Ekspert Bahodir Jalolovning Londondagi jangi oldidan qattiq gapirdi
Bad Left Hook sayti sharhlovchisi Jon Hansen oʻzbekistonlik super ogʻir vaznli bokschi Bahodir Jalolov (17-0, 15 KO) va britaniyalik Solomon Dakres (10-1, 3 KO) oʻrtasidagi boʻlajak jang haqida fikr bildirdi.
Jalolov – Dakres jangini 17 oktyabr kuni Londonda oʻtadigan boks kechasida tomosha qilish mumkin boʻladi. Shu shouning bosh jangidan oʻrin olgan toʻqnashuv esa Deniyel Dyubua va Fabio Uordli oʻrtasidagi revanş boʻladi.
Shu bilan birga, Hansen hali-hanuz «Katta oʻzbek»ning professional ringdagi maqsad va rejalari jiddiy ekaniga ishonch bilan qaray olmayotganini taʼkidladi.
- Agar Bahodir Jalolov uch-besh yil oldin Solomon Dakres darajasidagi raqibga qarshi jang qilganida, bu toʻqnashuv meni juda hayajonlantirgan boʻlardi. Lekin hozir-da, u 17 ta professional jang davomida amalda bir joyda turib qolganini koʻrib turibmiz. Oldinda esa navbatdagi olimpiya saralash tsikli yaqinlashyapti.
Meni ikki xil fikrdan biriga ishontirish mumkin: yo bu Jalolovning professional faoliyatidagi ilk haqiqiy sinov boʻladi, yoki faqat odatdagidan biroz qiziqroq koʻrinishda muxlislar uchun navbatdagi oʻyin va shundan soʻng Bahodir yana uchinchi olimpiya oltini sari yoʻl oladi, — deb yozadi Hansen boʻlajak jang haqidagi oʻz maqolasida.
Eslatib oʻtamiz, Bahodir Jalolov soʻnggi professional jangini 9 may kuni Manchesterda oʻtkazgan edi. Ushbu bahsda u xorvat bokschi Agron Smakiçini (21-4, 19 KO) muddatidan oldin magʻlub etgan.
Bahodir Jalolov ikki karra Olimpiya oʻyinlari gʻolibi hisoblanadi.

Fikrlar