Европалик агент Ҳусановга қўшиб, Файзуллаев номини ҳам ёзиб олди
O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘zi uchun debut jahon chempionatida dastlabki ikki uchrashuvni jahon futbolida yetakchi o‘rinlarda turadigan Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi.
Fabio Kannaro shogirdlari har ikki uchrashuvda ham imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, milliy terma jamoamiz tarkibidagi ayrim o‘yinchilarning iqtidori va salohiyati xorijlik ekspertlar, mutaxassis, skautlar va murabbiylar nazariga tushdi.
Xususan, portugaliyalik futbol agenti Paulu Barboza anchadan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasiga e’tibor qaratib kelmoqda. Taniqli ekspert O‘zbekiston va Portugaliya terma jamoalari o‘rtasidagi bahsni ham kuzatib, tahlil qildi.
Uchrashuvdan keyin Paulu Barboza o‘zini hayratga solgan va qiziqtirib qo‘ygan ikki nafar o‘zbek futbolchisi iste’dodini alohida tilga oldi.
- O‘zbekiston terma jamoasi safida meni Abduqodir Husanov juda hayratga soldi. Portugaliyaga qarshi o‘tkazilgan bahsda butun jamoaning o‘yini yurishmadi.
O‘zbekiston birinchi uchrashuvda Kolumbiyaga qarshi bahsdagidek harakat va dinamikanı ko‘rsata olmadi.
Yana bir futbolchi — Abbosbek Fayzullaev men uchun kutilmagan darajada qiziq o‘yin namoyish etdi. Qolaversa, Abduqodir Husanov kelajakda Angliya premyer-ligasining eng kuchli himoyachilaridan biriga aylanadi. Buning uchun unda barcha sifatlar bor, u yuqori darajali futbolchi, — dedi Paulu Barboza.
2025-2026 yilgi mavsumda Abduqodir Husanov "Manchester Siti" tarkibida barcha musobaqalar doirasida 37 ta o‘yinda maydonga tushdi, Angliya kubogi va Angliya ligasi kubogi musobaqalarida bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. 22 yoshli markaziy himoyachining Manchester klubi bilan tuzgan shartnomasi 2029 yilning 30 iyunigacha amal qiladi. Transfermarkt portali Husanovning transfer qiymatini 50 million evroga ko‘tardi.
Abbosbek Fayzullaev Rossiyadagi muvaffaqiyatli faoliyatidan keyin o‘tgan mavsumni Turkiyaning "Istanbul Boshakshehir" klubida o‘tkazdi. 22 yoshli hujumkor futbolchi turk klubi safida barcha turnirlarda 26 marotaba maydonga tushdi, to‘rtta gol va yettita assist qayd etdi. Uning Transfermarkt portalidagi narxi bugungi kunda 7 million evroni tashkil qilayapti.

Fikrlar