Asosiy mazmunga oʻtish

Futbol

«Yuventus» Ronalduga 9,8 million yevro to‘lash bo‘yicha qaror ustidan shikoyat qildi

Muhammadqodir Ruzmatov
Izohlar: 0

«Yuventus» Krishtianu Ronalduga 9,8 million yevro maosh qarzi bo‘yicha sud hukmini Italiya Oliy sudida qayta ko‘rib chiqishni so‘radi.

Italiyaning «Yuventus» klubi Krishtianu Ronalduga toʻlanmagan maosh uchun 9,8 million yevro toʻlash haqidagi qaror ustidan Italiya Oliy sudiga kassatsiya shikoyati berdi. Klub sud eshituvi sanasi belgilanishini kutmoqda. 2021 yildan buyon davom etayotgan nizo endi uchinchi instantsiyaga koʻtarildi.

2024 yil aprel oyida arbitraj sudi portugalialik futbolchiga talab qilingan 19,6 million yevroning yarmini — 9,8 million yevroni, shuningdek, foizlar va indeksatsiyani toʻlash haqida qaror chiqargan edi. 2026 yil yanvar oyida Turin sudi «Yuventus»ning eʼtirozlarini rad etib, ushbu qarorni tasdiqladi. Klub esa sud qarorida nizoning mazmuni emas, faqat arbitraj jarayonining rasmiy jihatlari koʻrib chiqilganini taʼkidlamoqda.

Nizo COVID-19 pandemiyasi davridagi maoshlar bilan bogʻliq kelishuvdan kelib chiqqan. 2021 yilda «Yuventus» rahbariyati Ronaldo bilan 19,5 million yevro toʻlovni kechiktirishga kelishgan. «Ronaldu hujjati» nomi bilan tanilgan ushbu kelishuv klub balansida aks ettirilmagan. Hujjat «Prizma» tergovi doirasidagi tintuv vaqtida olib qoʻyilgan. Mazkur tergov natijasida klub prezidenti Andrea Anʼyelli va direktorlar kengashi isteʼfoga chiqqan edi.

«Yuventus» arbitraj bilan bogʻliq moliyaviy oqibatlar 2023/24 yildgi mavsumdan boshlab moliyaviy hisobotlarda inobatga olinganini va bu holat klubning joriy hamda kelgusi moliyaviy hisobotlariga taʼsir qilmasligini bildirmoqda.

Ulashish
SPORTS.uz'ning Facebook'dagi sahifasiga a’zo bo‘ling!

Izohlar (0)

Hozircha izohlar yo'q