Sportchilarni "qon savdogarlari"dan qutqarish kerak!
Polshalik tajribali bokschi Mariush Vah (39-14, 20 KO) o‘tgan dam olish kunlarida MMA qoidalari asosida jang o‘tkazdi. Bu bellashuvda u bir vaqtning o‘zida olti nafar raqibga qarshi oktagonga tushdi. Biroq ushbu noodatiy jang boks olamida katta bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, mazkur bahsdan uch hafta oldin Vah sobiq jahon chempioni Tayson Fyuriga qarshi yetti raundlik bellashuv o‘tkazgani va o‘sha paytning o‘zida jangni davom ettirishdan bosh tortgani e’tirozlarni yanada kuchaytirdi.
Mazkur vaziyat yuzasidan dunyo boks jamoatchiligida katta nufuzga ega promouter Lu Dibella ham o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
"Ko‘plab sportchilar, jumladan Mariush Vahni qondan foyda ko‘ruvchi savdogarlardan ham himoya qilish kerak. Umuman olganda, bu odam Fyuriga qarshi ringga chiqmasligi kerak edi. Qolaversa, shundan uch hafta o‘tib, 1ga 6 jangda qatnashishi mutlaqo mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. U — charchagan, sport formasini yo‘qotgan, o‘rta yoshdan o‘tgan erkak. Boks va jang san’ati yana bir bor shuni ko‘rsatmoqdaki, bu sohada "quyi chegara" degan tushuncha yo‘q, xavf-xatarning ham haddi-bisoti belgilanmagan. Tomoshabinlar esa odob-axloq chegaralari qanday qilib tobora pastga tushayotganini befarqlik bilan kuzatishda davom etmoqda", — deya tanqid qildi Dibella.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, muayyan yoshdan keyin professional ring yoki oktagonda qolish masalasi hazil yoki shou emas, balki jiddiy sog‘liq va xavfsizlik muammosiga aylanadi.

Internetda tarqalgan videolarda Mariush Vahning 1ga 6 MMA jangida qattiq zarbalarga duch kelgani ko‘rinib turibdi.

Fikrlar