Kannavaro O‘zbekistonning Janubiy Koreyadan mag‘lubiyatidan so‘ng bayonot berdi

  • 07.10.2026 07:12
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro safarda o‘tkazilgan Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvidagi mag‘lubiyatdan so‘ng o‘yin haqida fikr bildirdi. Bu haqida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.

Uchrashuv Janubiy Koreya terma jamoasi foydasiga 2:0 hisobida yakunlandi. Bellashuvdan keyin italyalik mutaxassis matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘z shogirdlari o‘yini baholadi.

- Juda yaxshi o‘yin bo‘ldi. Albatta, natijadan qoniqmadik, lekin o‘yin sifati nuqtai nazaridan jamoamiz munosib harakat qildi. Futbolchilar oldiga Koreya terma jamoasiga imkonini boricha ko‘proq muammo yaratish vazifasini qo‘ygan edik. Ikkala taymda ham bir qator xavfli vaziyatlar yaratdik. Kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlarda hatto kichik detalllar ham yakuniy natijani hal qilib qo‘yishi mumkin, — dedi Kannavaro.

O‘zbekiston bosh murabbiyidan Janubiy Koreya terma jamoasi o‘yinining qaysi jihatlarini o‘z jamoasi o‘yinida qo‘llashga intilgani haqida ham so‘raldi.

- Eng avvalo, futbolchilardan maydonga ishonch bilan tushishni talab qildim. Bilamizki, bunday darajadagi o‘yinni Respublika Koreyada o‘tkazish oson emas. 

G‘alaba bilan uyga qaytish uchun o‘ynining barcha tarkibiy qismlari yuqori saviyada bo‘lishi kerak edi. Bu, avvalo, yuqori sur’at, doimiy harakat va to‘pni nazorat qilishni anglatadi.

Amalda shu sifatlarning ayrimlarini ko‘rsata oldik. O‘yin davomida bir necha golli vaziyatlar yaratdik. Agar Koreya darvozasi tomon yo‘llangan aniq zarbalar sonini inobatga olsak, mening fikrimcha, ular faqat ikki marta haqiqatan xavfli vaziyat yarat a olishdi. 

Biz yaratgan epizodlarda esa raqib darvozaboni bir necha bor juda muhim qutqaruvlarni amalga oshirdi. Aynan shu omil biz yaratgan imkoniyatlarni golga aylantira olmaganimiz sabablaridan biri bo‘ldi.

Shu bilan birga, bu — futbol. Keyingi bosqichda jamoamizni yanada rivojlantirish va takomillashtirish yo‘llarini izlashda davom etamiz, — deya qo‘shimcha qildi italyalik mutaxassis.

Kannavaro shuningdek, jahon chempionatidan keyin O‘zbekiston terma jamoasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va yosh futbolchilar bilan ishlash haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

- Jamoaga tayinlanganimdan so‘ng jahon chempionati yakunlanguncha tarkibda keskin o‘zgarishlar qilmaslikka qaror qilgan edik. O‘sha davrda tub islohotlar o‘tkazishdan ko‘ra, avvalgi bosh murabbiy boshlab bergan ishni davom ettirish maqsadga muvofiq deb bildik. Chunki aynan shu jamoa jahon chempionatiga yo‘llanma olishdek muhim natijaga erishgan edi.

Jahon chempionatidan keyin jamoada muayyan o‘zgarishlarni boshladik. Xususan, yosh futbolchilarga ko‘proq imkoniyat berish yo‘lini tanladik. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi yoshlar futboli rivojiga katta e’tibor qaratmoqda va bu yo‘nalishga salmoqli mablag‘lar yo‘naltirilmoqda. Infratuzilma va zarur sharoitlar yaratilganini inobatga olgan holda, jamoadagi o‘zgarishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishni to‘g‘ri deb hisobladik.

Hozir bu jarayon izchil davom etyapti. Bugungi o‘yin ham yosh futbolchilarimiz uchun Respublika Koreya kabi kuchli raqibga qarshi maydonga tushib, qimmatli tajriba to‘plash imkonini berdi.

Oxir-oqibat eng muhim omil — futbolchilarning ruhiy tayyorgarligi va yuqori darajada o‘ynashga qaratilgan yagona futbol falsafasidir. Agar shu yo‘nalishda izchil harakat qilsak, qo‘yilgan maqsadlarga eta olishimizga ishonaman, — dedi Kannavaro.

Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi sentabr–oktyabr oylaridagi xalqaro o‘rtoqlik o‘yinlarini mag‘lubiyat bilan yakunladi. Avvalroq jamoa Eronni 3:1, Suriya ni esa 4:1 hisobida mag‘lub etgan edi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!