Daniya terma jamoasi Eriksenning ahvoli haqida rasmiy ma'lumot berdi
Daniya va Ukraina terma jamoalari oʻrtasidagi oʻrtoqlik uchrashuvi Kristian Eriksenning hushidan ketishi sababli rasmiy bekor qilindi.
Uchrashuvning 65-daqiqasida, hisob 2:1 koʻrinishida daniyaliklar foydasiga boʻlib turgan paytda, Germaniyaning "Volfsburg" klubida toʻp surayotgan 34 yoshli futbolchi maydonga qulab tushdi va harakatsiz qoldi.
Oradan koʻp oʻtmay Daniya terma jamoasi matbuot xizmati Eriksenning hushiga kelganini maʼlum qildi. Shuningdek, futbolchi maydonni mustaqil ravishda tark etgani qayd etildi. Biroq Odense shahrida oʻtayotgan bahsni davom ettirmaslikka qaror qilindi.
Eslatib oʻtamiz, bu Kristian Eriksen faoliyatidagi birinchi bunday holat emas. U 2021 yil 12 iyun kuni Kopenhagendagi "Parken" stadionida boʻlib oʻtgan "Yevro-2020" doirasidagi Daniya — Finlyandiya uchrashuvida yuragi toʻxtab qolgan edi.
Keyinchalik futbolchiga maxsus kardiostimulyator oʻrnatilgan va u professional faoliyatini davom ettirishga muvaffaq boʻlgan.

Fikrlar