Anvar Berdiev: "Bitta himoyachi bilan o‘ynadik..."

  • 12.06.2023 01:51
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Pro liganing 11-turida G‘uzorning “Sho‘rtan”  jamoasi Samarqandda “Dinamo” mehmoni bo‘ldi.

Anvar Berdiev boshchiligidagi “Sho‘rtan” mehmondan g‘alaba bilan qaytishga juda yaqin edi. Biroq 84-daqiqada mezbonlar hisobni tenglashtirishdi. O‘yin so‘nggida esa “Sho‘rtan” posboni penaltidan berilgan zarbani qaytarib g‘uzorliklarni mag‘lubiyatdan qutqardi.

Uchrashuvdan so‘ng “Sho‘rtan” bosh murabbiyi Anvar Berdiev bir qator savollarga javob berdi.

- Bellashuv borasida fikrlaringiz?

- Juda ajoyib, tomoshabop o‘yin bo‘ldi. Menimcha, durang adolatli natija. Keyingi o‘yinlarda “Dinamo”ga omad tilayman.

- Futbolchilaringizni o‘yini va ishtiyoqidan qoniqdingizmi?

- Birinchi bo‘limda o‘yinchilarim men bergan ko‘rsatmalarni to‘g‘ri bajarishga harakat qilishdi. Ikkinchi bo‘limda...Bilmadim, futbolchilarga ozroq dam bergach, bu o‘yinni tahlil qilib ko‘ramiz. Ikkinchi bo‘limdagi o‘yindan qoniqmadim. To‘g‘risi, “Dinamo” maydonda 10 kishi bo‘lib qolganiga qaramasdan ko‘proq hujum uyushtirdi. Albatta, buni ko‘rib chiqamiz. Endi yigitlarga xordiq beramiz va keyin ikkinchi davraga tayyorgarlikni boshlaymiz.

anvar berdiev3

- “Sho‘rtan”ni birinchi davradagi o‘yinidan qoniqdingizmi va ikkinchi davrada qanaqa o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin?

- Bilasizlar, “Sho‘rtan”ni mavsum boshida Aleksey Evstafeev boshqarayotgandi. O‘shanda qimmatli ochkolarni yo‘qotdik. Bir-ikkita o‘yinlarda keraksiz mag‘lubiyatlarga uchradik, juda alamli edi. Ikkinchi davrada tarkibda yangi nomlar paydo bo‘lishi mumkin. Hozir buning ustida ishlayapmiz. Ikkinchi davrada astoydil harakat qilib, oldimizga qo‘yilgan vazifaga erishamiz, deb o‘ylayman.

anvar berdiev4

- “Sho‘rtan” birinchi bo‘limda yaxshi taassurot qoldirdi. Ikkinchi bo‘limda maydonda son jihatidan ustunlik bo‘lganida bu jamoaga ta’sir qildi. Ushbu holatni nima bilan izohlaysiz?

- Menga futbolchilarim 0:1 hisobini ushlab qolish uchun o‘ynashgandek tuyuldi. Qancha ko‘rsatma bersam ham baribir oldinga chiqishda qiyinchilik tug‘ildi. Asosiy narsa ko‘p jarohatlardir. Bugun bitta himoyachi bilan o‘ynadik. Qolgan hamma yarim himoyachilar edi. Himoyachimiz yo‘q. Besh nafar himoyachimiz jarohatda. Ikkinchi bo‘limda jamoa o‘yinini kuchaytirish uchun bizda zaxira ham yo‘q edi. Yigitlarga rahmat aytaman. Borini berib o‘ynashdi, harakat qilishdi. Ularga alohida minnatdorchilik bildiraman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!