Gvardiola qidirgan futbolchisini raqib jamoadan topdi
“Manchester Siti” markaziy yarim himoyachi Kirnan Dyusberi-Xollni oʻz safiga qoʻshib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqida Fichajes nashri jurnalistlari xabar berdi.
Manba maʼlumotlariga koʻra, “shaharliklar” 27 yoshli futbolchiga jiddiy qiziqish bildiryapti. Manchester klubi skautlari bu oʻyinchini “Everton”ga oʻtishidan oldin ham kuzatib kelgan va hozir ham uning isteʼdodini juda yuqori baholamoqda.
Kirnan Dyusberi-Xoll aslida “Lester” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Turli yillarda “Blekpul” va “Luton” kabi quyi liga jamoalariga ijarada yurgan.
2024 yilning yozida “Chelsi” bu oʻyinchini “Lester”dan 35,4 million yevroga transfer qildi va bir yildan keyin “Everton”ga 18,6 million yevro, yaʼni zarariga sotib yubordi.
Endi “Manchester Siti” nishoniga tushgan futbolchining transfer qiymati taxminan 46 million yevroni tashkil etishi mumkin.
Joriy Premier-liga mavsumida Dyusberi-Xoll 18 ta oʻyinda maydonga tushib, beshta gol va toʻrtta golli uzatma qayd etgan. Uning “Everton” bilan shartnomasi 2030 yilning yozigacha amal qiladi. Transfermarkt uning qiymatini 28 million yevro, deb baholagan.
Fikrlar