Zaif tomonlar bor! Manchesterliklar darvozaboni keskin tanqid qilindi
“Manchester Yunayted”ning vaqtinchalik bosh murabbiyi Maykl Kerrikka jamoaning hozirda birinchi raqamli darvozaboni hisoblangan Senne Lammens borasida keskin ogohlantirish berildi.
Belgiyalik darvozabon “Old Trafford”ga kelganidan beri yaxshi start olganiga qaramay, u “Manchester Yunayted”ni Yevropa musobaqalariga qaytarish uchun hali yetarli darajada tajribaga ega emasligi ta’kidlandi.
Lammensning asosiy darvozabonga aylanishi kutilmagan holat bo‘lgan. Klub yozgi transfer oynasining oxirida uni olib kelgan, chunki Andre Onana va Altay Bayindir mavsumni yomon boshlagan edi. Dastlab, u raqobat yaratish uchun olib kelingan bo‘lsa-da, tez orada murabbiylar shtabi e’tiborini qozondi va asosiy darvozabonga aylandi.
Uning formasi shunchalik barqaror bo‘ldiki, Onana Turkiyaning “Trabzonspor” klubiga ijaraga yuborildi, Bayindir esa zahirada qolib ketdi.
“Antverpen” klubidan 18 million funt evaziga kelgan 23 yoshli darvozabon Ruben Amorim va Kerrik qo‘li ostida asosiy o‘yinchilardan biriga aylandi, biroq hamma ham uning o‘yinidan to‘liq qoniqmayapti.
Klubning sobiq yordamchi murabbiyi Rene Meulenstin Lammensning “Manchester Yunayted”dagi kelajagiga shubha bildirdi.
- Lammens yomon o‘ynamayapti, lekin u xarakter, yetakchilik va darvozabonlikning ayrim jihatlari bo‘yicha hali “Manchester Yunayted”ga kerak bo‘lgan darajada emas. Menimcha, unda hali zaif tomonlar bor.
Shuningdek, hozir jamoa Yevropa musobaqalarida qatnashmayapti, bu esa Chempionlar ligasida katta jamoalarga qarshi o‘ynashda yana bir qiyinchilik tug‘diradi. Menimcha, har bir muvaffaqiyatli jamoada juda kuchli darvozabon bo‘lishi kerak, - dedi Rene Meulenstin.
Meulenstin shu bilan birga “Sanderlend” darvozaboni Robin Rufsni maqtadi. U Rufs APLdagi birinchi mavsumida juda yaxshi o‘ynayotganini aytdi, lekin “Manchester Yunayted”bosimi butunlay boshqa darajada ekanini ta’kidladi.
Fikrlar