Isko haqiqatdan «Real»ga keraksizmi?

«Santyago Bernabeu»dagi faoliyati davomida bir necha marta hujumkor yarim himoyachi tarkibda ortiqcha futbolchiga aylanib qolgan. Klubdagi vakolatini rasmiylashtirib olgan Santyago Solari qo‘li ostida ham u asosiy tarkibga kirishning uddasidan chiqa olmayapti.

«Valensiya»ning 17 yoshli kelajagi porloq deya baholangan vakili Fransisko Roman Alarkon Suares (qisqa qilib aytganda Isko)ni o‘sha vaqtdagi murabbiyi Unay Emeri tomonidan klubning «yangi David Silva»si deya ta’riflangandi.

O‘shandan ikki yil o‘tar-o‘tmas bolakay 2011-yilda «Valensiya» safida 7 o‘yin o‘tkazganiga qaramay Andalusiyaga, «Malaga»ga qaytdi. Moliyaviy jihatdan «sog‘in sigir» topib olgan «Malaga» uning to‘liq transferi uchun 6 million evroning bahridan o‘tdi. O‘sha vaqtda o‘zini hali ko‘rsatmagan yoshlar uchun bunday narx juda qimmat edi.

Isko o‘z navbatida unga «Mestalya»da etarlicha imkoniyat berilmagan, deb hisoblardi. Emeri esa aksincha fikrda. U o‘zining kitobida Iskoni «intizomsiz futbolchi» sifatida e’tirof etadi.

Ammo Emeri Iskoning iqtidorini yuqori baholardi. U va tengquri Pako Alkaserni «Valensiya»ning asosiy jamoasiga o‘tkazishni rejalashtirgan edi.

2011-yil yozida «Arsenal» murabbiyi Iskoning otasi va agentiga kelayotgan mavsumda u muhim figuraga aylanishini bildiradi. Chunki «Manchester Siti»ga o‘tib ketgan David Silvaning o‘rnini aynan Isko to‘ldirishi kerak edi.

Baxtga qarshi bu muzokaralar klubning moliyaviy inqiroz holati paytida va 18 yoshli futbolchi uchun «Malaga»dan «yog‘liqqina» taklif kelib tushgan edi. Bu yosh Iskoga o‘zi tug‘ilgan Andalusiyada ko‘p pul ishlash va ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni anglatardi.

Iskoni sotish qarori Emerining emas, «Valensiya»niki bo‘ldi. Ikki mavsum «La Rosaleda»da o‘zini ko‘rsatganidan keyin 2013-yilda Karlo Anchelotti «Santyago Bernabeu»ga o‘zining ilk transferi sifatida aynan Iskoni olib keldi.

Oradan besh yil o‘tgach va beshta murabbiy almashganidan keyin u Santyago Solari qo‘li ostida ham katta o‘yinlarda zaxirada qolib ketmoqda.

Xo‘sh, bu kimning xatosi? Uning yoki klubning xatosimi? Doimgidek, javob topish oson emas.

Uning sevimli pozitsiyasi – asosiy hujumchi ortida o‘ynaydigan «o‘nlik» vazifasi 4-3-3 o‘yin sxemasida ishlamaydi. Bu holat unga avvallari ham muammo yaratgan. Garet Beyl, Ronaldu va Benzemalar safda bo‘lganida uni asosiy tarkibda o‘ynatish masalasi juda qiyin edi.

Ronaldu ketgan bo‘lsada, klubda Marko Asensio bor. «Qirollik klubi» uni o‘z kelajagi sifatida ko‘rmoqda. Bu esa Iskoga yana bir jiddiy chaqiriq hisoblanadi.

Isko «Real»ning so‘nggi uch o‘yinida zaxirada qoldirildi. Shundan ikkitasida esa u o‘yinga keyinroq tashlandi.

Endi yangi bosh murabbiy oldida ham Iskoni o‘ynatish masalasi ko‘ndalang turibdi. Ammo u ikki narsaga ishonch hosil qilishi kerak. Birinchisi futbolchi to‘liq sport formasida ekanligi bo‘lsa, ikkinchisi Iskoning o‘yin uslubiga moslashishi masalasi.

Eski maqollarga ko‘ra, iqtidor doim muvaffaqiya qozonadi, ammo ayni vaqtda «o‘nlik» vazifasi borgan sari top fubtolda kam ishlatilmoqda. Unga o‘xshatiladigan David Silva ham «Manchester Siti»da porlayotgan bo‘lsada, u an’anaviy yarim himoyachi rolida harakat qilmoqda.

Iskoning asosiy quroli bu – ko‘rish, to‘p bilan muomala qilish va chiziqlar orasida yaratuvchanlikni ta’minlash hisoblanadi. Ammo hozirgi futbolda yaratuvchanlikdan ko‘ra jismoniy kuch talab qilinmoqda.

Endi nima bo‘ladi? Kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgani uchun klubni tark etadimi?

Uning kam o‘yin o‘tkazayotgani tufayli OAV Iskoni «Manchester Siti» bilan bog‘lashmoqda. Uning «Malaga»dagi sobiq ustozi Manuel Pellegrini «Etihad»daligida «Real» sotib olmasidan avval taklif qilgandi. Ammo klub boshqaruviga Pep Gvardiola kelganidan beri bu mavzu ko‘tarilmay kelayotgandi.

Pep qo‘li ostida «shaharliklar»ning transfer siyosati maxsus qobiliyatlarga ega futbolchilarni sotib olish bo‘lmoqda. Iskoning noaniq o‘yin uslubi tufayli Angliya grandi ro‘yxatida Isko bo‘lmasligi ehtimoli yuqori.

Unga yaqin manbalarga ko‘ra, futbolchi 100 % safga qaytishni maqsad qilgan. Shu tariqa u asosiy tarkibda muqim o‘rnashib olmoqchi.

26 yoshga kirgan yarim himoyachi klub bilan oltinchi mavsumini o‘tkazmoqda va bu muddat ichida u to‘rt marta Chempionlar Ligasi va bir marta La Ligani yutib oldi. Iskoda qaerda o‘ynayotgani borasida aniq g‘oya borligi ko‘rinib turibdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!