"Yuventus"da to'rt nafar daxlsiz futbolchi nomini ma'lum qildi
«Yuventus»ning yangi bosh ijrochi direktori Jovanni Karnevali jamoa bosh murabbiyi Luchano Spalletti bilan ilk uchrashuvini o‘tkazdi. Football Italia xabariga ko‘ra, suhbat davomida tomonlar yozgi transfer oynasi uchun klubning umumiy strategiyasini muhokama qilgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, Chempionlar ligasiga chiqa olmaganidan so‘ng «byankoneri» rahbariyati moliyaviy ko‘rsatkichlarni yaxshilash uchun bir qator futbolchilarni, shu jumladan asosiy tarkib o‘yinchilarini ham sotishga tayyor. Tushadigan mablag‘lar jamoani kuchaytirish, yangi futbolchilarni olishga yo‘naltirilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Karnevali klubda sotuvga qo‘yilmaydigan to‘rt nafar futbolchi borligini alohida ta’kidlagan. Ularning ismlari ro‘yxatiga Kenan Yildiz, Manuel Lokatelli, Pyer Kalyulyu va Ueston Makkenni kirgan. Bu futbolchilar qanday sharoitda bo‘lmasin, jamoada qolishi kerak, deb hisoblanmoqda.
Qolgan barcha o‘yinchilar bo‘yicha esa takliflar ko‘rib chiqiladi. Bu holat Andrea Kambyaso, Kefren Tyuram va Gleyson Bremer kabi futbolchilarga ham taalluqli.
Bundan tashqari, Karnevali Dushan Vlahovich bilan alohida uchrashib, shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashni rejalashtirmoqda. Ilgari serbiyalik hujumchi klubning sobiq rahbari Damyen Komolli bilan kelishuvga erisha olmagan edi. Shu bois, hozircha uning amaldagi shartnoma tugagach jamoani tark etishi ehtimoli saqlanib qolmoqda.
Kutilmoqdaki, dushanba kuni Karnevali va Spalletti Turinda rasmiy ishchi uchrashuv o‘tkazadi. Unda «Yuventus»ning boshqa rahbarlari ham ishtirok etadi. Ana shu yig‘ilishda klub yozgi transfer kampaniyasi bo‘yicha ilk aniq qarorlarni amalga oshirishga kirishishi mumkin.

Fikrlar