim himoyachi esa 50 ta xato qiladi. Darvozabon 1 ta xato qiladi va mana shu xatosi hammamizning ko‘zimizga ko‘rinyapti. Ha, posbonimiz xato qildi, ayb unda. Bu yomon o‘ynadik, degani emas.

- Sizga ham ma’lum vaqt berilishini talab qilasizmi yoki Otabek G‘ulomxo‘jaevning uslubi bo‘yicha davom etasizlarmi?

- Yo‘q, uning uslubi bo‘yicha ketmaymiz. Tahlil qilayotgan bo‘lsanglar, oldingilarga qaraganda o‘yinimiz boshqa tarafga o‘zgargan. Menga vaqt berish keragi yo‘q. Bugungi uchrashuvda ham shogirdlarimdan faqat g‘alabani talab qildim. Jurnalist savol berganidek, ikkita “detskiy” xato tufayli yutqazdik.

- Bugun Martin Boake juda yaxshi o‘ynadi. U katta hajmdagi ishni bajardi. Gol urdi, penalti ishladi. Ilgari uning o‘yini “ochilmayotgandi”. Qanday qilib legionerning o‘yinini o‘zgartira oldingiz?

- To‘rt kun vaqtimiz davomida oldingi beshta o‘yinni tahlil qilib chiqdik, murabbiylar shtabi bilan. Boakening nimaga o‘ynay olmayotganini ham o‘rgandik. Uning kuchli tomonlarini o‘rganib chiqdik. Mashg‘ulotlarda bu borada qattiq ishlagandik. Martin bugun kuchli tomonlarini ko‘rsatdi. Buning ustidan yana ishlaymiz, yana gollar uradi.

- Jamoa 70-daqiqadan keyin shiddatli o‘yin ko‘rsatdi. Mana shunday o‘yinni boshidan ko‘rsatish uchun nima kerak?

- So‘nggi 20 daqiqa ichida biz yutqazayotgandik. O‘yinni yutmoqchi edik. Shu bois oxirlarida yigitlar o‘yinga yanada qo‘shishdi. O‘zi mag‘lubiyatga uchrayotganda shunaqa bo‘ladi.

- Jamoa faqat yutqazayotganda shunday o‘yin namoyish qiladimi?

- Yo‘q, yutayotganda ham. Dastlabki daqiqalarda raqibga mana shunday o‘yin taklif qilganimizda himoyada nima bo‘lishini bilmasdik. To‘g‘risi, himoyani ham o‘yladik.

- Javohir Qilichevga keyini o‘yinlarda ham imkoniyat beriladimi?

- Albatta. Istalgan darvozabon xato qilishi mumkin. Mag‘lubiyatimizni unga ag‘darmayapman. U o‘z ustida ishlaydi. Yangi darvozabonlar murabbiyi kelgan. Ishlasin. Qilichevni yoshligidan bilaman. Uni statistikasini kuzatsangiz, ikki yil darvozada turmagan. Jarohat olgan. Bu yil hisobidan uning “Andijon”dagi ikkinchi o‘yini. Qilichev hozir avtobusda siqilib o‘tiribdi. Unga yana nimadir deyish noto‘g‘ri. Unga yana imkoniyat beramiz. Keyingi uchrashuvda qaysi posbonni maydonga tushirishni o‘ylab ko‘ramiz. Javohirni o‘tkazgan gollari uchun zaxiraga o‘tkazib qo‘ymaymiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!