PSJ va "Real" bilan toʻqnashuv oldidan "Barsa"da ikkita katta yoʻqotish
«Barselona» tarkibida to‘p surayotgan himoyachilar Erik Garsiya va Jyul’ Kunde jarohat oldi. Bu haqida ispan klubining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qilindi.
Kataloniya jamoasi shanba kuni La Liga doirasida safarda «Betis» ustidan 5:2 hisobida g‘alaba qozongan edi. Ushbu uchrashuvda Jyul’ Kunde maydonda to‘liq 90 daqiqa o‘ynadi, Erik Garsiya esa taymlar orasida zahiradan maydonga tushib, bir gol muallifiga aylandi.
Klub xabariga ko‘ra, birinchi jamoa himoyachisi Erik Garsiya o‘ng sonning to‘g‘ri mushagidan jarohat olgan. Dastlabki tashxisga binoan, uning safga qaytishi uchun taxminan uch-to‘rt hafta vaqt kerak bo‘ladi.
Yana bir himoyachi Jyul’ Kundeda esa chap to‘piq bog‘lamlarining cho‘zilishi aniqlandi. U PSJga qarshi bo‘ladigan navbatdagi o‘yinni o‘tkazib yuborishi ma’lum qilingan.
«Kundening jarohatdan tiklanish jarayoni qanday kechishiga qarab, uning yakshanba kuni «Real»ga qarshi o‘tadigan «El’-Klasiko»da maydonga tushish-tushmasligi hal bo‘ladi», — deyiladi kataloniyaliklar bayonotida.
«Barselona» 20 oktyabr kuni Chempionlar ligasining amaldagi g‘olibi, Fransiya chempioni «Pari Sen-Jermen» mehmoni bo‘ladi.
25 oktyabrda esa Hans-Diter Flik shogirdlari Ispaniya chempionati doirasida o‘z maydonida «Real»ni qabul qiladi.

Fikrlar