G‘alabasiz, mag‘lubiyatsiz yoki durangsiz natija qayd etish mumkinmi yoxud Superligada ajralib turgan 4 ta klub haqida

  • 07.06.2023 14:28
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Xabaringiz bor, Superligamizda 12-tur yakunlangach, 25 kunlik tanaffus e’lon qilindi. Bu orada yurtimizda CAFA musobaqasi o‘tkaziladi va unda bir qator milliy terma jamoalar ishtirok etishadi. Shu sababli chempionatimizda ta’til yuzaga keldi. Qizig‘i, jamoalar 23 iyun kuni 13-tur uchrashuvlarida maydonga tushishadi va bu birinchi davraning yakuni hisoblanadi. Lekin 29 iyun - 3 iyul kunlari 8-turning qoldirilgan uchrashuvlari ham o‘tkazib olinadi va shu bilan Superliga ishtirokchilari uchun rasman birinchi davra poyoniga etadi.

Endilikda klublar 5-6 kunlik tanaffusdan so‘ng 12-tur uchun tayyorgarlikka kirishmoqdalar. Bilasiz, “Navbahor” 11 ta uchrashuvda 25 ochko to‘plab 1-o‘rinni band etib turibdi. Lekin 2-pog‘onadagi “Paxtakor” bir ochko kam to‘plagan va 1 ta o‘yin zaxirasi ham bor. Birinchi davra tugashiga yana ikkita tur qolgan bo‘lsa-da, jamoalar o‘z imkoniyati va o‘yinidan kelib chiqib saralanib qolishyapti.

Turnir jadvaliga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 4 ta klubning ko‘rsatkichlarida 0 raqami turibdi. Bugun shu xususida so‘z yuritamiz.

“Paxtakor” va “Andijon”da – 0

Amaldagi chempion va o‘tgan yili pro liga g‘olibi sifatida Superligaga qaytgan “Andijon”da bir ko‘rsatkich bo‘yicha tenglik bor. Gap shundaki, “Paxtakor” bilan “Andijon” bu yil chempionatimiz o‘yinlari mobaynida hali durang qayd etmagan ikki jamoa bo‘lib turibdilar.

paxtakor chipta_5

“Paxtakor” klubi Superligani birin-ketin ikkita mag‘lubiyat boshlagani yodingizdan chiqmagandir. Avvaliga “Olimpik”, keyin “Neftchi”ga mag‘lub bo‘lgan “Sherlar” shundan keyin “ov”ga chiqdi va mana, ketma-ket 8 ta uchrashuvdan beri raqiblarini yutib kelyapti. Natijada durangga ham rozi bo‘lmayapti. Shu bois “Paxtakor”da 8 g‘alaba va 2 durang bor.

Qarshida “Nasaf”ni mag‘lub etish orqali barchani yoqimli ma’noda ajablantirgan “Andijon”ga ushbu g‘alabali seriyani davom ettirish nasib qilmadi. Chunki keyingi o‘yinlarda jamoa mag‘lubiyatga uchradi. Lekin oxirgi paytlarga kelib “Burgutlar”ning parvozi balandga ko‘tarilayotgandek. Boisi, jamoa g‘alabalar seriyasini boshlab olgani sezilyapti. Hisobida 5 ta g‘alaba va 6 ta mag‘lubiyat bor. Bu jamoaga qarshi o‘ynash qiziqarli. Chunki raqamlar aytib turibdiki, yo yutadi, yo yutqazadi. Lekin mag‘lub bo‘lgan ayrim uchrashuvlarida jamoa juda alamli tarzda imkoniyatni boy berganligini ham qo‘shimcha qilish darkor. Bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov jamoasi sira durangga rozi bo‘lmayapti. Shuning uchun bo‘lsa kerak, so‘nggi uchrashuvlarida g‘alabalar soni oshdi va turnir jadvalida 7-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

“Neftchi”da – 0

Vitaliy Levchenko bosh murabbiylik qilayotgan “Neftchi” ham bu yil alohida mavzuga aylanmoqda. Chempionatni ancha ishonchli va barqaror boshlagan farg‘onaliklarni hali hech kim mag‘lubiyatga uchrata olmayotgani e’tiborga molik. Lekin duranglari ko‘payib qoldi. Qizig‘i, Superligada eng ko‘p durang aynan “Neftchi”ga tegishli – 6 ta. G‘alabalar soni esa 5 ta. Faqat oxirgi paytlarda Levchenko jamoasida durang natijalar sezilarli darajada ortgani sababli 3-o‘ringa tushib qoldi. Shunday bo‘lsa-da, “Neftchi” chempionatda mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoaligicha qolyapti. Shuning uchun bu jamoada mag‘lubiyatlar ko‘rsatkichi 0 turibdi. Lekin unutmaylikki, farg‘onaliklar O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichidan o‘tolmadi. Sababi 3-turda Bekobodda “Metallurg” jamoasiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Ammo biz asosan Superligadagi natijalari haqida so‘z yuritayotganimizni unutmang.

neftchi1_1

“Turon”da -  0

Superligada Farg‘ona viloyatining bosh jamoasi – “Neftchi” hali umuman yutqazmagan bo‘lsa, viloyatning yana bir vakili - “Turon” hamon g‘alaba nimaligini bilmayapti. Holbuki, jamoada moliyaviy muammo yo‘q, tarkib yaxshi, baza bor, sharoitlar yaratilgan. Yana nima kerak, degan savol bor-da. Murabbiy almashtirildi, ammo yangi kelgan rossiyalik Denis Bushuev bilan ham “Turon” yutolmayapti. Demak, bu erda gap balki murabbiyda emasdir. To‘g‘ri, jamoa o‘yini yaxshi, hujumkor deyayotganlar bor, lekin natija qani? Unda nega g‘alaba yo‘q?! Bu erda gap boshqa erda bo‘lsa kerak.

turon6

Eshitishimizcha, birinchi davradan keyin tarkibda yana o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda ekan. To‘g‘ri, jamoa qachondir g‘alabasiz seriyasiga barham berar. Lekin 12 ta o‘yinda jamoa bor-yo‘g‘i 4 ochko oldi, xolos. 11 ta uchrashuvda 4 durang va 7 mag‘lubiyat qayd etildi. 4 ochko bilan yagona autsayder nomini o‘zida saqlab kelyapti. O‘tgan yili pro ligada ishtirok etib, 3-o‘rinni egallagan holda pley-off orqali Superligaga qayta olgan jamoa hamon 2021 yilgi debyut mavsumidagi omadsiz ishtirokidan kerakli xulosalarni chiqarmagan ko‘rinadi. Agar vaziyat o‘zgarmas ekan, “Turon” yana boshi berk ko‘chaga kirib qoladi.

Shuhratbek Jo‘raev.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!