Yuzidan zarba yegan mashhur futbolchi uchun mavsum tugadi
“Milan”ning angliyalik yarim himoyachisi Ruben Loftus-Chik A Seriyaning 26-turida “Parma”ga qarshi o‘yinda olgan jag jarohati sababli bu mavsumda maydonga qaytmasligi mumkin.
Hodisa o‘yinning 8-daqiqasida sodir bo‘ldi. Loftus-Chik to‘pni tepish paytida raqib darvozaboni Edoardo Korvi bilan to‘qnashgan. Zarbadan keyin angliyalik futbolchi maydonga yiqilgan va bo‘yni mahkamlangan holda tibbiyot xodimlari nazorati ostida zambilda olib chiqilgan.
Sky Sport Italia ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki tekshiruvda yarim himoyachining kamida ikki yuqori tishi singani, shuningdek yuzining ikki joyda kesilish jarohati borligi, ulardan biri peshonada ekani aniqlandi. Shu bilan birga o‘yinchi hushidan ketmagan va miya chayqalishi qayd etilmagan.
Yaqin vaqt ichida Loftus-Chik jag-yuz operatsiyasini o‘tkazishi kerak. Shikastlanish xususiyatiga qarab tishlarni mustahkamlash uchun vintlar yoki plastinalar qo‘llanishi mumkin. Shuningdek, futbolchi bir muddat zond orqali ovqatlanishi talab qilinadi.
Hozircha tiklanish muddati noma’lum, chunki bu turdagi jarohat futbolchilar uchun odatiy emas. Ruben mavsumning qolgan qismini o‘tkazib yuborish ehtimoli katta.
Fikrlar