Messi "Inter Mayami" qarorgohini tark etadi
«Inter Mayami» hujumchisi Lionel Messi kelasi hafta Ispaniyaga yo‘l oladi. U yerda mashhur yulduz 2026 yil uchun sport sohasidagi yutuqlari uchun Asturiya malikasi mukofoti bilan taqdirlanadi, deb xabar bermoqda ESPN jurnalistlari.
Argentinalik yulduzning Oviedo shahriga safarini klub bosh murabbiyi Kristian «Kili» Gonsales tasdiqladi. Unga ko‘ra, taqdirlash marosimi yakunlangach, Messi jamoa ixtiyoriga qaytib, «Nyu-York Red Bulls»ga qarshi o‘yinda maydonga tushishi kutilmoqda.
«Jamoadagi hammaning fikri bir xil — Messi albatta u yerda bo‘lishi kerak. Chunki bu juda katta va nufuzli mukofot», — dedi Gonsales.
Murabbiyning ta’kidlashicha, Messining safar jadvali uni tashvishga solmayapti va bu holat futbolchining o‘yinlarga tayyorgarligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligiga ishonchi komil.
Lionel Messi ushbu mukofotga nafaqat futboldagi ulkan yutuqlari, balki xayriya faoliyati uchun ham munosib deb topilgan. Ta’kidlanishicha, mukofot sportchi yutuqlarinigina emas, balki bolalarga ta’lim olish va tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan ishlarini ham e’tirof etadi.

Fikrlar